Mamlakat diplomatik vakolatxonasi ma’lumotiga ko‘ra, Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vaziri o‘rinbosari Li Xoxyon bilan muloqotda O‘zbekiston – Koreya Respublikasi nodir metallar ilmiy-texnologik markazi ilmiy ishlanmalarini tijoratlashtirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Litiy, volfram, molibden, noyob tuproq metallari va istiqbolli uran konlarida ularni o‘zlashtirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida Janubiy Koreya kompaniyalari bilan birgalikda geologik tadqiqotlar o‘tkazish uchun Koreya Respublikasi moliyaviy va texnik ko‘magini jalb etish masalasi ham muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Janubiy Koreyaning KIGAM instituti va Koreya konlarni va mineral resurslarni qayta tiklash korporatsiyasi (KOMIR) bilan geologik resurslar va georisklar bo‘yicha geoaxborot ma’lumotlarini boshqarishning zamonaviy tizimini yaratish bo‘yicha grant loyihasi natijalari tahlil qilindi. 2025 yilga mo‘ljallangan rejalar, jumladan, muhim mineral resurslarga ega istiqbolli hududlarni birgalikda qidirish va ularni o‘zlashtirish uchun investorlarni jalb qilish bo‘yicha rejalar kelishib olindi.
Janubiy Koreya kompaniyalari bilan o‘tkazilgan ikki tomonlama muzokaralarda O‘zbekistonda yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Xususan, NEW&NEW kompaniyasi bilan birgalikda kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish, Kumho P&B Chemicals va Lotte Chemical kompaniyalari bilan bilan kimyo mahsulotlari, KCC Corporation bilan qurilish materiallari ishlab chiqarish, EcoBio bilan chiqindilarni qayta ishlash majmuasini qurish, shuningdek, Shindong Resources bilan "Sautbay" volfram konini o‘zlashtirish imkoniyatlari xususida fikr almashildi.
Janubiy Koreyaning Kimyoviy menejment assotsiatsiyasi bilan mamlakat sanoat salohiyati bilan tanishish uchun yirik kimyo kompaniyalari vakillarining O‘zbekistonga safarini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha Koreya Respublikasi Geologlar jamiyati bilan geologiya sohasida kadrlar tayyorlash yo‘nalishida hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolandi. Shuningdek, Toshkent shahrida yetkazib berish zanjirlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qo‘shma yuqori darajadagi muloqot o‘tkazish hamda muhim foydali qazilmalar sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq tadbirlar, yangi loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish mexanizmlari bo‘yicha "yo‘l xaritasi" imzolandi.