Andijonda shahvoniy shilqimlik qilgan erkak ishini prokuratura o‘rganmoqda, muddatli harbiy xizmatga chaqiruv e’lon qilindi, ishlab chiqarilishi qisqargan gaz va neft — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
13 yoshli qizga shahvoniy taklif bergan er-xotin
Andijon viloyati prokuraturasi Asaka tumanida 13 yoshli qizning qo‘shnisi tomonidan shahvoniy shilqimlikka uchragani bo‘yicha ma’muriy qarorni qayta o‘rganmoqda.
Kun.uz xabariga ko‘ra, avvalroq IIB 13 yoshli qizga pul evaziga jinsiy aloqa taklif qilgan er-xotinga jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan va ma’muriy ish doirasida sud erga – 5 sutka ma’muriy qamoq, xotiniga – 750 ming so‘m jarima tayinlagan.
Viloyat sudi ham dastlabki qarorni o‘z kuchida qoldirgan, biroq jamoatchilik va OAV e’tibori ortidan Bosh prokuratura ishni nazoratga oldi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, 38 yoshli qo‘shni erkak voyaga yetmagan qizga shunchaki shahvoniy shilqimlik qilmagan, qizning voyaga yetmaganini bila turib, 100 ming so‘m evaziga qizni jinsiy ehtiyojini qondirishga majbur qilishga uringan, xotini esa bu harakatni qo‘llab-quvvatlagan. Qiz bu vaziyatdan qo‘rqib, uydan qochib chiqqan. Sud jarayonida er-xotin aybini tan olgan.
Hozirda prokuratura sud hujjatlarini qayta o‘rganmoqda.
Armiya zamonaviy qurol-yarog‘ bilan ta’minlanadi
Kecha prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Prezident armiyaning jangovar salohiyatini oshirish, shaxsiy tarkibning ma’naviy-ruhiy holatini mustahkamlash va mudofaa sanoati korxonalarini rivojlantirish ishini davom ettirish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, jangovar va tezkor tayyorgarlik tadbirlarini kuchaytirish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash va muhandis-texnik tarkibni professional o‘qitish tizimini takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida prezident Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Harbiy sohaga oid yana bir xabar: prezident qaroriga muvofiq 2025 yil mart-aprel oylarida O‘zbekiston fuqarolari muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi. Chaqirilish muddatini kechiktirish yoki undan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan yoshlar armiya safiga jalb etiladi.
Harbiy xizmatga yaroqli, shu jumladan, cheklovlar bilan yaroqli bo‘lgan, ammo ushbu chaqiruv davrida armiyaga jalb etilmaydigan shaxslar safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qabul qilinadi.
5,2 mln aholi bandligi ta’minlanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tgan, aholi bandligini ta’minlash va investitsiya jalb qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda 5,2 mln aholini ish bilan ta’minlash, 1,5 mln kishini kambag‘allikdan chiqarish, 42 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb qilish va eksportni 30 mlrd dollardan oshirish rejasi muhokama qilindi.
Yanvar oyida 277 ming kishi ishli bo‘lgan, shundan 91 ming nafari doimiy ishga joylashgan, 153 ming kishi tadbirkorlikka jalb qilingan.
Kambag‘allikni qisqartirish uchun 32 ta yo‘nalishda yangi yondashuvlar joriy etilmoqda.
Bu yil 14 mlrd dollarlik 8 mingta loyiha amalga oshirilishi va 272 mingta doimiy ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Yanvar oyida O‘zbekistonga 3 mlrd dollar xorijiy investitsiya kirib keldi, fevralda ham shuncha sarmoya jalb qilinishi kutilmoqda.
Gaz va neft ishlab chiqarish kamaydi
2024 yilda O‘zbekistonda gaz qazib olish 4,5 foizga, neft 8,5 foizga, benzin ishlab chiqarish 3,8 foizga qisqardi. Shu bilan birga ko‘mir qazib olish 26,2 foizga, elektr energiyasi ishlab chiqarish 4,6 foizga oshgan.
Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda gaz qazib olish hajmi 44,59 mlrd kub metrni tashkil etgan, bu 2023 yilga nisbatan 2,1 mlrd kub metrga kam. Oxirgi yetti yilda gaz qazib olish qariyb 28 foizga, ya’ni 17 mlrd kub metrga pasaygan.
Neft qazib olish 779 ming tonnadan 713 ming tonnaga tushgan, dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 1 mln 12 ming tonnadan 949 ming tonnaga kamaygan. Shu bilan birga, gaz kondensati ishlab chiqarish 1,198 mln tonnadan 1,214 mln tonnaga oshgan.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish 81,28 mlrd kWhʼga yetgan. Umumiy hajm oshgan bo‘lsa-da, yirik korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 8 foizga kamaygan.
Toshkent bozorlarida patta narxlari oshadi
Toshkent shahar hokimligi bozorlarda savdo o‘rinlari uchun bir martalik yig‘im va ijara to‘lovlarini oshirishni rejalashtirmoqda. Yangi tartib loyihasi e’lon qilindi, unga ko‘ra ayrim qishloq xo‘jaligi mahsulotlar savdosi kunlik patta narxlari o‘rtacha 20-30 foizga qimmatlashadi.
Qaror hali rasman tasdiqlanmagan.
Xalqaro kurerlik jo‘natmalari uchun yig‘im
Hukumat qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda xalqaro kurerlik jo‘natmalari uchun 1 kilo yuk hisobiga Bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi (7500 so‘m) miqdorida yig‘im belgilanadi.
Qaror mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida qabul qilingan va bojxona yig‘imlarini xalqaro talablarga muvofiqlashtirishni ko‘zlaydi.
Eslatib o‘tamiz, hozir O‘zbekistonda bir kalendar chorak davomida 1000 dollargacha bo‘lgan kurerlik jo‘natmalari uchun boj olinmaydigan tartib amal qiladi.