Tramp Meksika uchun qo‘shimcha bojlarni bir oyga to‘xtatishga qaror qildi

Jahon 21:57 / 03.02.2025 944

AQSh prezidenti Donald Tramp Meksika tovarlariga 25 foizlik boj joriy qilish haqidagi qarorini 1 oyga kechiktiradigan bo‘ldi. Bu haqda Meksika prezidenti Klaudia Sheynbaum ijtimoiy tarmoqda xabar berdi.

Tramp 3 fevral kuni Sheynbaum bilan telefon orqali suhbatlashib, shu qarorga kelgan. Boj haqidagi qaror 4 fevraldan kuchga kirishi lozim edi.

Qayd qilinishicha, Sheynbaum va Tramp o‘rtasida erishilgan kelishuv bir necha banddan iborat. Birinchidan, Meksika shimoliy chegarasida AQSh hududiga giyohvand moddalar, xususan fentanilning noqonuniy oqimining oldini olish uchun zudlik bilan xavfsizlikni 10 ming harbiy bilan kuchaytiradi. Qo‘shma Shtatlar, o‘z navbatida, Meksikaga noqonuniy qurol jo‘natilishini to‘xtatish majburiyatini oladi.

1 fevral kuni Tramp Meksika va Kanadadan import qilinadigan tovarlarga 25 foizlik, Xitoydan olib kiriladigan mahsulotlarga esa 10 foizlik boj joriy etish haqidagi farmonni imzoladi.

2 fevral kuni Kanada AQSh tovarlariga 25 foizlik boj joriy etayotgani ma’lum bo‘ldi. Meksika prezidenti ham javob choralarini ko‘rishga topshiriq bergan edi.

Ko‘proq yangiliklar: