Andijonda 13 yoshli qo‘shni qizga shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamaldi

Jamiyat 17:22 / 03.02.2025 26642

Asaka tumanida voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilgan erkak va bu ishda vositachilik qilgan uning turmush o‘rtog‘i ma’muriy jazoga tortildi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.

Sud qarorida keltirilishicha, holat 2024 yilning 9 noyabr kuni Asaka tumanining Yuksalish mahallasida bo‘lgan. 1987 yilda tug‘ilgan B.A. o‘z yashash xonadonida voyaga yetmagan qizdan jinsiy extiyojini qondirib qo‘yishini so‘ragan. Erkak qizga buning uchun 100 ming so‘m taklif qilgan.

B.A.ning turmush o‘rtog‘i, 1992 yilda tug‘ilgan T.Yu. esa voyaga yetmagan 13 yoshli qo‘shni qizdan turmush o‘rtog‘i B.A.ning jinsiy extiyojini qondirib qo‘yishini so‘rab, buning uchun unga 50 ming so‘m berishini aytgan. Qiz ularning bu harakatidan qo‘rqib, uydan qochib chiqib ketgan.

B.A. sudda aybiga iqrorlik bildirgan hamda turmush o‘rtog‘idan voyaga yetmagan qo‘shni qizni o‘zining jinsiy extiyojini qondirib qo‘yishi uchun yashash xonadoniga olib chiqishini so‘raganini, so‘ngra o‘zi uxlab qolganini bildirgan.

T.Yu. ham sudda aybiga iqrorlik bildirgan.

2024 yil 9 noyabr kuni turmush o‘rtog‘im mendan jinsiy extiyojini qondirib qo‘yishi uchun qo‘shnimni olib chiqishni so‘radi. Ammo men voyaga yetmagan qo‘shni qizni uyga olib kirib, agar turmush o‘rtog‘imning jinsiy extiyojini qondirib qo‘ysa, 50 ming so‘m berishimni aytdim. Qilmishimdan pushaymonman”, degan ayol sudda.

Jabrlanuvchining qonuniy vakili huquqbuzarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tumani sudining qarori bilan B.A. hamda T.Yu. MJtKning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. B.A.ga 5 sutka ma’muriy qamoq, T.Yu.ga esa BHMning 2 baravari miqdorida (750 ming so‘m) jarima jazosi tayinlangan.

Ko‘proq yangiliklar: