Jahon | 14:04 / 03.02.2025
31280
12 daqiqa o‘qiladi

Almashib qolgan qora tanli bola yoki ikki kishining umriga zomin bo‘lgan oshiq ayol

1970-yillar boshlarida Rossiyadagi shaharlarning birida qora tanli bola tug‘iladi. Ayol Afrikaga bormagan, hatto umrida qora tanli odamlar bilan muloqot qilmagandi. Biroq er unga ishonmaydi. Bu orada avval ayolning joniga qasd qilinadi, biroq u tirik qoladi. So‘ng ayolga doyalik qilgan vrach va akusher o‘ldirib ketiladi.

1970-yillar boshlarida Rossiyaning Kaluga shahrida sodir bo‘lgan jinoyat ittifoq davrida katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. O‘shanda o‘zining haydovchisini sevib qolgan ayol qotil yollab ikki kishining umriga zomin bo‘ladi.

Barchasi 1971 yilda Kaluga shahrida joylashgan tug‘uruqxonadagi g‘alati ishdan boshlanadi. Shu shaharda yashovchi Marinaning oy-kuni yaqinlashadi va tug‘uruqxonaga yotqiziladi. Bir necha kundan so‘ng uning ko‘zi yoriydi.

Ayol tug‘uruq paytida hushidan ketadi va bolasini ko‘ra olmaydi. Marina hushiga kelganda vrach va akusher ayol uning qo‘liga qora tanli chaqaloqni tutqazadi.

Xotini qora tanli chaqaloq tug‘ganini eshitgan Igor ham hayron qoladi va Marinadan shubhalanadi. Biroq ayol Afrikaga bormagan, hatto umrida qora tanli odamga duch kelmagan edi. Ammo Igor xotinidan shubhalanishda davom etadi.

Bu ishdan eng ko‘p ajablangan odam Marinaning o‘zi edi. Chunki u eriga xiyonat qilmagan, shu sababli bolasi nega qora tanli bo‘lib tug‘ilganiga aqli bovar qilmasdi.

Tug‘uruqxonadagi vrach unga qandaydir gen haqida gapiradi. Unga ko‘ra agar Marina yoki erining ajdodlari orasida qora tanlilar o‘tgan bo‘lsa, gen tufayli ularning bolasi ham qora tanli bo‘lib tug‘ilishi mumkin.

Ayol vrachning gapiga ishonadi. Boshqa tarafdan esa sap-sariq tusda bo‘lgan Igor va Marina o‘z ajdodlari orasida qora tanlilar bo‘lganiga aqli bovar qilmaydi.

Foto: dzen.ru

Marinaga hujum

Kunlar shu taxlit shubhalar ostida o‘tar ekan, Igor bunga chiday olmaydi va arazlab ota-onasining oldiga ketib qoladi. Er va xotin alohida yashay boshlashadi.

Marina Kaluga ko‘chalarida bolasini aravachaga solib sayr qilib yurar ekan, boshqa ayollar unga g‘alati qarashardi. Chunki o‘sha paytda sovet jamiyatida bu ish noyob hisoblanardi.

Kunlarning birida Marina qora tanli bolasi bilan uyda ko‘rinmay qoladi. Qo‘shnilar ayol qarindoshlaridan birinikiga ketgan deb taxmin qilishadi.

Ammo ko‘p o‘tmay uni shahardagi binolardan birining ko‘cha tomondagi zinasi ostida yiqilib, hushsiz yotgan holatda topib olishadi. Yonida aravachada bolasi bor edi.

Marinani darhol shifoxonaga olib borishadi. Uning ahvoli og‘ir bo‘lgani uchun darhol jonlantirish bo‘limiga olinadi. Marinani bolasi bilan sayr qilib yurganida ehtiyotsizlik tufayli zinadan pastga tushib ketgan deb taxmin qilishadi.

Vrachlar shifoxonada ayolni muolaja qilayotganda militsiyaga Marina yiqilgan joyda yashovchi bir ayol qo‘ng‘iroq qiladi. U Marina ehtiyotsizlik oqibatida yiqilmaganini, uni mototsikl minib kelgan bir erkak chuqur zinaga itarib yuborib, qochib ketganini aytadi.

Foto: dzen.ru

Militsiya darhol mototsikl minib kelgan shaxsga qidiruv e’lon qiladi. Birinchi gumondor Marinaning eri Igor bo‘ladi. Chunki unda ham mototsikl bor edi. Buning ustiga, ayol qora tanli bola tug‘ganida Igor xotiniga xiyonatni tan olishini aytib, bir necha bor tahdid qilgandi.

Militsiya Igorni hibsga olishga qaror qiladi. O‘shanda uni ushlash uchun ketishayotganda mototsikl mingan erkak qora tanli odamga hujum qilgani haqida xabar kelib tushadi.

Militsiyada Igor xotinini o‘sha qora tanli shaxs bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan deb har ikkalasiga hujum qilyapti degan taxmin paydo bo‘ladi. Hodisa joyiga yetib borishganda gumonlar tasdiqlanadi. Qora tanli odamga hujum qilgan shaxs Igor edi. Militsiya darhol uni hibsga oladi.

Militsiya bo‘limida o‘tkazilgan so‘roqda Igor xotiniga suiqasd qilmaganini va uni chuqurga itarib yubormaganini aytadi. Qora tanli kishiga uyushtirilgan hujumni esa xotini qora tanli chaqaloq tug‘ganidan so‘ng kuchli stressda yurgani bilan izohlaydi. Igorni hibsda qoldirishadi.

Ertasi kuni Igorning ishdagi rahbari bo‘lgan ayol Natalya Rudinskaya militsiya bo‘limiga keladi. Bu ayol Kaluga obkomida ishlar, Igor unga haydovchilik qilardi. U Marina zinadan pastga itarib yuborilganda yigit ishxonada bo‘lgani haqida guvohlik beradi.

Biroq militsiya Igorni ozod qilishga shoshilmaydi va surishtiruvni davom ettiradi. Militsiya hujumga uchragan qora tanli shaxs Fransiya fuqarosi ekanini, u Kalugada shartnoma asosida ishlab kelayotganini aniqlaydi.

Foto: dzen.ru

Qora tanli shaxs Marina bilan sodir bo‘lgan ish haqida ishxonasida eshitgan bo‘lib chiqadi. Fransiyalik erkak ayolni eri tashlab ketganini bilib, o‘sha kuni unga yordam berish maqsadida Marinaning uyi tomonga boradi.

Biroq ayol uning yordamini rad etadi. Erkak ortga qaytayotganida Igor ko‘rib qoladi va undan o‘ch olishga qaror qiladi. Bir necha kundan so‘ng Igor qora tanli erkakka hujum qiladi. Shundan so‘ng militsiya uni ishga aloqasi yo‘q deb topadi.

Igorning aybsizligi, vrach va akusherning o‘ldirilishi

Bu orada Marina shifoxonada hushiga keladi va o‘zini zinadan itarib yuborgan odam maxsus bosh kiyimda bo‘lgani uchun taniy olmaganini, biroq uning gavdasi eri Igornikidan farq qilishini aytadi. Demak, mototsiklda borib ayolni chuqurga itarib yuborgan uning eri emas. Igor hech qayerga ketmaslik sharti bilan qo‘yib yuboriladi.

Ko‘p o‘tmay Marina shifoxonadan chiqadi. Igor uning oldiga qaytadi va er-xotin maslahatlashib, ajrashishga qaror qilishadi. Undan avval esa o‘zaro kelishib, bolaning otasini aniqlash maqsadida analiz topshirishadi. So‘nggi paytlarda Marina chaqaloqni tug‘uruqxonada almashtirib qo‘yishgan degan gumonga bora boshlagandi.

O‘sha kunlarda tug‘uruqxonada Marinaga doyalik qilgan vrach Yevgeniy Barishnikov shubhali tarzda o‘ldirib ketiladi. Uni yuk mashinasi bosib ketgan edi. Surishtiruvlarda tashkilotlardan biriga qarashli yuk mashinasini garajdan o‘g‘irlab olib chiqishgani, haydovchining bundan xabari bo‘lmagani aniqlanadi.

Natalya Rudinskaya
Foto: dzen.ru

Shundan so‘ng militsiya jinoyat tuguni tug‘uruqxonada ekaniga amin bo‘lib, Barishnikovga yordam bergan akusher Irina Sonichevani so‘roq qiladi. U bola haqiqatan Marinaniki ekanini aytib turib oladi. Ammo ertasi kuni Irinani ham ishxonasida o‘ldirib ketishadi.

Tug‘uruqxonadagilar so‘roq qilinganda xodimlardan biri Irinaning oldiga amaliyotchi formasida bo‘lgan yoshi kattaroq odam kirib chiqqanini aytadi.

Bu orada Igor va Marina topshirgan analizning javoblari chiqadi. Hujjatda qora tanli bolaning ota-onasi Igor va Marina emasligi yozilgandi. Demak bolani tug‘uruqxonada almashtirib qo‘yishgan. Lekin nega?

Jinoyatchining topilishi

Ikkita qotillikdan so‘ng militsiya jiddiy tortadi va surishtiruv hamda qidiruv ishlarini kuchaytiradi. Eng avval Irinaning oldiga kirib chiqqan “amaliyotchi”ni topish kerak edi.

Militsiya Kaluga va uning atrofida yashovchi ashaddiy jinoyatchilarning fotosuratlarini tug‘uruqxonadagilarga birma bir ko‘rsatib chiqadi. “Amaliyotchi”ni ko‘rgan xodim uni rasmlar orasidan topib beradi. Bu xavfli retsividist Fedor Shapoval edi.

Fedor Shapoval
Foto: dzen.ru

Shapoval dastlabki so‘roqdanoq o‘zini Igorning boshlig‘i bo‘lgan ayol Natalya Rudinskaya yollaganini aytadi. Xo‘sh, bu ayolga vrach va akusherni o‘ldirish nega kerak bo‘lgandi?

Ma’lum bo‘lishicha, ayol o‘z haydovchisi Igorni sevib qolgan. Biroq erkakning uylangan ekani ayolning yo‘liga g‘ov bo‘lgan. U Igorga suykalib bir necha marotaba xotini bilan ajrashib, o‘ziga uylanishiga shama qilgan. Biroq yigit ayolning gaplarini e’tiborsiz qoldirgan.

Marina homilador bo‘lganini eshitib Irina ayoldan o‘ch olishga qaror qiladi. U Igorning bolasini o‘ziga olib, tug‘ruqxonaga tashlab ketilgan bolani uning o‘rniga qo‘yish rejasini tuzadi.

Biroq aynan Marinaning ko‘zi yorigan paytda kasalxonada kimdir tashlab ketgan qora tanli bola bor edi. Vrach bilan til biriktirgan Natalya Marina tuqqan bolani olib qolib, o‘rniga o‘sha qora tanli bolani qo‘yadi. U shu yo‘l bilan Marina xiyonatda ayblanishini va Igor uni tashlab ketishini mo‘ljallangandi.

Foto: dzen.ru

Biroq vaziyat u kutganday bo‘lmagach Rudinskaya Marinani o‘ldirishga va shu yo‘l bilan Igordan ham javobsiz sevgi uchun qasos olishga qaror qiladi. Ayol bu ishni aynan Barishnikovga topshiradi. Vrach avvaliga ko‘nmaydi. Shunda Rudinskaya unga chaqaloqlarni almashtirgani uchun qamatib yuborish bilan tahdid qiladi. Chorasiz qolgan Barishnikov mototsiklda kelib ayolni zinadan itarib yuboradi.

Vrach Marinaning joniga qasd qilish uchun bekorga mototsiklda bormagandi. Rudinskaya barcha Marinani Igor itarib yuborgan deb o‘ylasin deb vrachga shunday qilishni buyurgandi. Marina tirik qolgach ishlar chigallashadi.

Militsiya tug‘uruqxonaga borib vrachni so‘roqqa tutadi. Shunda Barishnikov vahimaga tushadi va Natalyaga militsiyaga borib barchasini tan olmoqchi ekanini aytadi. Shundan so‘ng Natalya xavfli retsividistni yollab, avval vrachni, so‘ng unga yordam bergan akusherni o‘ldiradi.

Ëllanma qotilning ko‘rsatmasidan so‘ng militsiya darhol Natalya Rudinskayani ham hibsga oladi. Ayol avvaliga o‘z qilmishlarini tan olmaydi. Biroq Shapoval bilan yuzlashtirilgandan so‘ng barchasini aytib beradi.

Tergov tugagach ish sudga oshiriladi. Sud Natalya Rudinskayaga 7 yil qamoq jazosini beradi. Unga yollangan xavfli retsividist Shapoval esa o‘lim jazosini oladi va ko‘p o‘tmay hukm ijro etiladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid