O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
HAMAS 8 kishini garovdan ozod qildi
HAMAS isroillik 20 yoshli askar Agam Berger va garovda ushlab turilgan yana yetti kishini ozod qildi. Ularning ikki nafari Isroil fuqarosi va yana besh nafar xorijlik bor. Berger 2023 yilning 7 oktyabridan beri asirlikda edi.
Javob tariqasida Isroil 110 falastinlik mahbusni ozod qildi. Bu G‘azodagi vaqtinchalik otishmalarni to‘xtatish bitimi doirasida amalga oshirilayotgan uchinchi almashinuvdir.
Xalqaro Qizil Xoch tashkilotining avtobuslari ularni Ofer qamoqxonasidan olib chiqib, Ramalloh yaqinidagi Baytuniyaga yo‘l oldi. Ozod etilganlarni qarindoshlari va mahalliy aholi qizg‘in qarshi oldi.
Biroq Isroil boshqa bir guruh mahbuslarni ozod qilishni bekor qildi. Ta’kidlanishicha, bu qaror HAMAS ozod qilingan isroilliklar va tailandlik fuqarolarni Xon Yunusdagi vayronaga aylangan uy oldida qabul qilgani uchun javob chorasi sifatida qabul qilingan.
30 yanvar kuni garovdagi Isroil fuqarolari Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasiga topshirilayotganda ularni olomon qurshab olgan. Isroil tomoni Qatar va Misrdagi vositachilar bilan bog‘lanib, bundan norozi ekanini bildirgan.
HAMAS G‘azodagi vayronalarni dunyoga ko‘rsatmoqda
HAMAS va «Islomiy jihod» G‘azodagi qirg‘in va vayronagarchilikni butun dunyoga ko‘rsatishga harakat qilmoqda. Bu haqda Yaqin Sharq bo‘yicha tadqiqotchi Beverli Milton-Edvards, «Al-Jazira» telekanaliga bildirdi.
Unga ko‘ra, garovdagilarni ozod qilish uchun Jabaliya qochqinlar lageri tanlangani ramziy ahamiyatga ega. Chunki bu hudud yaqinda Isroil bombardimonlari natijasida yer bilan yakson qilindi.
«Bir necha kun oldin ham bu yerga hech kim kira olmas edi. Bu hududda o‘n minglab falastinliklar yashagan, ammo bugun u yo‘q», — degan Milton-Edvards.
Gazodagi sulh kelishuvining keyingi bosqichi murakkablashmoqda. Isroil HAMAS to‘liq yo‘q qilinishini talab qilmoqda. Guruh esa garovda ushlab turilganlarning qolganlari ozod qilinishi uchun urush to‘xtatilishi va isroillik harbiylarning G‘azodan chiqishini talab qilmoqda. Agar kelishuv amalga oshmasa, mart oyida jangovar harakatlar qayta boshlanishi mumkin.
HAMASga oid yana bir xabar: «Izzaddin al-Qassam» brigadasi tashkilot yetakchisi Muhammad ad-Deyfning o‘ldirilganini tasdiqladi. HAMASning harbiy qanoti bo‘lgan mazkur brigada matbuot kotibi Abu Ubayda Deyfdan tashqari brigadaning harbiy kengashi a’zolari Marvan Isso, G‘oziy Abu Tamah, Roid Tabit, Rofe’ Saloma, Ahmad al-G‘andur va Aymon Naufal ham o‘ldirilganini aytgan.
Isroil armiyasi Muhammad ad-Deyf 2024 yilning 1 avgustida o‘ldirilganini xabar bergan edi.
Vashingtondagi aviahalokat
AQSh poytaxti Vashingtonning Ronald Reygan nomidagi xalqaro aeroportida yirik aviahalokat yuz berdi – American Airlines yo‘lovchi samolyoti AQSh armiyasining UH-60 Black Hawk harbiy vertolyoti bilan to‘qnashib aeroport yaqinidagi Potomak daryosiga quladi.
Reuters xabariga ko‘ra, samolyot bortida 64 kishi, jumladan, 60 yo‘lovchi va 4 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Vertolyotda esa uch nafar harbiy uchuvchi bo‘lgan.
Shahar politsiyasi daryodan «ko‘plab jasadlar» topilganini tasdiqladi, ammo hali tirik qolganlar aniqlanmagan. CNN ma’lumotiga ko‘ra, kechki soat 23:30 ga kelib qutqaruvchilar halok bo‘lganlardan 18 nafarining shaxsini aniqlagan.
Katastrofa mahalliy vaqt bilan soat 21:47 da sodir bo‘lgan. Kennedi markazi oldida olingan videoyozuvda havoda kuchli portlash aks etgan.
Aviahalokat qurbonlari orasida 1994 yilgi figurali uchish bo‘yicha jahon chempionlari rossiyalik Yevgeniya Shishkova va Vadim Naumov ham bo‘lishi mumkin. Reuters agentligining TASSga tayanib xabar berishicha, ularning o‘g‘li Maksim ham AQShdagi chempionatda ishtirok etayotgan va samolyot bortida bo‘lgan bo‘lishi ehtimoli bor. Hozircha rasmiylar halok bo‘lganlar ro‘yxatini e’lon qilganicha yo‘q.
AQSh prezidenti Donald Tramp aviahalokatga munosabat bildirib, uning oldini olish mumkin bo‘lganini ta’kidladi.
«Nega dispetcherlik xizmati vertolyotdan qarshisidagi samolyotni ko‘rgan-ko‘rmaganini so‘ragan, uning o‘rniga vertolyotga aniq yo‘riqnoma berishlari kerak emasmidi? Bu juda yomon vaziyat», — deb yozdi Tramp.
Shvetsiyada Qur’on yoqqan islomofob o‘ldirildi
Shvetsiyada Qur’onni haqoratlab yoqish aksiyalari bilan tanilgan iroqlik Salvon Momika o‘ldirildi. Daily Mail gazetasining xabar berishicha, 38 yoshli Momika Syodertelyye shahrida, TikTok’da jonli efir olib borayotgan paytida otib ketilgan.
Shvetsiya mediasi tarqatgan videofragmentda politsiya xodimlari uning telefonini olib, translatsiyani to‘xtatgani aks etgan.
Momika Iroqdan kelgan muhojir bo‘lib, Islom diniga qarshi ko‘plab provokatsion harakatlari bilan tanilgan edi. U jamoat joylarida Qur’onni yoqib, musulmonlarga nisbatan haqoratli bayonotlar bergan. Uning harakatlari nafaqat musulmonlar, balki Shvetsiya jamoatchiligi tomonidan ham qattiq tanqid qilingan.
1 fevral kuni Stokholm sudi unga nisbatan «millatlararo nizo qo‘zg‘ash» aybi bo‘yicha ish yuritishi kerak edi. Ammo sud qarori chiqarilishi oldidan u o‘ldirildi. Shved politsiyasi voqea yuzasidan tergov boshlagan.
Tramp uchun uchinchi muddat Kongress muhokamasida
Donald Trampning uchinchi marta saylovda qatnashish imkoni bo‘lishi uchun Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish taklifi ilgari surildi. Kongress a’zosi Endi Ogls tomonidan taqdim etilgan ushbu qonun loyihasi Trampning ikkinchi prezidentlik muddati boshlanganidan atigi to‘rt kun o‘tib kun tartibiga chiqdi.
Amerikalik yetakchilar an’anaviy ravishda ikki muddatdan ko‘p lavozimda qolmagan. Birinchi prezident Jorj Vashington buni davlat an’anasiga aylantirgan, faqat Franklin Ruzvelt bu qoidani buzib, Ikkinchi jahon urushi davrida to‘rt marta ketma-ket saylangan. Bu holatdan so‘ng, Kongress mamlakat konstitutsiyasiga 22-chi tuzatishni qabul qilib, prezidentlik muddatini ikki muddat bilan chekladi.
Ogls Trampni Amerika tarixidagi «eng muhim yetakchi» deb atab, uning uchinchi marta saylanish imkoniyati bo‘lishi kerakligini bildirdi. Hozircha qonun loyihasi tasdiqlanishi ehtimoli kam, ammo bu Trampning muxlislari orasida qizg‘in muhokamalarni qo‘zg‘atgan.
Bu orada Donald Trampning reytinglari bahsli qarorlar ortidan tusha boshladi. Reuters/Ipsos so‘roviga ko‘ra, uning qo‘llab-quvvatlanish darajasi 47 foizdan 45 foizga pasaygan, norozilik esa 39 foizdan 46 foizga oshgan.
Meksika qo‘ltig‘i nomini «Amerika qo‘ltig‘i» deb o‘zgartirish qarori eng katta norozilikni keltirib chiqardi — bunga 70 foiz aholi qarshi. Shuningdek, AQSh hududida tug‘ilgan bolalarga fuqarolik berish qoidasini bekor qilish urinishiga 59 foiz so‘ralganlar qarshi chiqdi.
Trampning hamkori Ilon Maskka munosabatda ham partiyaviy farq kuzatildi: respublikachilarning 75 foizi uni qo‘llasa, demokratlarning 90 foizi unga salbiy qarashda.