Rossiya Davlat Dumasiga «chet el agentlari» deb e’lon qilingan shaxslarning huquqlarini yanada cheklovchi qonun loyihalari to‘plami kiritildi. Bu haqda xavfsizlik komissiyasi raisi, deputat Vasiliy Piskarev ma’lum qildi.
Qonun loyihalari mualliflari «Ta’lim to‘g‘risida»gi va «Xorijiy ta’sir ostidagi shaxslar faoliyatini nazorat qilish to‘g‘risida»gi qonunlarga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qilmoqda. Ular orasida davlat muassasalarida «chet el agentlari» dars berishini to‘liq taqiqlash ham bor (ilgari qonun «chet el agentlari»ga faqat bolalarga dars berishni taqiqlagan edi).
Bundan tashqari, qonun loyihasi matniga ko‘ra, Rossiya rasmiylari «chet el agentlari» deb e’lon qilgan ta’lim tashkilotlari litsenziyalaridan mahrum bo‘ladi. Bunday holda, notijorat tashkilotlarni «ijtimoiy yo‘naltirilgan» tashkilotlar reyestriga kiritish ham taqiqlanadi. Shuningdek, yangi tuzatishga muvofiq, «chet el agentlari» ijtimoiy yordam olish uchun ariza berish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Yana bir qonun loyihasi jarimalarni oshiradi. «Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunga rioya qilmaganlik uchun fuqarolarni 50 ming rublgacha (hozir 1 ming rublgacha), mansabdor shaxslarni 300 ming rublgacha (hozir 4 ming rublgacha) va yuridik shaxslarni 500 ming rublgacha jarimaga tortish taklif etiladi.
Tushuntirish xatida yangi cheklovlar zarurati «chet el agentlarining Rossiya jamiyatining eng muhim institutlariga buzg‘unchi ta’sirining kengayishi» va «ularning faoliyatini G‘arb davlatlaridan moliyalashtirishning ko‘payishi» bilan izohlangan. «Biz g‘arazli odamlarning ta’lim va ma’rifat sohasiga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hamma narsani qilamiz», deb yozdi Piskarev.
Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, «chet el agenti» deb e’tirof etilgan fuqarolar va tashkilotlar o‘z faoliyati va xarajatlari to‘g‘risida Adliya vazirligiga muntazam ravishda hisobot taqdim etishi, barcha maqolalarida, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda ham «chet el agenti» ekanini belgilab qo‘yishi shart.
2022 yil oxiridan boshlab Adliya vazirligi chet el agentlarining yagona reyestrini yuritib kelmoqda. 2025 yil yanvar oyi oxiri holatiga ko‘ra, unga 921 shaxs va tashkilot kiritilgan.