Bundestag migratsiyani cheklovchi taklifni qabul qildi, Shols g‘azabda

Jahon 20:04 1430

Nemis qonunchilari davlatda migratsiyani cheklovchi taklifni qabul qildi. Hujjat majburiy xarakterga ega bo‘lmasa-da, Bundestagdagilar hukumatni qattiq chegara nazoratini o‘rnatishga chaqirmoqda. Muxolif va 23 fevraldagi saylovda asosiy raqib partiya XDI ovoz berishda siyosiy an’anani buzib, o‘ta o‘ngchilar yordamini olgani esa qonunchilarni shokda qoldirdi.

Endi Germaniyadagi migrantlarga ham oson bo‘lmaydi. Federativ Respublika parlamenti migratsiyani cheklovchi, chegaradan turib boshpana so‘raganlarga qat’iy rad javobini beruvchi taklifni ma’qulladi. Gap shundaki, Bundestagdagi o‘ta o‘ngchilar Sholsga muxolif partiya Xristian demokratlarni qo‘llab, migratsiyaga qarshi taklifni ma’qulladi. Ular migratsiya qonun-qoidalarini kuchaytirish tarafdori. Xristian demokratlar ittifoqi partiyasi rahbari, Sholsning asosiy muxolifatchisi Fridrix Mers o‘ta o‘ngchilar – Germaniya uchun muqobil partiyasi yordamini qabul qilganini aytdi.

Shols partiyasi sotsial demokratlar va ularning ittifoqchisi yashillar esa ushbu taklifga qarshi chiqishdi. Kansler bunday qilmaslikka chaqirmoqda. Taklif Germaniyaning hamda Yevropa ittifoqining qochqinlar bo‘yicha qonunchiligiga to‘g‘ri kelmaydi, deydi Shols.

Mers «Yashillar» va Sholsni muzokaraga chaqirdi

Navbatdagi saylovlarda g‘olib bo‘lishi mumkin bo‘lgan asosiy nomzodlardan biri Fridrix Mers o‘ta o‘ngchilar - Germaniya uchun muqobil partiyasi yordamini qabul qilganidan afsusda, chunki nisbatan yangi va populistlar partiyasi ideologiyasi hozirgi nemis jamiyati uchun to‘la mos kelmaydi. Bundestagdagilar ushbu partiya a’zolarini ksenofob va fitnachilar deb hisoblaydi. Shuning uchun ham Mers yashillarni o‘zi tomonga og‘dirmoqchi, ularni muzokara va murosaga chaqirmoqda. 31 yanvar kuni Bundestagda yana bir marta bu taklif ovozga qo‘yiladi. Shundan oldin Mers Shols partiyasi va yashillarni qarorini qayta o‘ylab ko‘rishga chaqirib, birga muzokara o‘tkazishni taklif qildi.

Germaniya siyosiy maydonida an’ana buzildi

Kansler Sholsning sotsial-demokratik partiyasi konservatorlarni oxirgi taklifni qabul qilishdagi yuzsizligi uchun tanqid qildi, migratsiya masalasida o‘ta o‘ngchilar bilan bir tomonda turgani uchun partiyaning bu qarorini jiddiy qoraladi. Ovoz berish chog‘ida sotsial-demokratik partiya rahbari hayratda ekanini aytib, majlisni to‘xtatishni so‘radi. Germaniya siyosiy maydonida hozir bor partiyalar o‘ta o‘ngchilar bilan ishlamay, ularni koalitsiyaga ham qo‘shmay, o‘ziga xos xavfsizlik devorini paydo qilishgandi. Mersning partiyasi esa ana shu an’anani buzdi va afsusda ekanini ham ma’lum qildi.

O‘ta o‘ngchilar bayram qilmoqda

Germaniya uchun muqobil partiyasi populistlari esa buni g‘alabadek qabul qildi, partiya rahbari Elis Veydel internetdagi platformalarida bu Germaniya uchun tarixiy kundir, deb yozdi. Bundestagda o‘tirgan partiya a’zolari ovoz berishdan so‘ng, quvonchlarini yashirishmadi. Bu tarixiy lahzalardir, deyishdi. Partiyaning Bundestagdagi kotibi Bernd Baumann fikricha, an’anaviy koalitsiyalar davri tugadi. Yangi davrda biz boshqaramiz, deya qo‘shimcha qildi u. Migratsiya qonun-qoidalarini kuchaytirish taklifi esa Bundestagda 196 o‘ringa ega Xristian demokratlar ittifoqi va Xristian janubiy ittifoqi blokiga tegishli edi.

Xo‘sh, bu yog‘iga nima bo‘ladi? Gap shundaki, nemis qonunchilari hukumatni immigratsiyani cheklashga chaqiryapti. Hozir qabul qilingan taklif – majburiy xarakterda emas. Lekin bu davlatda migrantlarga qarshi kayfiyat kuchayayotganidan dalolat beradi. Taklif doimiy chegara nazoratini o‘rnatish, Germaniyani tark etishi kerak bo‘lganlarni zudlik bilan deportatsiya qilishni o‘z ichiga oladi. Boshqa Yevropa davlatlaridan Germaniyaga o‘tmoqchi bo‘lganlarga ham rad javobini berib, umuman qabul qilmaslik kerak. Taklif ijodkorlariga ko‘ra, ular allaqachon Yevropa hududida, ular himoyalangan. Ya’ni avval bir necha yil Yevropaning boshqa hududlarida yashab, sotsial yoki boshqa tomonlama himoya istab, Germaniyaga kirmoqchi bo‘lgan xorijliklarga qat’iy rad javobini berish nazarda tutilmoqda.

Taklifni Bundestagda 348 kishi yoqlab, 345 kishi qarshi ovoz berdi, 10 kishi esa betaraf qolgan. Agar 31 yanvar kungi navbatdagi ovoz berishgacha Shols partiyasi va yashillar Mers partiyasi bilan kelisha olmasa, o‘ta o‘ngchilar ovozi saqlanib qolinadi va bu partiya saylovdan keyin Xristian demokratlar ittifoqi koalitsiyasida bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. Bu esa kelgusi nemis hukumati tarkibida o‘ta radikal fikrli populistlarni ko‘rishga yo‘l ochishi mumkin.

So‘zga chiqqan Elis Veydel noto‘g‘ri migratsion siyosat uchun Sholsni, uning koalitsiyasidagilarni, Xristian demokratlar ittifoqini ham ayblay ketdi. «Sizlar insonlar hayotiga zomin bo‘lgan migratsion tartibsizlikni keltirib chiqardingiz», deydi Veydel. Bundestagdagi so‘llar esa ikki partiyaning bu taklifini g‘ayriinsoniy deb atadi.

EGDP ham qattiq nazorat tarafdori

Erkin Germaniya demokratik partiyasi rahbari, Shols koalitsiyasida moliya vaziri bo‘lib ishlagan, hozirgi siyosiy inqirozning qaysidir ma’noda sababchilaridan biri Lindner ham hukumatni migratsiya ustidan qattiqroq nazorat o‘rnatishga chaqirdi. Ishbilarmonlik tarafdori bo‘lgan bu partiya ham taklifni qabul qilmoqda. Lindner moliya vaziri bo‘lib ishlaganda, qarz jalb qilish qarorini qo‘llamagani uchun Shols uni ishdan olgandi va koalitsiya parchalanib, davlatda siyosiy inqiroz boshlangandi. Bu esa 23 fevral kuniga saylov belgilash qaroriga sabab bo‘ldi. Biroq Lindner partiyasi ushbu taklifni qabul qilsa-da, Xristian demokratlarni o‘ta o‘ngchilar bilan birlashmaslikka chaqirdi. Bu avtoritar demokratiyaga boshlaydi, dedi u.

Germaniya siyosiy maydonida o‘rtada turuvchi markazchi yashillar muxolif partiyani o‘ta o‘ngchilar bilan birlashmaslikka chaqirdi. Vitse-kansler Robert Xabek fikricha, Bundestag ko‘rayotgan bu masala texnik emas, siyosiy ahamiyatga ega. Bu jarlik tomon tik yo‘l, deydi u.

Shols “samarali deportatsiya” tarafdori

Kansler Olaf Shols so‘zga chiqarkan, 23 fevraldan keyin Xristian demokratlar ittifoqi qora-ko‘k hukumat tuzishga urinayotganini gapirdi. Chunki Xristian demokratlar qora, o‘ta o‘ngchilar ko‘k rangda turadi. Shols qattiq migratsiya siyosatidan ko‘ra, samarali deportatsiyani taklif qildi. Biz deportatsiyani chorak baravarga ko‘paytirdik, chegaradan turib, boshpana so‘rash bizning huquqiy qadriyatlarimizga mosdir, dedi u. Kansler muxolifatning bu qarorini “kechirilmas xato” deya atadi. Shols nutqida Afg‘onistonda «Tolibon» hokimiyatda o‘tirgan bir paytda ham hozirgi hukumat afg‘onlarni deport qila olganini eslatdi, avgust oyida Berlindan samolyot uchdi, biz afg‘onlarni deport qildik. Keyingi samolyot ham mana tayyorlanmoqda, deya Shols samarali deportatsiya siyosatini eslatdi. Olaf Shols Suriyadagi vaziyatni ham ko‘zdan qochirmayotganini, u yerda vaziyat biroz izga tushgach Suriya fuqarolarini ham deport qilishini qo‘shimcha qildi.

Shohrux Majidzoda tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: