Jahon | 10:31 / 30.01.2025
2846
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Oleg Deripaskaning 48 mln yevroga teng aktivlarini xatlovga oldi

Ukraina sudi Mikolayivda saqlanayotgan 500 ming tonna boksit va alyuminiy oksidini musodara qildi. Deripaska tomonidan boshqariladigan Shveytsariya kompaniyasi Rossiya Federatsiyasidagi unga tegishli korxonalarga xomashyo yetkazib berish bilan shug‘ullangan.

Foto: Vladislav Shatilo / RBK

Kiyevning Shevchenko sudi rossiyalik oligarx Oleg Deripaskaning Ukrainadagi 2,11 milliard grivna (taxminan 48,4 million yevro ekvivalenti) qiymatidagi «yangi aktivlari»ni xatlovga oldi. Sud Ukraina bosh prokurorining Shveytsariya kompaniyasiga tegishli boksit va metallurgiya alyuminiy oksidini musodara qilish haqidagi iltimosini qanoatlantirdi, deb xabar qildi Bosh prokuratura 29 yanvar, chorshanba kuni.

«Tergov shuni aniqladiki, Shveytsariya kompaniyasining yakuniy egasi sanksiyalar ostidagi Rossiya fuqarosi bo‘lib, dunyodagi eng yirik alyuminiy ishlab chiqaruvchi korxonaga egalik qiladi», — deyiladi xabarda. Ushbu korxona «Rossiya harbiy-sanoat kompleksining ehtiyojlarini qondirishda, harbiy raketa tizimlari va boshqa qurollarni ishlab chiqarish uchun o‘z mahsulotlarini yetkazib berishda davom etmoqda».

The Insider: RF oligarxlari sanksiyalar ostida ham YeIda pul ishlashyapti

YeI sanksiyalaridagi bo‘shliq tufayli mamlakat prezidenti Vladimir Putinga yaqin hisoblangan Rossiya Federatsiyasi milliarderlari YeI bilan savdodan pul ishlashda davom etmoqda. 22 dekabr kuni chop etilgan The Insider internet-nashrining surishtiruvi mualliflari shunday xulosaga keldi.

«Aksiyadorlari Vladimir Putinga shaxsan yaqin hisoblangan milliarderlar bo‘lgan kompaniyalar o‘z mahsulotlarini G‘arbga hech narsa bo‘lmagandek eksport qilishda davom etmoqda, - deb yozadi nashr. - Sanksiyalarga duchor bo‘lgan tadbirkorlarda aksiyalarning 50 foizdan kam bo‘lishi natijasida Yevropa bilan savdodan milliardlab dollar foyda olinyapti».

Oleg Deripaska qanday qilib sanksiyalarni chetlab o‘tdi

Jurnalistlarning so‘zlariga ko‘ra, Deripaska Yevropa Ittifoqi unga qarshi sanksiyalar kiritganidan so‘ng En+ va shunga mos ravishda «Rusal»dagi ulushini 50 foizdan pastga tushirgan. Bu avtomatik ravishda korxonalarning o‘zini sanksiyalardan olib tashladi. «Bugun Deripaska En+'ning 35 foizini nazorat qiladi. En+, o‘z navbatida, yirik alyuminiy ishlab chiqaruvchi «Rusal»ning deyarli 57 foiz aksiyalariga egalik qiladi», deb tushuntiriladi surishtiruvda.

Mualliflarning aniqlashicha, 2024 yilning birinchi yarmida «Rusal» Yevropa mamlakatlarida 1,3 milliard dollar ishlab topgan. Ularning ko‘rsatishicha, kompaniya Shvetsiyada (Kubikenborg Aluminium AB), Irlandiyada (Aughinish Alumina), Germaniyada (Aluminium Rheinfelden) va Italiyada (Eurallumina) ishlab chiqarishga ega.

Urush paytida, 2022 yildan 2024 yilgacha Deripaskaning boyligi bir yarim baravardan ko‘proqqa oshdi, deb yozadi The Insider. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, uning umumiy aktivlari hozirda 2,8 milliard dollarga baholangan.

Mavzuga oid