Yaponiyada 2024 yilda maktab o‘quvchilari va maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holati 1980 yilgi rekordni yangiladi. Shu bilan birga mamlakatda suitsid holatlarining umumiy soni kamaydi. Bu haqda hukumat bosh kotibi Keyitiro Tatibana ma’lum qildi, deb xabar beradi NHK.
Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil davomida Yaponiyada 20 ming 268 ta o‘z joniga qasd qilish holati qayd etilgan — bu 2023 yilga nisbatan 1569 taga kam. Suitsidni asosan erkaklar sodir etgan (13 ming 763 kishi). Bolalar orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatkichi 527 tani tashkil etgan bo‘lib, ularning aksariyati yuqori sinf o‘quvchilaridir (349 nafar). O‘rta maktabning kichik sinflarida o‘qiydigan 163 nafar o‘quvchi va boshlang‘ich maktabning 15 nafar o‘quvchisi ham o‘z joniga qasd qilgan.
«Boshlang‘ich, o‘rta va yuqori maktab o‘quvchilari orasida o‘z joniga qasd qilish holatlariga jiddiy yondashamiz. Bolalar hayotini himoya qilish va hech kimni o‘zini o‘ldirishga majbur qilmaydigan jamiyat yaratish uchun barcha ishni qilishni davom ettiramiz», — deydi Tatibana.
Yaponiya aholisi 124,5 million kishidan oshadi. Mamlakatda maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘z joniga qasd qilishning bundan oldingi eng yuqori ko‘rsatkichi 2022 yilda qayd etilgandi (514 kishi). Bunga koronavirus pandemiyasidan keyin maktablarda darslar qayta tiklangani sabab qilib ko‘rsatilgan. Bunga qadar Yaponiyada o‘z joniga qasd qilish holatlari ketma-ket 10 yildan beri kamayib kelgan. Suitsidlar soni o‘shib borayotgani fonida yapon hukumati 2021 yilda yolg‘izlikka qarshi kurashish dasturini tasdiqlagan, shuningdek, mamlakatda yolg‘izlik muammolari bilan shug‘ullanuvchi vazir lavozimi joriy etilgan.