Pentagon Trampni fashist deb atagan general Millini qo‘riqchilar va boshqa imtiyozlardan mahrum etdi

Jahon 23:34 / 29.01.2025 13397

Pentagon Trampni fashist deb atagan general Millini qo‘riqchilar va boshqa imtiyozlardan mahrum etdi

Pentagonning yangi rahbariyati qaroriga ko‘ra, Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasining iste’fodagi raisi general Mark Milli shaxsiy qo‘riqchilar va boshqa imtiyozlardan mahrum qilindi. U muqaddam AQSh prezidenti Donald Tramp manziliga tanqidlar yog‘dirgandi.

Yangi mudofaa vaziri Pit Hegsetning so‘zlariga ko‘ra, bu buyruq uning yangi lavozimdagi dastlabki qadamlardan biri bo‘lgan. U shuningdek rasmiy tuzilmalarga general Millining «harakatlari»ni tekshirish va uning harbiy unvonini qayta ko‘rib chiqish so‘rovi bilan murojaat etgan.

General Milli Trampning oldingi prezidentligi davridan boshlab Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi lavozimini (bu AQShdagi eng yuqori harbiy lavozim) egallagan, ammo keyinroq uni bir necha bor tanqid qilgan va hatto intervyularidan birida uni fashist deb atagan.

Jo Bayden ma’muriyati davrida Eron amerikalik harbiylar tomonidan o‘ldirilgan general Qosim Sulaymoniy uchun qasos olishini e’lon qilgach, Milli shaxsiy qo‘riqchilar bilan ta’minlangandi.

Avvalroq Tramp ma’muriyati ilgari prezident haqida salbiy fikrlar bildirgan boshqa qator taniqli shaxslarni ham qo‘riqchilardan mahrum etgandi.

Tramp o‘tmishda general Millini o‘zining dastlabki prezidentlik muddatining so‘nggi haftalarida Xitoy harbiy qo‘mondonligi vakillari bilan telefon orqali muloqot qilgani uchun davlatga xiyonatda ayblagandi.

Trampning versiyasiga ko‘ra, general Milli qo‘ng‘iroqlardan birini Xitoyni AQSh yadroviy zarba bermasligiga ishontirish uchun amalga oshirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda prezident buni «eski zamonlarda O‘LIM bilan jazolangan harakat» deb atagan.

The Washington Post’ning yozishicha, o‘shanda general xitoylik hamkasbi Li Tszochen bilan ikki marta bog‘lanib, uni AQSh Xitoyga hujum qilish niyatida emasligi, shunday bo‘lgan taqdirda, bu haqida ogohlantirishiga ishontirgan. General AQSh Xitoyga zarba berishga tayyorlanayotgani va shuning uchun Pekin birinchi navbatda hujum qilishi mumkinligi haqidagi razvedka ma’lumotlariga tayanib, shunday yo‘l tutgan.

Milli esa o‘sha vaqtdagi telefon muloqotlari AQSh mudofaa vaziri bilan kelishilgan holda amalga oshirilganini aytgan.

Keyinroq Bob Vudvordning 2024 yilda e’lon qilingan «Urush» nomli kitobida general Milli Trampni «suyak suyagigacha fashist» va «bu mamlakat [AQSh] uchun eng xavfli inson» deb atagan.

2023 yilda esa, Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi sifatidagi oxirgi nutqida Milli harbiylar «diktatorlar ixlosmandi»ga qasamyod qilmaganini aytgan. Uning bu so‘zlarini ko‘pchilik Trampga qaratilgan deb tushungan.

O‘tgan haftada Tramp Oq uyga qaytishidan oldin lavozimidan ketayotgan prezident Jo Bayden general Milli va Trampni tanqid qilgan boshqa qator shaxslar, jumladan pandemiya vaqtida mashhur bo‘lib ketgan shifokor Entoni Fauchini — Tramp ularning sadoqatsizligi uchun o‘ch olish maqsadida siyosiy sabablarga ko‘ra jinoiy ish ochadigan taqdirda, oldindan afv etgandi.

Baydenning bayonotida afv etilganlarning hech biri hech qanday qonunbuzarlik sodir etmagani va afv etish buning aksini tan olish sifatida qabul qilinmasligi kerakligi qayd etilgan.

General Milli bu qaror uchun Baydenga minnatdorchilik bildirib, hayotining qolgan qismini «uning ehtiyotsizlik bilan aytgan gaplari uchun adolatsizlik bilan qasos talab qiluvchilarga qarshi kurash»da o‘tkazishni istamasligini aytgan.

«Men oilam, do‘stlarim va men bilan birga xizmat qilganlar hujumlarga, xarajatlarga [yuristlar uchun – tahr.] va bezovtaliklarga duchor bo‘lishini istamayman», — degan u.

Shuningdek, AQSh Mudofaa vazirligi huzuridagi maxsus boshqarmaga «general Millining xulq-atvori bilan bog‘liq fakt va holatlarni tekshirish» bo‘yicha topshiriq berilgan bo‘lib, uning asosida vazir uning harbiy unvoniga muvofiqligini tekshirishni qayta boshlash maqsadga muvofiq yoki muvofiq emasligini hal qilishi mumkin.

Yangi ma’muriyat qo‘riqchilardan mahrum qilganlar orasida Tramp davridagi sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo, oldingi prezidentligi davrida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan Jon Bolton va Eron bo‘yicha sobiq maxsus vakili Brayan Huk ham bor. Amerika razvedka xizmatlari ularga Eron tomonidan suiqasd tahdidi bo‘lgan deb hisoblagan.

Trampning ikkinchi inauguratsiyasidan bir necha soat o‘tib uning jamoasi Pentagondan general Marka Millining portretini ham olib tashlagan, suratga u Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi sifatida tushgandi.

Ko‘proq yangiliklar: