PM2,5 va O‘RVI bog‘liqligi
Sharqiy Afrikadagi davlatlardan biri Keniyada 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning o‘tkir respirator virusli infeksiya yuqtirib olishi va havodagi PM2,5 konsentratsiyasi o‘rtasidagi bog‘liqlik o‘rganildi. Olimlar PM2,5 miqdori yuqori havodan uzoq vaqt nafas olgan bolalarda O‘RVIga chalinish xavfi baland bo‘lishini aniqladi. Tadqiqotda qatnashgan 7036 nafar 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 46,8 foizi havo ifloslangan dastlabki 2 haftada O‘RVI simptomlari bilan murojaat qilgan. O‘sha oyda PM2,5 18,31 mkg/m3ni tashkil qilgan. Bu JSST belgilagan me’yordan bir 3-4 marotaba yuqori.
Eslatib, o‘tamiz Toshkentda PM2,5 zaharli zarrachalari kuz-qish mavsumida 500 mkg/m3dan oshgan kunlar ham kuzatilgan.
O‘zbekistonda vaziyat qanday?
PM2,5 va Toshkent shahrida bolalarda shamollash ortgani yoki yo‘qligi haqida aniq raqamlar yo‘q. Kun.uz mavsumiy kasalliklar bilan bog‘liq murojaat poytaxtda yillar kesimida qancha ekani haqidagi ma’lumotlarni olish uchun Sanepidqo‘mitaga so‘rov yubordi. Biroq qo‘mita tahririyat so‘rovini javobsiz qoldirdi.
Umuman olganda poytaxt aholisi orasida poliklinikalarida kuz-qish mavsumida joylar to‘lib qolayotgani, navbatlar ortgani haqida xabarlar tarqalyapti. Jumladan, 2024 yilning noyabr oyida Toshkentning Yunusobod tumanidagi 1-sonli bolalar klinik shifoxonasi bemorlar bilan to‘lgani aks etgan videolar tarqalgandi. O‘shanda tuman tibbiyot boshqarmasi shifoxonada respirator kasalliklar bilan murojaat oshgani va buning uchun qo‘shimcha bo‘lim ochilganini ma’lum qilgandi. Undan keyin yanvar oyida Respublika pediatriya markazi metapnevmovirusga chalingan bolalardan ko‘p murojaat bo‘lgani aytilgan video tarqalgandi. Vazirlik buni rad etib, markazning ayrim bo‘limlarida profilaktika ishlari olib borilgani va vaqtincha yopilganini aytib, qayta ochilgach bemorlar tabiiy ravishda ko‘payganini qayd etgan edi.
Poliklinikalarda bemor ko‘payishi Toshkent shahrida yashovchilarning oshgani bilan bog‘liqmi yoki PM2,5 bilanmi buni aniq aytish qiyin. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi aniq statistikalar e’lon qilgandan keyin, biror xulosa aytish mumkin.
Onalar bolalaridagi shamollash haqida
Kun.uz 4 yoshgacha bola parvarish qilayotgan onalar bilan ayni mavzuda suhbatlashdi. Ular poytaxtda havo tarkibi yomonlasha boshlagan davrlarda bolasida respirator kasalliklar tez-tez takrorlanib turishini kuzatayotganlarini aytishdi.
“Shahar havosi yomonlashganda, shamollashi kuchaygan”
3 yoshli qizning onasi:
2024 yilning oktyabr-noyabr oylarida Toshkent shahri havosi ifloslik darajasi yuqoriladi va shu paytlarda qizimning shamollashi ancha uzoq davom etib nisbatan kuchliroq dorilar qabul qilishga majbur bo‘ldik. Qizimda hozir ham biroz burun oqishi kuzatilib turibdi va bu juda tez qaytalanadi.
Qizim tengi boshqa bolalarning ham burni oqib yurishini ko‘p ko‘raman. Virus ta’sirida burunda ham yallig‘lanish paydo bo‘lsa ketishi juda qiyin. Vrachlar ko‘pincha burun qiyshiqligi va shunga o‘xshash sabablarni aytishadi. Havo iflosligining ta’siri haqida esa ko‘pchilik chuqurroq ma’lumot bermaydi. Menga ekologiyasi toza davlatlarda shamollash mavsumi qanday o‘tishi, bolalarning viruslar bilan kasallangandagi holati bizning bolalar bilan solishtirganda qanchalik farq qilishi qiziq. Ona sifatida havo iflosligining nafas kasalliklari bilan bog‘liqligini ayniqsa O‘zbekiston sharoitida ko‘proq o‘rganilishi tarafdoriman. Bizda havo iflosligi darajasi bolalar va kattalarning respirator kasalliklarni o‘tkazishlariga qanchalik ta’sir qilishi yaxshiroq o‘rganilishi kerak.
Agar bolalar kasal bo‘lsa, havo bu kasallanish vaziyatini og‘irlashtirsa, onalar bolalari tuzalavermagach kuchliroq dorilar, antibiotiklarni tanlashga majbur bo‘ladi. Balki antibiotiklar iste’moli ko‘pligining bir sababi shunga ham borib taqalar. Masalan, havo iflosligi yuqori Hindistonda ham antibiotiklar iste’moli yuqori, buning sababi ularda ham yallig‘lanish kuchliligi bilan bog‘liq bo‘lsa kerak.
“Havoni namlantiradigan jihoz olganimizdan keyin yaxshilangan”
3 yoshgacha bo‘lgan 2 farzandi bor ona:
2021 yilda birinchi farzandim tug‘ilgan. Qizimda 2 yoshgacha hech qanaqa muammo sezmaganman. 2022 yilda shahar havosi ifloslanishni boshlagach, yo‘tal, burun bitishi, xirillab nafas olish tez-tez takrorlanadigan bo‘lib qolgandi. Burun orqali sog‘lom nafas olinmagani hisobiga, oson shamollab, tuzalishi qiyinlashib qoldi.
Toshkentda havo namlantiradigan apparat olganimizdan keyin holat ancha yaxshilangan. Shamollashlari osonroq o‘tadigan va tezroq tuzaladigan bo‘ldi. Keyinroq havoni filtrlaydigan jihoz oldik va bundan keyin yana ham yaxshiroq nafas oladigan bo‘lishganini sezdim. Mana 2 oydan beri Buyuk Britaniyada yashayapmiz. Hozir bolalarim holati butunlay yaxshilangan. Kechqurunlari og‘zini ochib uxlamadi, yaxshi nafas oladi, umuman shamollashmadi. O‘zim esa uyqum sifati yaxshilangan, jismoniy charchoqlar yo‘q, ertalab holsizlanib uyg‘onish ham yo‘qolgan.
“Bolalarimning tez-tez burni oqadi”
4 yoshgacha bo‘lgan 2 o‘g‘li bor ona:
Bir o‘g‘lim 2021 yil tug‘ilgan, keyingisi 2022 yil. Ikkalasi ham 1 yoshgacha kasal bo‘lmagan. Lekin hozir ikki farzandimning ham burni oqib, tez burni bitadi. Bunga havo sabab deb o‘ylayman. Gripp mavsumida ular ham boshqa bolalar kabi bu kasallikni boshidan o‘tkazadi. Lekin havo yomonlashsa, ularda allergiya ham paydo bo‘ladi. O‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, 2022 yildan beri gripp bo‘lganimda juda sekin tuzaladigan bo‘lib qoldim. 1 oylab uzoq davolanib yotaman, turmush o‘rtog‘im ham shunaqa. Shamollash juda og‘ir o‘tadigan bo‘lib qoldi. Balki bu koronavirus bilan bog‘liqdir. Buni aniq bilmayman.
“PM2,5’ning ko‘payishi va infeksiyalar yuqish tezligi”
Kun.uz havo ifloslanishi va infeksiyalar yuqishi o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida Kaliforniya universiteti virusologi Sharof Tugizovdan ma’lumot oldi. Uning aytishicha, dunyoda PM2,5 konsentratsiyasi oshgan shaharlarda kovid infeksiyasi va u bilan bog‘liq o‘lim holatlari kuchaygani kuzatilgan. Shundan keyin bog‘liqlikni o‘rganish uchun ilmiy ishlar qilish boshlangan. Boshlangan tadqiqot natijalari endi e’lon qilina boshladi.
“Ularga ko‘ra, havoda zaharli zarrachalarning ko‘payishi virusli infeksiyalarning ko‘payishiga sabab bo‘lishi aniqlangan. Uning yuqish mexanizmlari ham aniq bo‘ldi. Birinchi navbatda namgarchilikda PM2,5 ko‘tarilib ketsa, o‘sha havodagi viruslar bilan bog‘lanadi. Kasal odam nafas olganda virus tashqariga chiqadi, agar shu yerda PM2,5 ko‘p bo‘lsa, bir-biriga bog‘lanib kompleks hosil qiladi”, - deb tushuntirdi virusolog.
Uning qo‘shimcha qilishicha, namgarchilik PM2,5 zarrachalari organizm ichiga kirishini ham tezlashtiradi. Bu qanday bo‘ladi?
“PM2,5 zarrachalari og‘iz burun shilliq qavatlarini buzadi. Shilliq qavatlar odamni virusdan himoya qiluvchi birinchi vosita. Agar ular buzilsa, himoya pasayadi. Zarrachalar yallig‘lanish chaqiradi. O‘pka, bronxlarda yallig‘lanish bo‘lsa, kasallik kuchayadi”, - dedi virusolog.
Olimning tushuntirishicha, PM2,5 zarrachalari immun tizimini ham sekinlashtiradi. Masalan, tanaga virus tushganda immun tizimi unga qarshi antitanacha ishlab chiqaradi. PM2,5 zarrasi esa shu antitana ishlab chiqarish jarayonini pasaytiradi. Infeksiyadan davolanish uzayib ketadi. Bu mexanizm boshqa mavsumiy kasalliklarda ham kuzatilyapti.
Toshkentda kuz-qish mavsumi 2 yildan beri o‘ta yomon ob-havoli kunlar bilan o‘tyapti. Buning asosiy sababi havo tarkibida PM2,5 zarrachalarining me’yoridan bir necha barobar oshib ketishida. Bu esa bevosita shahardagi aksar tashkilotlar va asosan shahar atrofida mingga yaqin issiqxonalarning gaz o‘rniga ko‘mir yoqishi ortidan boshlandi. Tegishli qarorga ko‘ra, issiqxonalar 2025 yilning noyabr oyigacha issiqxonalariga gaz-chang tozalash uskunalarini o‘rnatishi kerak va bu havoning bir oz bo‘lsa ham tozalanishiga yordam berishi kerak.
Ungacha mas’ullar Toshkentda havo yomonlasha boshlaganidan beri qaysi kasallik bilan murojaat ortgani haqida aniq statistikani ochiqlashlari, havo ifloslanishidan oldin aholini ogohlantirish chorasini ko‘rishlari vaziyatni oz bo‘lsa-da yaxshilashi mumkin.
Zuhra Abduhalimova, jurnalist