Teleboshlovchi Nilufar Sotiboldiyevani haqorat qilgan shaxsga hukm o‘qildi. Jinoiy ish JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudida sudya Bahrom Berdiyev raisligida ko‘rib chiqildi.
Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, 1987 yilda tug‘ilgan, Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro A.J. 2024 yil 30 iyun kuni Instagram orqali Nilufar Sotiboldiyevani haqoratlagan. Mazkur shaxs 2024 yil avgust oyida firibgarlik jinoyatida ayblanib, qamoqqa olingan. Shu sababli sud jazoni ijro etish koloniyasidan videokonferens-aloqa rejimi orqali o‘tkazilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Nilufar Sotiboldiyeva 2024 yil mart oyida Tailandga qilgan sayohati chog‘ida qizi bilan birgalikda raqsga tushib, uni o‘zining Instagram’dagi sahifasiga joylashtirgan. Suxandonga notanish bo‘lgan “azimsherdjurayev” nomli akkaunt egasi esa shu post ostiga haqoratli izohlar yozib qoldirgan. Shundan so‘ng u huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilgan.
A.J. sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan.
“Qiz farzandli bo‘lishni doimo niyat qilganman. Ushbu boshlovchi o‘zining qizi bilan tarbiyasiz xatti-harakatlar qilayotganini ko‘rib, jahlim chiqib ketdi. Shu sababli, uning videolavhasiga izoh yozdim. Bir hafta o‘tib menga nomsiz akkaunt orqali bir shaxs xabar yozdi va “nima uchun meni haqoratlading?” deya so‘radi. Ushbu noma’lum shaxs Nilufar Sotiboldiyeva ekanini bilib, unga yosh bolaning tarbiyasiga ta’sir qiladigan qiliq qilganing uchun seni so‘kdim, deb javob berdim”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.
Erkak qilmishidan pushaymon ekanini aytib, jabrlanuvchidan kechirim so‘rashini bildirgan.
Nilufar Sotiboldiyeva sudlanuvchi bilan yarashmasligini, bu qolganlarga dars bo‘lishini ma’lum qilgan hamda suddan A.J.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Shuningdek, u ma’naviy zarar sifatida 100 mln so‘m talab qilgan.
Sud hukmi bilan A.J. Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.