O‘zbekiston | 23:38 / 27.01.2025
10725
2 daqiqa o‘qiladi

Qiziriq tumaniga yangi hokim tayinlandi

Tumanga qariyb 10 oydan beri rahbarlik qilib kelgan Anvar Oripov o‘z arizasiga ko‘ra lavozimdan olindi. Uning o‘rniga Qiziriq tumani IIB boshlig‘i Sherxon Allamurotov tayinlandi.

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Qiziriq tumanida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi, deb xabar beradi Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati. Sessiyada viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, Qiziriq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, erishilgan natijalar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga to‘xtalgan.

Viloyat rahbari shu vaqtga qadar tuman hokimi vazifasida ishlab kelgan Anvar Oripov o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod etilganini bildirib, Sherxon Allamurotov nomzodini Qiziriq tumani hokimi etib tayinlash taklifini ilgari surgan. Nomzod deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullangan.

Sherxon Allamurotov 1986 yilda Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 2011 yilda Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – huquqshunos. Podpolkovnik harbiy unvoniga ega.

Faoliyati davomida Ichki ishlar organlarida turli vazifalarda, xususan, viloyat Ichki ishlar boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i, Jarqo‘rg‘on tumani IIB boshlig‘i lavozimlarida mehnat qilgan. Tayinlovga qadar Allamurotov 2023 yildan buyon Qiziriq tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil aprel oyida Anvar Oripov Qiziriq tumani hokimi lavozimiga tayinlangan edi. Tayinlovga qadar u viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Mavzuga oid