Qiziriq tumanida Isfara mikro GES-1 ish faoliyatini boshladi

Jamiyat 17:16 / 15.12.2023 12011

Aytish joizki, zamonaviy O‘zbekistonimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida energetika tarmog‘ining ajralmas bo‘g‘ini hisoblangan gidroenergetika sohasida ham izchil islohotlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda. So‘nggi yillarda investitsiyaviy loyihalar asosida yangi gidroelektr stansiyalarni qurish, uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan GESlarni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish ishlari yuqori sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

Aytib o‘tish lozimki, Surxondaryo viloyatining gidroenergetik salohiyatini to‘liq ishga solish va bu boradagi ishlarni jadallashtirish borasida bir qancha yirik loyihalar amalga oshirilayotganidan xabaringiz bor. Bu borada muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovichning joriy yil 17-18 noyabr kunlari To‘palang GESda amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari hamda Zarchob-3 GESning qurilishi boshlanishiga start berish jarayonlariga guvoh bo‘ldik.

Bugun, 15 dekabr – Qiziriq tumani Isfara kollektorida Isfara mikro GES-1 ning ochilish marosimi o‘tkazildi.

Mazkur mikro GESning quvvati 230 kVt, o‘rtacha yillik 1 076 000,0 kVt.soat elektr energiya ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Isfara-1 mikro GESda ishga tushirilishi natijasida mahallabay tizim orqali Yangikent mahallasining 460 ta xonadoni elektr energiyasi bilan ta’minlanadi va 5 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi.  

O‘zbekistonda ilk bor mazkur GESda barcha uskunalar mahalliy ishlab chiqarish doirasida 100% o‘zimizda ishlab chiqarilgan. Tizim tashkiloti hisoblangan “Suvsanoatmash” AJda GES uchun zaruriy bo‘lgan barcha jihozlar ishlab chiqarildi. Asosiysi, arzon va ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarilishi ta’minlanmoqda.

Loyiha doirasida 60 m uzunlikdagi kanalda rekonstruksiya ishlari, suv to‘sish inshooti, suv bo‘lish inshooti, bosimli havza inshooti qurilishlari, bosimli quvur (50 m) o‘rnatish, quvvat uzatish liniyasi kabi qurilish montaj ishlari amalga oshirildi.

Aytish lozimki, gidroenergetika sohasining taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar joylashgan hududlar aholisining turmush farovonligini oshishiga, ishlab chiqarish sub’yektlarining elektr quvvatlari bilan ta’minlanishiga, tom ma’noda, xalqimiz farovonligi ortishiga mustahkam zamin yaratadi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: