Iqtisodiyot | 13:23 / 27.01.2025
1590
2 daqiqa o‘qiladi

Nigeriya biznesi O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqish bildirmoqda

O‘zbekiston elchixonasida Nigeriyaning K.K.Kingdom Group kompaniyasi biznes aloqalari bo‘yicha maslahatchisi, misrlik tadbirkor Muhammad Hasib bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Foto: "Dunyo" AA

K.K.Kingdom Group Nigeriyaning yirik xususiy kompaniyalaridan biri sanaladi. U ishlab chiqarish, ko‘chmas mulk, muhandislik va qurilish, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yurituvchi qator korxonalarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, kompaniya mamlakatning Kaduna shtatida 718 gektar yer maydonda "Yashil iqtisodiy zona" (Green Economic Zone - GEZ) tashkil qilgan.

Mazkur hududda 250 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi, to‘qimachilik fabrikasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari, mashinasozlik, kiyim-kechak va moda, savdo, xizmat ko‘rsatish, elektronika va oziq-ovqat sanoati sohalaridagi boshqa ko‘plab klasterlar joylashgan. GEZ qulay transport-logistika sharoitlari, jumladan avtomobil, temir va havo yo‘llari marshrutlariga ega.

Muloqot chog‘ida misrlik tadbirkor O‘zbekistondagi manfaatdor kompaniya va korxonalar bilan  hamkorlik o‘rnatishga katta qiziqish bildirdi. U, shuningdek, mamlakat tadbirkorlarining GEZ hududida o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishlariga amaliy yordam berishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Tomonlar mazkur yo‘nalishda hamkorlikni rivojlantirish va O‘zbekistondagi manfaatdor korxonalar vakillari bilan onlayn muzokaralar tashkil qilish to‘g‘risida kelishib olishdi.

Mavzuga oid