Yakshanba kuni Amerikaning ikkita harbiy-transport samolyoti Kaliforniya shtatidan Kolumbiyaga kolumbiyalik noqonuniy muhojirlarni olib kelishi kerak edi. Ammo Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro samolyotlar qo‘nishiga ruxsat bermadi va bu haqda oshkora e’lon qildi.
Donald Tramp bunga javoban o‘ziga tegishli bo‘lgan Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Kolumbiyadan keladigan barcha mahsulotlar importiga 25 foizlik bojlar hamda kolumbiyalik rasmiylar uchun viza sanksiyalari joriy etishini e’lon qildi.
Gustavo Petro esa Kolumbiya ham Amerika importiga nisbatan shunday bojlar qo‘llanishini aytdi.
Ammo yakshanba kuni kechqurun Oq uy Kolumbiya ortga chekingani, shu tufayli bojlar va sanksiyalar qo‘llanmasligi to‘g‘risida bayonot berdi.
«Kolumbiya hukumati prezident Trampning barcha shartlariga, jumladan Qo‘shma Shtatlardan qaytarilgan barcha kolumbiyalik noqonuniy xorijliklarni AQSh harbiy samolyotlarida ham cheklovlarsiz va kechikishlarsiz qabul qilishga rozi bo‘ldi», — deyilgan Tramp ma’muriyati xabarida.
Shu bilan birga, boj va sanksiyalar to‘g‘risidagi farmonlar imzolanmagan bo‘lsa ham tayyor holatda va agar Kolumbiya kelishuv shartlariga rioya qilishdan bosh tortgudek bo‘lsa, ular imzolanadi.
«Bugungi voqealar yaqqol ko‘rsatdiki, Amerikani yana hurmat qilishmoqda. Prezident Tramp mamlakatimiz suverenitetini qat’iyat bilan himoya qilishda davom etadi va butun dunyodagi boshqa davlatlar uning Qo‘shma Shtatlarda noqonuniy ravishda bo‘lgan fuqarolarni deportatsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlari bilan to‘liq hamkorlik qilishlarini kutadi», — deyilgan Oq uy bayonotida.
Kolumbiya tashqi ishlar vaziri Luis Xilberto Murilo yakshanba kuni kechqurun AQSh va Kolumbiya yuzaga kelgan vaziyatdan chiqish yo‘lini topishganini ma’lum qildi.
U Kolumbiya prezidentlik samolyotini amerikaliklar harbiy samolyotlarda tashimoqchi bo‘lgan fuqarolari uchun yuborishga tayyorligini aytdi, keyinroq buni prezident Petro ham tasdiqladi.
U kolumbiyaliklar Amerika harbiy samolyotlarida deportatsiya qilinishi ehtimolini tasdiqlamagan va rad etmagan ham.
Gustavo Petro harbiy-transport samolyotlarini qabul qilishdan bosh tortishini e’lon qilarkan, Kolumbiya vatandoshlarga jinoyatchilardek muomila qilinmasdan, fuqarolik samolyotlarida olib kelinishini aytgan.
Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida bojlar haqidagi postida Kolumbiyadan keladigan mahsulotlar uchun 25 foizlik bojlar darhol kuchga kirishi, bir haftadan keyin esa bojlar 50 foizga o‘sishini yozgan.
Bundan tashqari, u Kolumbiya hukumatining barcha vakillari, shuningdek, «Partiyaning barcha ittifoqchilari va tarafdorlariga, ularning oila a’zolariga va Kolumbiya hukumatini qo‘llovchilarga» vizalar bekor qilinishi hamda ularning AQShga kirishi taqiqlanishini qo‘shimcha qilgan.
Tramp o‘z postida qaysi «partiya»ni nazarda tutganini ochiqlamagan. Katta ehtimol bilan, gap prezident Petro boshchiligidagi so‘lchi «Insoniy Kolumbiya» haqida gap borgan. Kolumbiyada hukumat prezident tomonidan tuziladi va boshqariladi.
Ma’lumot uchun, AQShga qahva importining 20 foizga yaqini Kolumbiya hissasiga to‘g‘ri keladi — bu esa yiliga ikki milliard dollar degani. Bundan tashqari, Kolumbiya AQShga neft, banan, avokado, gullar va boshqa mahsulotlar eksport qiladi.
Mintaqadagi amerikalik muxbirlarga ko‘ra, Kolumbiya prezidenti, so‘l qarashlardagi Petro azaldan Trampni yoqtirmaydi. Migrantlar tufayli mojaro uning uchun o‘z ritorikasi haroratini ko‘tarish uchun sabab bo‘lgan.
Petro Trampni kolumbiyaliklarga quyi irq sifatida qarashda ayblagan, u xasisligi tufayli butun insoniyatni halokatga mahkum qilishga tayyorligi [iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga qarshiligi tufayli]ni aytgan va o‘zini Trampga qarshi tura oladigan shaxs sifatida ko‘rsatgan.
Shu bilan birga, noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashishda AQSh hukumati Lotin Amerikasidagi qo‘shnilar, jumladan, Kolumbiya bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishi talab etiladi. Bu haqda yaqinda Tramp nomzodini davlat kotibi o‘rinbosari lavozimiga ilgari surgan Kristofer Landau ham aytib o‘tgandi: uning so‘zlariga ko‘ra, migratsiya oqimini qisqartirish ishida boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik AQSh tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalish bo‘lishi lozim.
AQShning janubiy chegaralarini har yili nafaqat Lotin Amerikasidan, balki butun dunyodan kelgan o‘n minglab migrantlar kesib o‘tadi. Ular dastlab Lotin Amerikasidagi mamlakatlarga, jumladan Kolumbiyaga uchib kelishadi, keyin esa quruqlik orqali AQSh chegarasiga yetib borishadi. Noqonuniy immigrantlarni tashish bilan odatda mahalliy jinoiy guruhlar shug‘ullanadi.
Donald Tramp prezidentlik lavozimiga qaytishdan oldin noqonuniy migrantlarni yoppasiga deportatsiya qilishni boshlashga va’da bergandi, lavozimga qaytganidan keyingi ilk kunida bu masalada bir qancha farmonlarni imzoladi.
Bu farmonlarning bir qismi federal Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE)ning noqonuniy migrantlarni hibsga olish va hibsda saqlash bo‘yicha vakolatlarini kengaytiradi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt 23 yanvar kunining o‘zida AQSh bo‘ylab 538 nafar noqonuniy migrant qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.
Bayden prezidentligining so‘nggi yilida, 2024 yilda ICE 149 700 kishini hibsga olgandi, ya’ni kuniga o‘rtacha 409 nafar noqonuniy migrantni.
Donald Tramp Meksika chegarasida favqulodda holat e’lon qilgan va u yerga armiya harbiylarini yuborgan.
Tramp «chegara hukmdori» (Border Czar) etib tayinlagan Tom Homan, ya’ni chegara muhofazasi va noqonuniy migratsiya bilan kurashish bo‘yicha eng yuqori lavozimli kurator yakshanba kuni ABC News teleefirida harbiylar allaqachon Meksika chegarasi bo‘ylab joylashtirilgani, harbiy-transport samolyotlari bilan deportatsiyani tashkillashtirayotgani hamda to‘siqlar barpo etishda yordam ko‘rsatishayotganini ma’lum qilgan.
«Bu bizning chegara yopiqligi to‘g‘risida butun dunyoga kuchli signal», — degan Homan.