Rossiya va Ukraina armiyasi Donbass markazida yangi katta jangga kirishmoqda. Bu butun urush kulminatsiyasi bo‘lishi mumkin

Wolfgang Schwan / Anadolu / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press
Donbass janubidagi janglar yakuniga yetmoqda. Rossiya qo‘shini oy boshida Kuraxovoni o‘z nazoratiga olgandi, yaqin kunlar ichida Ukraina qurolli kuchlarining yana bir muhim «qal’asi» — Velika Novosilkani egallab olishni ko‘zlagan. Ammo ammo bu amaliyot yakunlanmasidan regionda yangi katta jang boshlanadi — Donbassning markaziy qismi uchun. U butun urushning kulminatsiyasiga aylanishi mumkin. Shu vaqtga qadar Donetsk oblasti markazi va shimolida (shuningdek, Xarkiv va Luhansk oblastlarining unga tutash hududlarida) RF qurolli kuchlari harakatlari muvofiqlashtirilgan guruhlar orqali hujum uyushtirmagandi. Endi bu amaliyotlar Slovyansk va Kramatorsk aglomeratsiyasini 2025 yil oxiriga qadar egallab olish maqsadidagi katta yurishga birlashtirilishi mumkin.
Velika Novosilka
Rossiya qo‘shini Velika Novosilkani qurshovga olish jarayonini yakunlagan — bu muhim rayon markazi va Ukraina qurolli kuchlari «qal’asi» bo‘lib, undagi garnizon Donetsk, Dnipropetrovsk va Zaporijjya oblastlari tutashgan hududni himoya qilish uchun joylashtirilgan. Yanvar oyi o‘rtalarida RF qurolli kuchlarining posyolkaga janubi-g‘arbdan yaqinlashgan guruhi Neskuchne va Vremevka qishloqlarini egalladi. Bu esa Ukraina qurolli kuchlarining Velika Novosilkani «katta yer»dan (Ukrainaning asosiy hududi) ajratib turuvchi Mokriye Yali daryosi orqali kechuvlar o‘rnatish imkoniyatini yo‘qqa chiqardi.
Rayon markazi bir necha oy oldinroq shimolda Ukraina qurolli kuchlarining asosiy guruhidan ajratib qo‘yilgan: ukrainlarning qarshi hujumlarini qaytargan RF qurolli kuchlari daryo bo‘yidagi Noviy Komar qishlog‘iga chiqishgan. Ukraina qurolli kuchlari Velika Novosilkada qancha kuch qoldirgani oxirigacha aniq emas, ammo, ular katta ehtimol bilan rossiyaliklar shturmiga bardosh berolmaydi. RF qurolli kuchlari bir necha haftalik tin olishdan so‘ng rayon markazining sharqiy chekkalariga kirishga muvaffaq bo‘lgan.
Katta ehtimol bilan, Velika Novosilkadagi kichik garnizon posyolkani tark etishga ulguradi. Ammo ukrain harbiylari chekinishda katta yo‘qotishlarga uchrashi mumkin, ayniqsa texnikalar va og‘ir qurollarni qoldirib ketishga to‘g‘ri keladi: Ukraina qurolli kuchlarining 2003 yilda ushbu hududda amalga oshirgan yurishi vaqtida — ob-havo nisbatan qulay bo‘lgan yoz oylarida — Mokriye Yalini kechib o‘tishga urinish chog‘ida tanklar va boshqa texnikalar cho‘kib ketgandi.
Velika Novosilka egallanishi Rossiyaning «Sharq» guruhiga ukrain qo‘shinini oldinroq «Markaz» guruhi tomonidan egallangan Kuraxovo shahri chekkalaridan g‘arbga chekinishga majbur qilib, Donetsk — Zaporijjya trassasiga keng frontda yurish qilishga imkon beradi.
Kuraxovo
Ukraina qo‘shini 31 dekabr kuni Kuraxovodagi umidsiz pozitsiyalarini tashlab chiqqanidan keyin ham yengil tortgani yo‘q: mazkur hududdagi guruh hamon qurshov xavfi ostida qolmoqda.
Kuraxovodan g‘arbdagi mudofaa chiziqlari endi Volchya (shimolda) va Suxiye Yali (janubda) daryolari bo‘ylab o‘tmoqda. Muammo shundaki, Kuraxovodan 12 kilometr masofada Suxiye Yali Volchyaga quyiladi. Rossiyaning ikki guruhi esa aynan quyilish joyidagi Andreyevka va Konstantinopol qishloqlari tomon intilmoqda.
Shimolda Volchya bo‘ylab yurish qilayotgan RF qo‘shini allaqachon Shevchenko va Petropavlovka qishloqlarini egallab, Andreyevka chekkalariga yetib kelgan. Janubdagi guruh esa Suxiye Yalini shu nomdagi qishloq hududida kechib o‘tgan, shuningdek Konstantinopolga juda yaqinlashib kelgan. Kuraxovodan chiqqan rus qo‘shini esa ukrainlarning Dachnoye qishlog‘i hududidagi pozitsiyalarini shturm qilmoqda.
Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari Donetsk — Zaporijjya trassasi bo‘ylab yanada g‘arbga ketishiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, ularga shimoldan va janubdan (Velika Novosilka tomondan) zarba berilishi xavfi saqlanib qoladi. Ukraina qo‘shini qachon va qayerda barqaror mudofaani tiklashi va qurshov xavfidan qutulishi ayon emas.
Ko‘p narsa Rossiya qo‘mondonligi Janubiy harbiy okrugning 8-umumqo‘shin armiyasidan qayerda foydalanishiga bog‘liq, bu armiya o‘tgan yil oxirida Kuraxovoga janubi-sharqdan hujum qilgandi. Ikkita kuchli va tajribali motoo‘qchilar diviziyasidan tarkib topgan armiya Vuhledar va Kuraxovoga hujum qilish uchun «Sharq» qo‘shinlar guruhiga biriktirilgandi. Endi bu vazifalar bajarilgan, demak unga yangi vazifalar berilishi kerak. Armiya «Sharq» qo‘shinlar guruhi tarkibida qolishi va undagi boshqa bo‘linmalar bilan birgalikda Donetsk — Zaporijjya trassasi bo‘ylab Janubiy harbiy okrugning Zaporijjya oblastida harakatlanayotgan 58-armiyasi bilan uchrashgunicha yurish qilishi mumkin. Shuningdek, 8-armiyaning diviziyasi RF qurolli kuchlarining shusiz ham kuchli bo‘lgan «Markaz» guruhi bilan shimolga — Pokrovskdan Chasiv Yarga qadar bo‘lgan front chizig‘i bo‘ylab hujumga o‘tishi ham mumkin. Bunday amaliyotdan maqsad — Kramatorsk — Slovyansk aglomeratsiyasiga chiqish bo‘ladi.
Pokrovsk
RF qurolli kuchlari dekabr oyida Ukraina qurolli kuchlari bor e’tiborini Kuraxovo hamda Pokrovsk janubidagi hududlar mudofaasiga qaratganidan foydalanib, ushbu ikki shahar oralig‘idan zarba berdi.
Ukraina qo‘shini ushbu yurishni qarshi hujumlar bilan to‘xtatishga urindi, ammo bunga ulgurmadi. Rossiya bo‘linmalari Solenaya daryosini kechib o‘tib, Pokrovsk g‘arbiy chekkasidagi sanoat zonalariga yaqinlashdi.
Hozirda Pokrovsk 7–12 kilometr masofadagi Kotlino va Udachnoye posyolkalari atrofidagi kon komplekslari va kokskimyo korxonalar uchun janglar ketmoqda. Sanoat binolari va konlar terrikonlari mudofaa marralari uchun qulayligiga qaramay, RF qurolli kuchlari hozirgi urush uchun nisbatan tez sur’atlarda maqsad sari harakatlanmoqda — ular Pokrovskni Ukrainaning markaziy qismi bilan bog‘lovchi Ye50 Dnipr (shahri) — Donetsk trassasiga chiqish uchun harakatlanmoqda.
Shu bilan birga, RF qurolli kuchlari Solenaya bo‘ylab yanada g‘arbga yurmoqda. Bu esa ukrainlar mudofaasini uzaytirmoqda. Agar Rossiya armiyasi trassaga Kotlino va Udachnoye orqali chiqa olmasa, buni boshqa joyda qilishga ham urinib ko‘rishi mumkin.
RF qurolli kuchlarining boshqa bir guruhi yarim yillik harakatsizlikdan keyin faollashib, Vozdvijyenka qishlog‘ini egallagan va Pokrovskdan sharqda Ye50 trassasiga chiqqan.
Rus qo‘shini shahardan g‘arbda ham Dniproga olib boruvchi yo‘lni to‘sib qo‘ya olsa, Pokrovsk mudofaasi keskin yomonlashadi. Shundan keyin to‘g‘ridan to‘g‘ri Pokrovsk — Mirnograd (urushga qadar aholisi soni qo‘shni posyolkalar bilan qo‘shib hisoblaganda — 150 mingdan ortiq bo‘lgan) aglomeratsiyasi uchun jang boshlanadi.
O‘rtaga ko‘p narsa tikilgan: Pokrovsk egallanishi RF qurolli kuchlariga ham Dnipro tomon, ham Donetsk oblasti shimoliy hududlariga yo‘l ochadi.
Toretsk va Chasiv Yar
Rossiyaning ko‘p oylar davomida Toretsk va Chasiv Yarni shturm qilib turgan qo‘shinlari yangi yilga kelib vazifani bajarishga yaqinlashdi. Bu shaharlar atrofidagi janglar Donetsk oblasti janubidagi yurishdan butkul farqlanadi. RF qurolli kuchlari tepaliklarda joylashgan Chasiv Yardan ukain bo‘linmalarini siqib chiqarish uchun bir yildan ortiq vaqt davomida harakat qilmoqda. Toretsk aglomeratsiyasi uchun ko‘cha janglari esa 2024 yil yozida boshlangandi. Bu shaharlarda oldingi siljish haftasiga bir necha yuz metrdan oshmagan.
Toretskdagi janglar shaharning konlar va ularning terrikonlari joylashgan shimoliy va sharqiy chekkalarida kechmoqda. Aholi yashash kvartallari esa allaqachon RF qurolli kuchlari qo‘liga o‘tgan. Ukraina qurolli kuchlarining qarshilik o‘choqlari — temiryo‘l va uning yoqasida, shahar g‘arbida joylashgan sanoat zonasi bo‘lib qolmoqda.
Chasiv Yarda RF qurolli kuchlari Ogneuporniy kombinati hududini egallagan — bu Ukraina qurolli kuchlarining shahardagi asosiy istehkomi edi. Bunga Rossiya qo‘shini ukrainlarning kombinatga ta’minot yo‘lini kesib qo‘yib, shaharga shimoldan bostirib kirish orqali erishildi. Endi janglar bir vaqtlar Chasiv Yar markazi bo‘lgan xarobalarda kechmoqda.
Katta ehtimol bilan, yaqin oylar ichida Rossiyaning Toretsk va Chasiv Yarga hujum qilayotgan guruhlari bir vaqtning o‘zida yirik Konstantinovka shahriga yaqinlashadi — bu Kramatorsk — Slovyansk aglomeratsiyasining eng janubida joylashgan aholi yashash punktidir.
Ukraina qurolli kuchlarining bu yo‘nalishdagi muammolari ko‘p jihatdan bu yerdagi qo‘shinlarning bir qismi frontning boshqa uchastkalari, jumladan, Kursk oblastiga olib ketilgani tufayli bo‘ldi.
Kupyansk va Liman yo‘nalishlari
RF qurolli kuchlari Kramatorsk va Slovyanskka shimoldan yaqinlashtirishi kerak bo‘lgan amaliyotni davom ettirmoqda. Ammo hozirgi ilgarilash sur’atlari bu vazifani 2025 yilda bajarish uchun umid bermaydi.
Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlarini hududni shimoldan janubga qarab kesib o‘tuvchi Oskol daryosi ortiga chekintirishga urinmoqda. Kuzda ular Kupyanskdan janubda daryo bo‘yiga yetib kelgandi, ammo o‘tgan vaqt ichida bu muvaffaqiyatini rivojlantira olmadi.
Kupyanskning sharqiy sohildagi qismini zirhli texnikalar bilan egallash uchun urinishlar ham muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
Endi rus qo‘shini Oskolga janubdagi Tern va Makiyivkadan shimoldagi Borovayaga qadar bo‘lgan keng front bo‘ylab yetib kelishga urinmoqda.
Bundan tashqari, RF qurolli kuchlari Oskolni keyin daryoning g‘arbiy sohili bo‘ylab janubga yurish uchun Kupyanskdan shimolda ham kechib o‘tgan. Ukraina qurolli kuchlari bir necha haftadan buyon ushbu platsdarmni bartaraf eta olmayapti, ammo uning kengaytirilishiga ham yo‘l qo‘ymayapti.
Ukraina qurolli kuchlarining bu yo‘nalishdagi muammolari ham bu yerdagi eng jangovar bo‘linmalar frontning boshqa uchastkalariga olib ketilgani bilan bog‘liq.
Kursk oblasti
Ukraina qurolli kuchlari kuzgi muvaffaqiyatsizlik va chekinishdan keyin Sudja rayoni markazi atrofida mustahkam himoya chizig‘i yaratishga muvaffaq bo‘lgan. Kuz davomida va qishning ilk oylarida front chizig‘i taxminan ikki barobarga qisqardi. Va endi ukrain qo‘shinining bu hududdagi tig‘iz joylashuvi (to‘qnashuv chizig‘ining o‘rtacha bir kilometrini bir batalyon himoya qilmoqda va bu batalyonlarning ko‘pchiligi — Ukraina qurolli kuchlaridagi eng jangovar tuzilmalar sirasiga kiradi) butun frontdagi eng yuqorisi bo‘lib turibdi.
Rossiya guruhi ham asosan havo desant qo‘shinlari va dengiz piyodalarining eng yaxshi bo‘linmalaridan tarkib topgan. Ammo Donbass janubidagi vaziyatdan farqli o‘laroq ular bu frontda son jihatdan raqibdan katta ustunlikka ega emas.
Rossiya yurishining dastlabki oyidan keyin Ukraina qurolli kuchlari mudofaasida bir necha o‘ta muhim punktlar borligi oydinlashdi: platsdarm shimolidagi mudofaa qurilgan Malaya Loknya; uning janubi-g‘arbiy qismida, Ukraina bilan chegaradagi Sverdlikovo; Sudjaning janubiy chekkalari.
RF qurolli kuchlari uchala punktni ham egallashga urinmoqda. Ayniqsa Malaya Loknya atrofida og‘ir janglar kechmoqda, bu yerda pozitsiyalar ko‘p marta qo‘ldan qo‘lga o‘tmoqda. Sudjadan janubda Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlarining Maxnovkadagi qarshi hujumlari bilan to‘xtatilgan.
RF qurolli kuchlari Sverdlikovoga yangi yo‘nalishdan hujum boshlagan — bu safar Kursk oblastining Ukraina bilan chegarasi bo‘ylab harakat qilinmoqda. Rossiya qo‘shini Kursk oblastidagi Nikolayevo-Darinoni qaytarib olgan va Ukrainaning Sumi oblasti bilan chegarani kesib o‘tgan.
Rossiya qo‘shini Sudjaga yaqinlashgani sari ukrainlar qarshiligi faqat kuchayib bormoqda. Ammo butun front bo‘ylab Ukraina qurolli kuchlariga jangovar kuchlar yetishmayotgani inobatga olinsa, kichik hududda ikki tomonning eng yaxshi tuzilmalari ishtirokidagi qirg‘inbarot Kreml uchun ko‘proq foydali bo‘ladi.
Mavzuga oid

16:59
Frontdagi vaziyat: Moskva Kursk oblastidagi jiddiy yutuqlari haqida e’lon qilmoqda

13:19
Mask: Starlink hech qachon Ukrainadagi o‘z terminallarini o‘chirib qo‘ymaydi

23:40 / 09.03.2025
Ukraina Qrim ko‘prigini butunlay yakson qilish bo‘yicha yangi operatsiya tayyorlamoqda

20:11 / 09.03.2025