Jahon | 20:30 / 26.01.2025
8390
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga gumanitar yordam dasturini to‘xtatmoqchi, bu nima degani? Ekspertlar buning sababi va oqibatlari haqida

Hafta oxirida AQShning yangi davlat kotibi Marko Rubio ko‘plab xorijiy yordam grantlari bo‘yicha to‘lovlarni 90 kunga muzlatib qo‘yish va yangi grantlarni to‘xtatib turish to‘g‘risida farmoyish chiqargani ma’lum bo‘ldi. Bu Ukrainaga energetika, ta’lim va tibbiyot sohasidagi yordamlarni to‘xtatishni ham o‘z ichiga oladi. Shuningdek, ukrainalik qochqinlarni qabul qilish to‘xtatiladi.

Avvalroq prezident Donald Tramp ushbu mablag‘lar taqsimlanishi mamlakat tashqi siyosatiga mos kelishini tekshirish uchun yordam to‘lovlarini to‘xtatishni buyurgandi. Keyingi oylar davomida Mark Rubio qaysi dasturlarni uzaytirish, o‘zgartirish yoki to‘xtatish bo‘yicha qaror qabul qilishi kerak. Shu bilan birga, u hozirning o‘zida ayrim dasturlar uchun istisno qilishi ham mumkin.

Buning aks sadosi qanday bo‘ladi, Kiyevda muqobil yo‘l bo‘ladimi? Ekspertlar «Geosiyosat» dasturining navbatdagi sonida shu mavzuni ham muhokama qilishdi.

Kamoliddin Rabbimov: Donald Tramp farmoniga ko‘ra, Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordam uch oy davomida to‘xtatib turiladi hamda qayta ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, Ukrainaning asosiy prioritetlari uchun pul ajratilishda davom etadi.

Trampning o‘zi izolyatsiya tarafdori bo‘lgan beqaror siyosatchi bo‘lishi mumkin, ammo uning atrofida professional siyosiy elita mavjud. Ular juda yaxshi tushunadiki, agar ular Ukrainada mag‘lubiyatga uchrasa, bu Amerikaning Afg‘onistondagi urushdan keyingi ikkinchi yirik mag‘lubiyati bo‘ladi.

Urushni ayni pallada to‘xtatish Rossiya manfaatlariga juda mos bo‘lishi mumkin, biroq agar shunday qilinsa, bu Putin strategik jihatdan yutqazganini anglatadi. Chunki hozirda Rossiya konstitutsiyasiga kiritilgan 4 ta oblast to‘liq nazoratda emas, shuningdek, Ukrainaning mustaqil hududlari NATO va Yevropa Ittifoqiga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.

Putinning maqsadi esa Ukrainaning bunday imkoniyatlarini yo‘qqa chiqarish hamda o‘ziga bo‘ysundirishga qaratilgan. Putin urushni texnik jihatdan to‘xtatishi mumkin, biroq Qrim anneksiyasidan 8 yil o‘tib Ukrainaga hujum qilingani kabi yana bir necha yildan keyin qaytadan yurish boshlashi ehtimolini istisno qilib bo‘lmaydi.

Shuhrat Rasulov: Trampning mazkur qarorini uning saylovoldi va’dalari bilan bog‘lash mumkin. Kampaniya vaqtida Tramp juda ko‘p va’dalar berdi, ularni umumlashtirsak, u tejash siyosati bo‘yicha ish yuritmoqchi bo‘layotganini anglash mumkin.

Shuningdek, u dunyoga samaradorlikni tahlil qilish va ta’minlash borasida yangi institutni taqdim qildi. Bunda Tramp mamlakatning nafaqat ichki, balki tashqi xarajatlarini ham tejab qolishga urinmoqda. Mazkur tejalgan mablag‘ miqdori yiliga 500 mlrd dollarni tashkil etishi rejalashtirilgan.

Ukraina mazkur uch oy ichida zaiflashishi qiyin masala, chunki Jo Bayden ma’muriyatni tark etishidan oldin Ukrainaga katta miqdorda harbiy va moliyaviy yordam yuborgan va Ukraina bu resurslar yordamida 7-8 oy davomida bir xil maromda jang qilishi mumkin.

Hozirda Tramning atrofidagi siyosiy elita ham Ukrainaga yordam berish to‘xtatilmasligi kerak deb hisoblamoqda. Shuningdek, barcha siyosiy shaxslar hamda ommaviy axborot vositalari Afg‘onistondagi voqealar qaytarilmasligi kerakligini ta’kidlamoqda. Agar Ukraina va AQSh bu urushni boy bersa, barcha javobgarlik aynan Donald Tramp yelkasiga tushadi. Shuningdek, mag‘lubiyatning oldini olish maqsadida Rossiyaga tinchlik shartnomasi taklif qilinadi, Rossiya buni rad etsa, Trampning o‘zi ham Ukrainaga yordam salmog‘ini va sifatini oshirishi mumkin.

Oybek Sirojov: Donald Tramp Ukrainaga yordamni 90 kunga muzlatdi va shu bilan birga, [Rossiya va Ukraina bo‘yicha maxsus vakili] Kit Kellogga yaqin 100 kun ichida urushni to‘xtatib muzokaralarga kelishga ikki tomonni ko‘ndirish vazifasini topshirdi. Demak, mazkur uch oy davomida urushni to‘xtatish bo‘yicha turli shartnoma va qarorlar qabul qilinadi, bu esa Ukrainaning qabul qilajak qarorlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Mazkur muddat Rossiya uchun urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish imkoniyati hisoblanadi, agar shu muddat ichida Rossiya o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmasa, undan keyingi voqealar Rossiya uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Bu muzlatish frontdagi manzaralarga ta’sir ko‘rsatadi, biroq jiddiy emas, chunki Ukraina hozirgacha ham AQShdan keragicha yordam olib bo‘lgan. Bunday holat ilgari ham yuz bergan, ya’ni Kongress qarorlari kechikishi natijasida yordam yuborish muddati cho‘zilgan va Ukraina frontlarda ma’lum darajada qiyinchilikka uchrashni boshlagan. Hozir ham Rossiya frontlarda tinimsiz hujum uyushtirmoqda va oldinga siljimoqda, shunday ekan, Trampning qarori juda katta ta’sir ko‘rsatmasa ham, nisbatan Ukrainani zaiflashtiradi.

Mavzuga oid