Amerika migrantlarni quvmoqda, Isroil yangi hujum boshlamoqchi - hafta dayjesti

Jahon 13:45 / 26.01.2025 5079

Assalomu alaykum. Bugun yakshanba. «O‘rmon ahli» multfilmidagi to‘daboshi toshbaqaning ta’biri bilan aytganda, ertalab uyg‘onganimizda qish tugashiga 32 kun qolgan bo‘ladi. Ha, azizlar, bir oydan keyin rahmdil bahor boshlanib, saxiy Quyosh odamlarning og‘irini ancha yengil qiladi. Biz doimgidek ortda qolgan haftada dunyoda sodir bo‘lgan muhim voqealarni yodga olamiz.

Oldingi ko‘rsatuvdagi izohlarda kunlik dayjestlarda aytilmagan yangiliklarni ham berib borish taklif qilingan ekan. Bu fikrlarni inobatga olib, bugun hafta davomida tilga olinmagan boshqa xabarlarga ham to‘xtalamiz.

Sulh kuchga kirdi, lekin Isroil...

O‘tgan haftaning eng quvonchli yangiligi Isroil va HAMAS o‘rtasida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv kuchga kirgani bo‘ldi. Avvaliga HAMAS 3 nafar isroillik ayolni asirlikdan ozod qildi. Evaziga 90 falastinlik Isroil qamoqxonalaridan chiqdi. Ikkinchi bosqichda HAMAS 4 kishini qo‘yib yubordi. Evaziga 200 falastinlik ozodlikka chiqdi. Hozircha sulh reja bo‘yicha ketmoqda va shunday davom etsa, Navro‘zga borib Isroil bosqinchi armiyasi G‘azoni tark etishi kerak.

Lekin... Isroil endi G‘arbiy sohilda, ya’ni muqaddas Quddus shahri atrofida aksilterror operatsiyasi boshlashini e’lon qildi. Tel-Aviv buni shunchaki operatsiya deb anons qildi, lekin hozirgi podshohlarning shunchaki operatsiya degani nimani anglatishini ko‘rib turibsiz. Lekin G‘arbiy sohilda G‘azodagi kabi qirg‘inbarot bo‘lmasa kerak. Chunki u yerdagi Falastin muhtoriyati biroz kuchli. Hukmron FATH partiyasi ham muzokaralarni afzal ko‘radi. Nima bo‘lganda ham dunyo Isroilga Falastin xalqiga qarshi navbatdagi jinoyatni amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Tramp ish boshladi

Haftaning eng kutilgan voqeasi Donald Tramp inauguratsiyasi bo‘ldi. Respublikachi nomzod 20 yanvar kuni AQSh konstitutsiyasiga xiyonat qilmaslikka ont ichgach, rasman prezident lavozimiga kirishdi. U amerikaliklarga katta vadalar berdi. Inauguratsiya nutqida ko‘pchilik kutganidek Ukrainadagi urush va Rossiya haqida bir og‘iz ham gapirmadi. Avvaliga marosimda qatnashdi, keyin bayram dasturida xotini Melanya bilan raqsga tushdi, vitse-prezident Vens bilan dabdabali tortni kesib odamlarga tarqatdi, harbiy orkestr musiqa chalayotganda mashhur raqsini takrorladi. Xullas dimog‘ini chog‘ qilib uxlagani ketdi.

Keyinroq esa Fox News’ga intervyu berib, Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha rejalarini aytdi. Tramp urush boshlanishida Putin va Zelenskiyni ayblab, Rossiya uning shartlariga ko‘nmasa, Moskvaga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llashi, Kiyev allaqachon uning shartlariga roziligini aytdi. O‘z navbatida Rossiya ham muzokaralarga tayyorligini bildirdi. Tez orada Tramp va Putin ko‘rishishi kutilmoqda.

Amerika tashqi yordamni to‘xtatdi

Trampning kelishi AQSh tashqi siyosatida o‘z aksini topa boshladi. Yangi davlat kotibi Marko Rubioning buyrug‘i bilan AQSh barcha davlatlarga har qanday turdagi yordam berishni 90 kunga muzlatib qo‘ydi. Endi faqat Tramp tasdiqlagan davlatlarga yordam beriladi. Hozircha faqat Isroil va Misrga harbiy yordam ko‘rsatishga ruxsat etilgan.

Rossiyaga qarshi urushayotgan Ukraina ham uch oy davomida AQShdan humanitar va boshqa turdagi yordam ololmaydi. AQSh urush boshlanganidan buyon Ukrainaga 30 milliard dollardan ortiq harbiy bo‘lmagan yordam ko‘rsatgan. Lekin Ukrainaga avvalgi ma’muriyat tasdiqlagan harbiy yordam yuborilishda davom etadi.

Ma’lumot uchun, AQSh har yili dunyo davlatlariga gumanitar va boshqa turdagi yordamlar uchun 72 milliard dollar ajratadi.

«Tolibon» liderlariga order so‘raldi

Haagadagi xalqaro jinoyat sudi prokurori Karim Xon Afg‘onistonda hukumatni egallagan «Tolibon» harakati lideri Haybatulloh Ohundzoda va harakat tayinlagan Oliy sud rahbari Abdulkarim Haqqoniyni hibsga olish uchun order so‘radi. Ular ayollar va qizlarni, shuningdek, ularning yonini olganlarni ta’qib qilishda ayblanmoqda. «Tolibon» hukumat tepasiga kelganidan keyin Afg‘onistonda ayollar huquqlari keskin cheklandi.

Hali Haaga sudi «Tolibon» liderlarini hibsga olishga order bergani yo‘q, lekin katta ehtimol Karim Xonning so‘rovidan keyin bunday order beriladi. Bu sud avvalroq Vladimir Putinni, keyin Binyamin Netanyahuni hibsga olishga order bergan. Endi ro‘yxatga Haybatulloh Ohundzoda ham qo‘shilishi mumkin. Ro‘yxatmisan ro‘yxat o‘ziyam.

Slovakiyada namoyishlar

Slovakiyada hukumatga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. 24 yanvar kuni butun mamlakat bo‘ylab 100 mingdan ortiq odam bosh vazir Robert Fitsoning siyosatiga qarshi namoyishga chiqdi. Ular bosh vazir Rossiya bilan haddan tashqari yaqinlashib ketayotganidan norozi. Bratislavadagi Slovakiya hukumat binosi oldidagi maydonda to‘plangan 60 ming kishi Fitsoning iste’foga chiqishini talab qilgan. Namoyishchilar o‘zlari bilan Slovakiya hamda Yevropa ittifoqi bayroqlarini olib borib, «Slovakiya bu — Yevropa» deb hayqirishgan.

Slovakiya bosh vaziri oldinroq mamlakatda davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lgani haqida gapirib chiqqandi. Fitsoning iddao qilishicha, tashkilotchilar Slovakiya muxolifati bilan birga harakat qilmoqchi bo‘lgan. Namoyishchilar bosh vazirning bu gapiga ishonmay, unga qarshi bannerlar ko‘tarishdi. Ma’lumot uchun, Robert Fitso yaqinda Moskvaga borib, Vladimir Putin bilan uchrashib kelgandi.

AQSh migrantlarni quvishni boshladi

Donald Tramp va’da qilganidek AQSh mamlakatga noqonuniy yo‘l bilan kirib kelgan muhojirlarni haydab solishni boshladi. Oq uy bergan ma’lumotga ko‘ra, hozirgacha 538 nafar noqonuniy migrant qo‘lga olingan va yuzlab muhojirlar AQShdan chiqarib yuborilgan. Tramp janubiy chegaralarga noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish uchun AQSh harbiy dengiz piyodalarini yubordi. Oldinroq AQSh Milliy gvardiyasi ham bu jarayonga jalb etilgandi. Tramp prezidentlikka kirishsa, mamlakatda AQSh tarixidagi eng yirik deportatsiyani amalga oshirishini aytgandi.

Meksika ham

Agar siz Meksika orqali Amerikaga o‘tishni maqsad qilayotgan bo‘lsangiz, tezda fikringizdan qayting. Endi Meksika ham mamlakat yerlaridan AQShga o‘tadigan koridor sifatida foydalanayotgan noqonuniy migrantlarni uyiga qaytarib yubormoqchi. Bu haqda Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum ma’lum qildi. Prezident xonim migrantlarga humanitar yordam ajratilishi, lekin ular vataniga qaytarib yuborilishini aytdi.

Finlandiya issiq suvni g‘amlamoqchi

Hafta davomida dunyoda yaxshi ishlar ham bo‘ldi, albatta. Masalan, Finlandiyada issiq suvni zaxira qiladigan o‘ziga xos omborlar qurish boshlandi. 40 metr balandlikdagi bunday omborlar termos usulida quriladi va undagi suv energiya arzon bo‘lgan vaqtda isitilib, narxlar oshgan vaqtda qozonxonalarga yuboriladi. Bitta shunday ombor 10 ming metr kub suvni saqlab turadi va uni qurishga 5 million yevro ketadi.

Finlarning hisob-kitob qilishicha, hozirda 30 ga yaqin energetika kompaniyasi bunday tizimdan foydalanmoqda. Bunday termoslar qurish elektr energiyasi, ko‘mir narxi oshgan vaqtda ham iste’molchilar uchun issiqlik narxi oshmasligiga yordam beradi. Shuningdek, kompaniyalar yiliga 100 minglab yevroni tejashi mumkin bo‘ladi.

Kaliforniyada yangi yong‘inlar

AQSh yonishda davom etmoqda. Kaliforniyada navbatdagi yong‘inlar boshlandi. Los-Anjyeles okrugida yuzaga kelgan yangi o‘rmon yong‘inlari qisqa vaqtda 38 kilometr kvadrat maydonni egallab olgan. «Hyuz» yong‘ini 22 yanvar kuni Los-Anjyelesdan 80 km shimoldagi Kastaik ko‘li hududida boshlangan. Yong‘in boshlangan joylar butazor va yaylov bo‘lib, bir qismi o‘rmonga ulanadi. 30 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan.

KXDR yana «hasharchi» yuboradi

Shimoliy Koreya lideri Kim Chen Inga Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushish uchun qo‘shin yuborish evaziga olayotgan yordamlari xush yoqqan ko‘rinadi. Tovarish Kim Rossiyaning Kursk oblastida jang qilayotgan koreys brigadalariga qo‘shimcha kuch yuborishga qaror qildi. Bu haqda Pentagondagi manbalariga tayanib Amerika nashrlari yozgan. G‘arb harbiylari Shimoliy Koreya hozirgacha Ukrainaga qarshi urushda yarador va qurbonlarni qo‘shganda 4 mingdan ortiq harbiysini yo‘qotganini aniqlagan. O‘zi KXDRdan Rossiyaga 12 ming harbiy yuborilgan. Janubiy Koreya razvedkasi Ukrainaga qarshi urushda kamida 300 koreys askari o‘lganini aniqlagan. Ba’zi nashrlar Pxenyan Rossiyaga qo‘shimcha 5 ming harbiy yuborishi haqida yozgan.

Germaniyada dahshatli qotillik

Bavariyada 28 yoshli erkak istirohat bog‘idagi bir guruh bolalarga pichoq bilan hujum qildi. Oqibatda marokashlik ikki yoshli bola va uni himoya qilishga uringan 41 yoshli erkak halok bo‘lgan. Suriyalik ikki yoshli qizcha ham jarohat olgan. Gumonlanuvchi Afg‘oniston fuqarosi bo‘lib, 2022 yilda Germaniyaga borib, siyosiy boshpana so‘ragan, keyinroq esa arizasini qaytarib olgan. Bu hodisadan keyin Germaniyada migratsiya sohasida siyosatni qayta ko‘rib chiqishga undovlar yanada oshdi.

Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning so‘nggisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan yakshanbada ko‘rishguncha.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov. 

Ko‘proq yangiliklar: