Jahon | 13:30 / 16.02.2025
15805
13 daqiqa o‘qiladi

Tramp urushni tugatishga kirishdi, yahudiylarni AQShga ko‘chirish taklif qilindi – hafta dayjesti

Assalomu alaykum. Bugun yana yakshanba. Ortda qolgan haftada dunyo tinchlik tomon juda kichik bo‘lsa ham bir qadam tashladi deya olamiz. Hozircha hech narsa hal emas, lekin baribir urushni to‘xtatishga urinish boshlandi. Biz doimgidek notinch dunyomizda oxirgi hafta davomida nimalar sodir bo‘lganini yodga olamiz. Iltimos, YouTube-kanalimizga yuklangan videomizga like bosing, izohlarda fikringizni qoldiring. Shu tariqa siz bizning mehnatimizni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lasiz.

Tramp «telefonni qo‘lga oldi»

Ushbu haftaning eng muhim voqeasi AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina prezidentlari bilan gaplashgani bo‘ldi. Tramp avvaliga bir yarim soat Putin bilan gaplashdi. Bu suhbat tugashi bilan Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilib, 1 soat atrofida suhbat qurdi. Tramp bu qo‘ng‘iroqlar Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha tinchlik muzokaralarining boshlanishi dedi.

Hozircha Rossiya va Ukraina qanday shartlar asosida kelishishi aniq emas. Lekin uch tomonlama muzokaralar boshlash uchun ilk qadam tashlanganining o‘zi katta gap. Axir urush nafaqat ikki davlatni, balki narx-navoga ta’sir qilayotgani uchun butun dunyoni holdan toydirdi.

Trampning aytishicha, u har ikki davlat prezidentlari bilan alohida uchrashuv o‘tkazadi. Keyin amerikaliklar Putin, Zelenskiy va Tramp o‘rtasida uchrashuv tashkil etishga harakat qilishadi. Ukraina Rossiya bosib olgan shaharlarini qaytarib ololmasligi oydinlashib bormoqda. Lekin Kiyev hech bir hududini, xususan, 2014 yilda anneksiya qilingan Qrimni huquqiy jihatdan Rossiyaniki deb tan olmasligi ham aniq.

Myunxen konferensiyasi

Germaniyada an’anaviy Myunxen konferensiyasi o‘z ishini boshladi. Butun dunyodan vakillar to‘plangan konferensiyaning asosiy mavzusi Ukrainadagi urush muhokamasi bo‘ldi. Tramp Putin va Zelenskiyga bejizga aynan Myunxen konferensiyasi arafasida telefon qilgani yo‘q. AQSh prezidenti tomonlar Olmoniyada o‘zaro muloqot qilishlariga umid bildirgan. Lekin Rossiya vakillari konferensiyaga taklif qilinmagani uchun hozircha faqat Ukraina va AQSh vakillari o‘zaro uchrashuv o‘tkazgan.

Xususan, Zelenskiy AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashdi. Avvalroq konferensiyada chiqish qilib yevropalik siyosatchilarni tanqid qilgan vitse-prezident Vens prezident Zelenskiyga nima degani aniq emas. Lekin suratlar va videolarga qaraganda uchrashuvda Kiyev uchun unchalik yoqimli gaplar aytilmagan. O‘z navbatida Zelenskiy konferensiyadagi har bir chiqishida Kiyev Tramp va Putin Ukraina masalasida o‘zaro amalga oshirgan hech qanday kelishuvini tan olmasligini takrorladi. «Ular istagan mavzularida gaplashaverishsin, mening ishim yo‘q. Lekin Ukraina masalasida bizsiz muzokara o‘tkazishlari kerak emas», dedi Zelenskiy.

Chernobil AESga hujum

Tramp Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni tugataman deb yurganda ikki davlat o‘zaro hujumlarni davom ettirmoqda. Masalan, 14 fevralga o‘tar kechasi Ukrainada joylashgan Chernobil atom elektr stansiyasi ustida qurilgan himoya qobig‘iga zarbdor dron borib urildi. Ukraina prezidenti Zelenskiy Rossiya AESga hujum qilganini aytdi. «AESlarni egallab oladigan, ular hududida oqibatini o‘ylamay harbiy amaliyot olib boradigan dunyodagi yagona davlat Rossiya», dedi Zelenskiy. Kreml esa buni Kiyevning provokatsiyasi deb atadi.

1986 yil Chernobil AESda reaktor portlab, insoniyat tarixidagi eng xavfli yadroviy texnogen avariyalardan biri sodir bo‘lgan. Tezda atrofga tarqalgan radiatsiya yuzlab km hududlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Ukraina hukumati G‘arb davlatlari yordamida 2019 yil portlagan reaktor ustiga radiatsiya tarqalishiga qarshilik qiladigan qobiq o‘rnatgan. Ushbu qobiq joriy asr oxirigacha xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

HAMAS asirlarni qaytardi

O‘tgan hafta HAMAS Isroilni kelishuv shartlarini buzdi deb navbatdagi asirlarni ozod qilish bekor bo‘lgani haqida bayonot bergach, Isroil shanba kuni tushgacha va’da qilingan asirlar ozod qilinmasa, TSAHAL G‘azoda urushni qaytalashi bilan tahdid qilgandi. Kecha HAMAS uch nafar isroillik asirni ozod qildi. Ular orasida Rossiya fuqarosi ham bor. HAMAS bu galgi jarayonni ham shouga aylantirib yubordi. Asirlar Yahyo Sinvarning yurti bo‘lmish Xon-Yunisdan ozodlikka chiqarildi. Endi Isroil kelishuvga ko‘ra 369 falastinlikni qamoqxonalardan Falastinga qaytarishi kerak.

Shu tariqa HAMAS va Isroil o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi davom etadigan bo‘ldi. Hammasi reja bo‘yicha kechsa, Navro‘zga borib Isroil bosqinchi armiyasini G‘azodan olib chiqishi kerak.

«Yahudiylar Amerikaga ko‘chsin»

AQSh prezidenti Donald Tramp do‘sti Binyamin Netanyahu bilan uchrashuv vaqtida Amerika G‘azoni o‘ziniki qilishi, u yerdagi falastinliklar boshqa arab davlatlariga ko‘chirilishini aytgandi. Trampning bu gaplari arab olamida tahdid o‘laroq qarshilandi. Xalqaro maydonda ham hech kim bu taklifni qo‘llagani yo‘q.

Yamandagi xusiychilar esa bu gapi uchun Trampni troll qilishdi. Xusiychilar yetakchisi Abdul Malik al Xusi Isroildagi barcha yahudiylarni AQShga ko‘chirishni taklif qildi. «Amerikaning yeri katta», deb qo‘shimcha qildi u. Isroil bosh vaziri Netanyahu Saudiya Falastin davlatini o‘z hududida tuzaversin, ularning yeri katta deb aytgandi. Al Xusi shu tariqa Netanyahuni ham troll qildi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi bu borada yanada qiziqarli taklifni ilgari surdi. U AQShga isroilliklarni Grenlandiyaga ko‘chirishni taklif qildi. «Bu bir o‘q bilan ikki quyonni urish bo‘ladi», dedi Eron bosh diplomati.

Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon esa Trampga murojaat qilib, falastinliklar G‘azoda ko‘chmanchi bo‘lib yashamayotgani, bu ularning yeri ekanini eslatdi.

Gvatemaladagi avariya

Haftaning eng dahshatli voqeasi Gvatemalada sodir bo‘ldi. Yo‘lovchi avtobusi ko‘prikdan qulab, 51 kishi halok bo‘ldi. San Augustindan poytaxt Gvatemalaga qarab ketayotgan avtobus yo‘lovchilar bilan to‘la bo‘lgan va ko‘prikdan jarlikka qulagan. Avtobus haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, bir nechta mashinalarga, keyin ko‘prik to‘sig‘iga urilgan-da, daryo oqib o‘tadigan jarlikka qulagan.

Mash’um hodisaga avtobus tormoz tizimi ishlamay qolgani sabab bo‘lgani aytilmoqda. Shu o‘rinda haydovchilarga murojaat qilib, yo‘llarda ehtiyot bo‘lishni, tezlikni oshirmaslikni eslatmoqchimiz. Ayniqsa yo‘lovchi tashiyotgan avtobus haydovchilari. Siz odamlar hayotiga mas’ulsiz. Yo‘lga chiqishdan avval ulovni, albatta, texnik ko‘rikdan o‘tkazib oling.

Italiyada mafiyaga qarshi «ov»

Hafta boshida Italiyada Sitsiliya mafiyasiga qarshi keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazildi. Politsiya axborotida aytilishicha, «Koza nostra» (sitsiliyachada «mening ishim») mafiozlar guruhi yana o‘z ta’sir doirasini oshirish payiga tushib qolgan. Bu maqsadini amalga oshirish uchun sitsiliyalik yoshlar orasida yangi a’zolarni saralashga kirishgan. Politsiya va armiya zobitlari ishtirok etgan operatsiyada 180 kishi qo‘lga olingan.

Mask Open AIʼni sotib olmoqchi

Donald Trampning eng qalin maslahatchisiga aylangan Ilon Mask oxirgi yillarning eng zo‘r kashfiyoti ChatGPT yaratuvchisi Open AI kompaniyasini sotib olish uchun 97,4 milliard dollar va’da qildi. Amerika nashrlariga ko‘ra, Mask va Open AI bosh direktori Sem Altman anchadan buyon kelishmaydi. Altman Maskning bu harakatini raqobatchini sotib olishga urinish deb hisoblagan.

Tabiiyki, ChatGPT yaratuvchilari Maskning juda katta taklifini rad etishdi. Ular Maskka hazil bilan javob berib 9,74 milliard dollarga Twitterʼni sotib olishni taklif qilishgan.

Putin Jo‘laniy bilan gaplashdi

O‘tgan hafta Rossiya prezidenti Vladimir Putin Suriya yangi prezidenti Ahmad ash Sharaa yoki biz bilgan Abu Muhammad al Jo‘laniy bilan telefon orqali muloqot qildi. Jo‘laniy Putinning do‘sti Bashar Asad rejimini ag‘dargan «Hay’at tahrir ash Shom» guruhi qo‘mondoni hisoblanadi. Uning qo‘shini Asadni ag‘darganidan keyin suriyalik diktator oilasi bilan Moskvaga qochgan.

Bu voqealardan keyin Putin ilk marta Suriya yangi rahbari bilan muloqot qildi. Rossiya prezidenti Jo‘laniyga Suriyadagi vaziyatni yaxshilash bo‘yicha yordam taklif qilgan. Avvalroq Jo‘laniy Suriyadagi muammolar sababchisi Moskvada ekanini aytib, Rossiyadan Bashar Asadni topshirishni so‘ragandi.

Daniya migrantlarni saqlab qolmoqchi

Oxirgi vaqtlarda dunyoda mehnat muhojirlarini quvish, tahqirlash avj oldi. Davlatlar bu ishni xavfsizlik iddaosi bilan qilishga odatlanishdi. Aytaylik, bir nokas jinoyat qiladi, uning kasriga boshqa qozon qaynatish uchun tirikchilik qilib yurgan bechora muhojirlar baloga qoladi. Biroq aqlli davlatlar muhojirlar tayyor ishchi kuchi ekanini tushunib yetgan holda siyosat qilishyapti.

Masalan, Daniya mehnat muhojirlarini mamlakatda imkon qadar ko‘proq saqlab qolish yo‘llarini qidirmoqda. Tahlillar natijasida muhojirlar Skandinaviyadagi ajoyib davlatdan tez ketishlarining sabablaridan biri ta’lim tizimi ekani aniqlandi. Ya’ni mamlakat ta’lim tizimida muhojirlar farzandlari uchun kam yo‘nalishlar taqdim etilishi uchun ularning aksari bolalariga ta’lim berish uchun boshqa davlatlarga ketishga majbur bo‘lishmoqda. Tahlilchi Kelli Draper Rasmusson migrantlarni uzoqroq saqlab qolish uchun ta’limda xilma-xillikni oshirish kerak demoqda.

Hozir Daniya migratsiya bo‘yicha pik darajaga chiqdi va mamlakat tayyor mehnat resurslari bo‘lgan muhojirlarni saqlab qolishdan manfaatdor. Ayni damda mamlakatda yashayotgan muhojir bolalar daniya tilini bilsa, istalgan yo‘nalishda o‘qishi mumkin. Lekin inglizcha gaplashadigan yoshlar universitetlarda faqat xalqaro bakalavriat yo‘nalishida o‘qiy oladi.

Oqibatda bu oila bir necha yildan keyin Daniyani tark etishga majbur bo‘ladi. Tadqiqotchilar xalqaro yoshlar ham inglizchada mahalliy yoshlardek o‘qitilishi kerak deb hisoblaydi. Ularning fikricha, bu muhojirlar ko‘proq va hatto doimiy Daniyada qolishini ta’minlaydi.

Quyosh panellari ko‘mirni ortda qoldirdi

O‘tgan yilgi hisob-kitoblarga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 11 foizi quyoshdan olingan. 10 foiz energiya esa ko‘mir yoqiladigan IESlardan. Shu tariqa Yevropa Ittifoqida ilk marta quyosh stansiyalari ulushi ko‘mirda ishlaydigan IESlarni ortda qoldirdi. Belgiya shimolida joylashgan Xyosden-Zolder ko‘mir shaxtasi yopilganidan keyin uning oldida ulkan chiqindi maydoni yuzaga kelgandi. Endi bu maydonda ulkan quyosh stansiyasi tashkil etildi. 25 mingta quyosh panelidan yiliga 5 gigavatt soat energiya beradi.

2024 yil Yevropa davlatlari 47 foiz elektr energiyasini qayta tiklanadigan resurslardan olishgan. Bu o‘tgan yilgiga qaraganda 13 foiz ko‘proq degani. Tabiiyki, bu borada atom elektr stansiyalari yetakchi o‘rinda. Keyingi o‘rinlarda gazda ishlaydigan IESlar va gidroenergetika tarmoqlari qayd etilgan.

Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘zaro kelishuv asosida ko‘mirda ishlaydigan IESlardan voz kechmoqda. Bunga imkoni yo‘q davlatlar esa ko‘mirli IESlar ulushini 5 foizgacha kamaytirgan. Bu borada eng yomon vaziyat Germaniya va Polshada. Rossiya importi cheklangani sabab bu davlatlar yana ko‘mirdan ko‘proq foydalanishga majbur bo‘lgan.

Quyosh stansiyalari borasida ittifoqda Vengriya yetakchi. Mojarlar iste’mol uchun energiyaning 25 foizini quyoshdan olmoqda. Keyingi o‘rinlarda Gretsiya va Ispaniya bormoqda. Ular mos ravishda 22 va 21 foiz energiyani quyoshdan oladi.

Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan keyingi haftada ko‘rishguncha.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid