O‘zbekiston | 12:53 / 26.01.2025
5388
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yilda mansabdor shaxslarning jinoyat sodir etish holatlari keskin ko‘paydi

2023 yilda 3575 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, 2024 yilda ularning soni 4 906 nafarga yetgan.

2024 yilda jinoyat sodir etgan mansabdor shaxslarning soni keskin oshgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar bermoqda.

2024 yilda mansabdor shaxslarga nisbatan 3 821 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularda 4 906 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan.

2023 yilda mansabdor shaxslarga nisbatan 3 412 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularda 3 575 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan.

O‘tgan yilda javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslarning mavqeyi quyidagicha bo‘lgan:

  • respublika miqyosidagi xodimlar – 71 nafar;
  • viloyat miqyosidagi xodimlar – 410 nafar;
  • tuman (shahar) miqyosidagi xodimlar – 4 425 nafar.

2023 yilda jinoyat sodir etgan respublika miqyosidagi xodimlar soni 49 nafar, viloyat miqyosidagi xodimlar 267 nafar, tuman (shahar) miqyosidagi xodimlar 3 259 nafar bo‘lgan.

Javobgarlikka tortilgan mansabdor shaxslar sodir etgan jinoyat turlari quyidagicha bo‘lgan:

  • o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilganlar – 2 929 nafar (2023 yilda 2 205 nafar bo‘lgan);
  • pora olgan va berganlar, pora oldi-berdisida vositachilik qilganlar – 353 nafar (2023 yilda 195 nafar bo‘lgan);
  • firibgarlik qilganlar – 447 nafar (2023 yilda 272 nafar bo‘lgan);
  • mansab vakolatini suiiste’mol qilganlar – 226 nafar (2023 yilda 397 nafar bo‘lgan);
  • hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqqanlar – 13 nafar (2023 yilda 30 nafar bo‘lgan);
  • mansab soxtakorligiga yo‘l qo‘yganlar – 13 nafar (2023 yilda 36 nafar bo‘lgan);
  • mansabga sovuqqonlik bilan qaraganlar – 40 nafar (2023 yilda 25 nafar bo‘lgan);
  • boshqa jinoyatlarni sodir etganlar – 885 nafar (2023 yilda 415 nafar).

Mavzuga oid