Iqtisodiyot | 20:50 / 25.01.2025
5496
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan Hayraton-Mozori-Sharif temiryo‘lidan foydalanish bo‘yicha shartnomani uzaytirdi

Bunda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning «Sogdiana trans» MChJ Hayraton-Mozori-Sharif temiryo‘liga xizmat ko‘rsatuvchi operator sifatida saqlanib qoladi.

Foto: Transport vazirligi

21-23 yanvar kunlari Toshkent shahrida Afg‘oniston jamoat ishlar vazirining temiryo‘l masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muhammad Sohibzoda boshchiligidagi delegatsiya bilan samarali uchrashuvlar tashkil etildi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, transport vaziri Ilhom Mahkamov boshchiligida o‘tkazilgan uchrashuvda afg‘on tomoni bilan transafg‘on temiryo‘l qurilish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish yuzasidan fikr almashilgan va tomonlar kelgusi ishlarni tashkil etish bo‘yicha kelishib olgan.

Shu bilan birga, ikki davlat temiryo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida faol hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Hayraton—Mozori-Sharif temiryo‘lidan foydalanish va unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnomani uzaytirish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Bunda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning «Sogdiana trans» MChJ Hayraton—Mozori-Sharif temiryo‘liga xizmat ko‘rsatuvchi operator sifatida saqlanib qoladi.

Ma’lumot uchun, loyiha qiymati 129 mln dollar, uzunligi 75 km bo‘lgan Hayraton—Mozori-Sharif temiryo‘li 2010 yilning noyabr oyida qurib bitkazilgan. Uni boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini 2011 yilning dekabridan beri «O‘zbekiston temiryo‘llari» aksiyadorlik jamiyati shu’ba korxonasi «Sogdiana trans» amalga oshirib kelayotgan edi.

2023 yilda Termizda Afg‘oniston temiryo‘l boshqarmasi va «Sogdiana Trans» o‘rtasida Hayraton—Mozori Sharif temiryo‘lida ekspluatatsiya ishlarini davom ettirish to‘g‘risida yangi kelishuv imzolangan. Yangi kelishuvga ko‘ra, «Sogdiana Trans» «Hayraton—Mozori Sharif» temiryo‘liga yana 2 yil xizmat ko‘rsatishi kerak.

Mavzuga oid