Sport | 16:08 / 25.01.2025
8627
15 daqiqa o‘qiladi

«Manchester Siti» «Chelsi»ga qarshi, mag‘lub bo‘lmayotgan «Yuve» «Napoli» mehmoni. Hafta o‘yinlari anonsi

Sizlarga yana bir yaxshi xabarimiz shundaki, dam olish kunlari Abduqodir Husanovning «Manchester Siti»sidan boshqa jamoalar ham futbol o‘ynaydi va bir qator qiziqarli uchrashuvlar ham bor. Angliyada mavsumning ikki kashfiyot jamoasi kuchlini aniqlasa, «Yuventus»ni mag‘lub etishga bu safar «Napoli» urinib ko‘radi. Ispaniyada esa «Barselona» Madrid klublarini ta’qib qilishda davom etish uchun «Valensiya» qarshiligini sindirishi lozim.

Foto: Getty Images

BORNMUT – NOTTINGeM FOReST (25 yanvar, 20:00)

Normal dunyoda biz bu jamoalarning o‘zaro o‘yinini faqat mavsum oxirida, masalan, ligada qolish uchun muhim bahs sifatida taqdim etishimiz mumkin edi xolos. O‘tgan mavsumda «o‘rmonchilar» APLda qolish uchun kurash olib borgan, ikki yil oldin esa umuman har ikkisi o‘zaro mana shu maqsad uchun raqobat qilgandilar. Uni qo‘ying, atigi uch yil oldin bu jamoalar Chempionshipda kuch sinashgandilar. Bu safar esa hammasi boshqacha, «Nottinghem» ochkolar bo‘yicha turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda borayotgan bo‘lsa, «Bornmut» ham uzoqda emas, kuchli to‘rtlikdan atigi 3 ochko ajratib turibdi xolos. Nisbatan olganda u qadar katta imkoniyatga ega bo‘lmagan klublarning APL da bu qadar oldinlab ketganlari albatta, aqlli boshqaruv va murabbiyning mehnati bilan sodir bo‘lyapti, deyish mumkin.

Odatda, tarkib jihatidan o‘rtamiyona bo‘lgan klublarning yuqorida yurishi ma’lum bilar ssenariy ostida kechadi – himoyada mustahkam turib, qarshi hujumlar orqali natijaga erishish mumkin. Ammo aynan bu mavsumdagi ko‘pgina jamoalar haqida gap borganda, o‘zining tanish uslubi, o‘ziga xos jihatlarini payqash qiyin emas. «Nottinghem» ko‘proq o‘sha ana’anaviy ingliz klublari kabi tezkor qarshi hujumlar, himoyada tajovuzkor o‘yinga asoslangan bo‘lsa, «Bornmut»ni bemalol pressing-mashina deyish mumkin. Iraola shogirdlarining ayniqsa, top-jamoalarga qarshi o‘yinlari tahsinga sazovor – Manchester klublari, «Arsenal» va «Tottenhem» mag‘lub etildi. So‘nggi turda esa hatto tajovuzkor «Nyukasl» o‘z maydonida o‘z uslubida tor-mor etildi - 4:1.

Shu bilan birga ayni damda ham har ikki jamoa juda yaxshi sport formasida ekanini ham ta’kidlash kerak. «Nottinghem» oxirgi 9 o‘yinda 8 g‘alaba va bir marta «Liverpul» bilan durangga erishdi. «Bornmut»ning mag‘lubiyatsiz seriyasi esa 11 uchrashuvga yetgan. Albatta, ushbu o‘yinni o‘tkazib yuborish mumkin emas.

Shu o‘rinda Iraolaga tan berish uchun yana bir sabab shuki, «Bornmut» mana shunday natijalarga tarkibda 10 futbolchi jarohat tufayli yordam bera olmayotgan paytda ro‘y bermoqda. Teverniye, Smit, Xill, Arauxo, Senesi, Evanilson, Unal, Sinisterra kabi futbolchilar turli darajadagi jarohatlar tufayli, so‘nggi o‘yinlarni o‘tkazib yubordilar va ushbu o‘yinda ham sheriklariga yordam bera olishmaydi. Mehmonlar safida esa Kallum Xadson-Odoining maydonga tushishi so‘roq ostida. U o‘tgan turda kichik jarohat tufayli birinchi taymdayoq maydonni tark etgandi.

Birinchi davradagi uchrashuv, shuningdek, o‘tgan mavsumda Bormuntda kechgan o‘yinda ham bir xil – 1:1 hisobi qayd etilgandi.

ATLeTIKO – VILYaRReAL (25 yanvar, 20:15)

O‘tgan turda «Leganes» «Atletiko»ning 15 o‘yindan iborat g‘alabali seriyasiga chek qo‘ydi. Umuman «Leganes» xavfli raqib ekani, ular hatto «Barselona»ni ham safarda mag‘lub etganini yaxshi eslaymiz. Ammo bu safar madridliklardan chinakamiga omad yuz o‘girdi ham. «Atletiko» shu o‘yinning o‘zida beshta o‘ta xavfli vaziyatni golga aylantira olmadi. Yuqorida eslangan seriyadagi g‘alabalar ichida chinakamiga omad kulib boqqanlari ham borligini inobatga olsak, mantiqan hammasi to‘g‘ri bo‘ldi deyish ham mumkin. Shunisi aniqki, «Atletiko» hali ham chempionlik poygasida va «Real»dan atigi 2 ochko ortda bormoqda xolos.

«Vilyarreal» ham yevrokuboklar zonasida bormoqda va agar omad kulib boqsa, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun ham kurashishi mumkin. Agar bu yilgi yevrokuboklarda ispan jamoalari yaxshi qatnashib, ChL o‘rinlari sonini beshtaga oshirib olishsa, «Vilyarreal»ning ayni paytda egallab turgan o‘rni ham yo‘llanma uchun yetarli bo‘ladi. Har xolda keyingi eshalon jamoalari ichida aynan Marselino shogirdlari nisbatan barqaror ko‘rinmoqda. Shu o‘rinda ta’kidlash ham kerakki, «Vilyareal» uy o‘yinlaridan ko‘ra safarda yaxshiroq o‘ynab, ko‘proq ochko to‘plab kelmoqda. Bu jamoalarning birinchi davradagi uchrashuvi esa 2:2 hisobidagi jangovor durang bilan yakuniga yetgandi. Umuman agar so‘nggi yillardagi o‘zaro o‘yinlar natijalarini olsak ham, «sariqlar» «Atletiko»ga doim munosib qarshilik ko‘rsata olganini guvohi bo‘lamiz. Madridliklar doim yuqori o‘rinlar uchun kurashib kelgan bo‘lishsa-da, «Vilyarreal»ga qarshi kechgan oxirgi 27 o‘yinning atigi 10 tasini o‘z foydasiga hal qilgan xolos. Madridda o‘tgan uchrashuvlarni alohida olsak ham so‘nggi 13 o‘yinda 6 g‘alaba, ya’ni bahslarning yarmidan ko‘pida «Vilyarreal» ochko olib ketishning uddasidan chiqqan. Ushbu stadiondagi oxirgi 4 o‘yindan atigi bir marta mezbonlar g‘alaba qozonishni uddalashgan xolos.

Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, «Atletiko» safida Aleksandr Syorlotning maydonga tushishi so‘roq ostida. Shuningdek, Kleman Langle «Leganes» bilan o‘yinda navbatdagi sariq kartochkasi tufayli diskvalitsiya qilingan. «Vilyarreal»da esa jarohatlanganlar deyarli yo‘q. Ilyos Axoma ancha oldin va uzoq muddatga safdan chiqqanini aytmasa, so‘nggi o‘yinlarda maydonga tushayotgan hamma futbolchi tayyor.

Faqat jismoniy holat bo‘yicha mehmonlarda biroz ustunlik bo‘lishini taxmin qilish mumkin. Sababi, «Atletiko» hafta o‘rtasida Chempionlar Ligasi doirasida o‘yin o‘tkazdi. «Bayyer»ga qarshi qiyin uchrashuvda madridliklar deyarli butun uchrashuv mobaynida bir kishi kam bo‘lib o‘ynashlariga to‘g‘ri keldi.

NAPOLI – YuVeNTUS (25 yanvar, 22:00)

«Yuventus» hali biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan bo‘lsa-da, ayni damda uch marta mag‘lubiyatga uchrab ulgurgan «Napoli»dan 13 ochko orqada bormoqda. Shu bilan birga «Yuventus»ning duranglarida g‘alaba tomon og‘ish ko‘proq ekanini ham ta’kidlash kerak. Ya’ni aksariyat o‘yinlarda turinliklar raqibga nisbatan yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishgan va g‘alabaga haqliroq bo‘lishgan. Taqqoslash uchun agar yaratilgan vaziyatlar va o‘z darvozasiga oldida qo‘yib berilgan imkoniyatlar o‘lchovida taqqoslaganda «Napoli» va «Yuventus» deyarli teng ko‘rsatkichga ega. Bu yerda ko‘proq «Napoli»ning omadi chopayotgani, normal holatdan ko‘ra 12 ta gol ko‘proq urganini e’tirof etish kerak. Aslida Konte jamoalari uchun bu ham odatiy hol.

«Napoli» to‘p nazorati bo‘yicha ligada 9-o‘rinda, yaratilgan imkoniyatlar bo‘yicha 5-o‘rin, aniq zarbalar sonida 11-o‘rin, o‘ta xavfli vaziyatlar bo‘yicha 8-o‘rin – shu holatda ham «Napoli» peshqadam bo‘lib turgani avvalo, hujumchilarning realizatsiya borasidagi yaxshi ekanliklari bilan bog‘liq. Bundan tashqari, himoyadagi ko‘rsatkichlar, gol o‘tkazishda «Napoli» A Seriyada yaqqol peshqadam.

Shu bilan birga, «Inter»ni ham unutmaslik kerak. Milanliklar yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha «Napoli» bilan bir xil, mabodo qoldirilgan o‘yinni o‘z foydasiga hal qilsa to‘plar nisbati bo‘yicha o‘tib ham ketadi. Shu tufayli raqib kim bo‘lishidan qat’i nazar «Napoli»ning ochko yo‘qotishga haqqi yo‘q. Konte shogirdlarining keyingi ikki safar o‘yini Rimga bo‘lishi, bir oydan keyin esa «Inter» bilan o‘zaro o‘yini borligini ham e’tiborga olsak, mavsumning hal qiluvchi pallasi kirib kelmoqda. Bu aynan «Napoli» uchun ayniqsa, o‘rinli, zero jamoa A Seriyasidan boshqa musobaqalarda qatnashmayapti, barchasi aynan mana shu turnirga tikilgan. Bu bir tomondan o‘yinlar uchun tayyorlanishda qo‘l kelayotgan bo‘lsa-da, boshqa tarafdan jamoaga ortiqcha bosim yuklaydi. Boshqa turnirlardagi sovrinlar yoki yaxshi ishtirok orqali mavsumni qutqarib qolish imkoniyati yo‘q. Misol uchun, «Yuventus» Chempionlar Ligasida keyingi bosqichni o‘ylayapti, shuningdek, Italiya kubogi o‘yinlari ham kutib turibdi.

O‘zaro o‘yinlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, «Yuventus»da biroz ustunlik bor – oxirgi 36 o‘yindan 16 tasida turinliklarning qo‘li baland kelgan. «Napoli» faqat 12 o‘yinda g‘alaba qozongan xolos. Ammo aynan Neapolda o‘tgan uchrashuvlarni olsak, oxirgi 16 o‘yinning 9 tasida «Napoli» g‘alaba qozonishni uddalagan. Jumladan, ushbu stadiondagi oxirgi 5 o‘yin mezbonlar g‘alabasi bilan tugagan.

MANCheSTeR SITI – CheLSI (25 yanvar, 22:30)

«Manchester Siti»ning natijalari yaxshilandi deyish mumkin, ammo hali butunlay inqirozdan chiqib ketgani yo‘q va masalan, o‘tgan mavsumdagi «Siti»dan ancha uzoqda ekani sir emas. Ayniqsa, safar o‘yinlarida jamoa o‘yin nazoratini ushlab turishning uddasidan chiqa olmagandi. «Brentford» va «PSJ»ga qarshi o‘yinda 2:0 hisobidagi g‘alabani qo‘ldan chiqarish, masalan, avvalni «Siti» uchun umuman xos emasdi. Bu albatta, himoya chizig‘idagi muammolarga bevosita bog‘liq – Uoker jamoani tark etdi, Diash yana jarohat oldi, natijada to‘p nazorat qilishdagi salobat ham yo‘qoldi, deyish mumkin.

Shu tomondan, Abduqodir Husanovning ilk imkoniyatdayoq maydonga tushishi u qadar kutilmagan holat bo‘lmaydi. Pep Gvardiolaning o‘zi ham Husanov maydonga tushishga tayyor ekanini yashirib o‘tirmadi. Hamyurtimizning tezligi, yakkakurashlardagi mahorati ayniqsa, top-raqiblarga qarshi o‘yinda qo‘l kelishi mumkin.

Albatta, «Chelsi» – top raqib. To‘g‘ri, so‘nggi o‘yinlarda APLda londonliklarning omadi yurishmadi, qatorasiga 4 o‘yinda g‘alaba nimaligini bilmadi ham, ammo «Vulverhempton» ustidan qozonilgan g‘alaba futbolchilarga qo‘shimcha kuch berishi turgan gap. Buning ustiga «Chelsi» «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinlarni odatda juda yaxshi o‘tkazadi. Hatto «Siti» yaqqol peshqadam bo‘lib, «Chelsi «muammolar girdobida qolganida ham munosib qarshilik bo‘lgan va ko‘p marta «Chelsi» ochko olishning uddasidan chiqqan. Buning ustida Enso Mareska o‘z vaqtida «Manchester Siti» akademiyasida ishlagani, qaysidir ma’noda Pepning shogirdi ekani ham uchrashuvga qo‘shimcha intriga beradi. Ilk duel esingizda bo‘lsa, avgust oyida, birinchi turda ro‘y bergan va «Manchester Siti» «Stemford Brij»da 2:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Ammo u boshqa davr bo‘lganini, qariyb uch oydan beri «Manchester Siti»ga har bir g‘alaba osonlik bilan kelmayotganini ta’kidlash kerak. Shu o‘rinda «Chelsi» ayniqsa safar o‘yinlarida samaraliroq harakat qilyapti va bu borada faqat «Liverpul» va «Nottinghem»dan ortda xolos. «Siti» esa o‘z maydonida bu mavsum ikki marta mag‘lubiyatga uchrab ulgurdi.

Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, Gvardiola o‘yindan oldingi matbuot anjumanida Diashdan tashqari, Doku ham yordam bera olmasligini ma’lum qildi. Ammo yangi xaridlar bo‘lmish Husanov va Marmush qaydnomadan o‘rin olishini ta’kidladi. Mehmonlar tarkibida esa Fofananing o‘rni hali ham bilinyapti. Shuningdek Laviya ham kamida yana bir oy maydonga qayta olmaydi.

Sport formasi haqida gap ketganda, «Manchester Siti» Parijda qiyin uchrashuvda maydonga tushganini ham e’tiborga olish kerak. Manchesterliklar deyarli bir tarkib bilan harakat qilishyapti, kelasi hafta «Bryugge»ga qarshi o‘ta muhim o‘yin bor. Bu o‘yinda g‘alaba qozona olmaslik «Manchester Siti»ni musobaqadan chiqarib yuboradi. Demak Gvardiola aqlining bir chekkasida boshqa o‘yinlarni ham o‘ylashga majbur, Mareskada esa bunday majburiyat yo‘q.

BOShQA O‘YINLAR

25 yanvar. Komo – ATALANTA (19:00), BORUSSIYa D – Verder (19:30), Leypsig – BAYYeR (19:30), Frayburg – BAVARIYa (19:30), LIVeRPUL – Ipsvich (20:00), Sauthempton – NYuKASL (20:00), Vulverhempton – ARSeNAL (20:00), Valyadolid – ReAL (26 yanvarga o‘tar kechasi, 01:00), PSJ – Reyms (26 yanvarga o‘tar kechasi, 01:05)

26 yanvar. MILAN – Parma (16:30), Lechche – INTeR (22:00), TOTTeNHEM – Lester (19:00), ASTON VILLA – Vest Hem (21:30), Fulhem – MYu (23:55), BARSeLONA – Valensiya (27 yanvarga o‘tar kechasi, 01:00).

Mavzuga oid