Sport | 16:33 / 15.02.2025
10738
19 daqiqa o‘qiladi

«Manchester Siti» «Nyukasl»ga qarshi, «Bavariya» «Bayyer» mehmoni. Hafta o‘yinlari anonsi

Yevropada bu dam olish kunlari qiziqarli to‘qnashuvlar juda ko‘p. Germaniya va Italiyada mahalliy Klasikolar bo‘lib o‘tsa, Manchesterda yana Husanovning maydonga tushishini birgalikda kutamiz. Angliyada yana bir o‘yin barchaning e’tiboridan chetda qolmasa kerak – mavsumning ikki omadsiz top-klubi kim kuchsiz ekanini aniqlashadi.

Foto: Getty images

MANCheSTeR SITI – NYuKASL (15 fevral, 20:00)

Kecha «Chelsi» Braytonda yutqazgach, kuchli to‘rtlik uchun da’vogarlarda yangi imkoniyat paydo bo‘ldi, deyish mumkin. Ayni paytda 41 tadan ochko to‘plab, 4-5 o‘rinlarni egallab turgan bu ikki raqibning g‘olib bo‘lgani turni 4-o‘rinda yakunlashi aniq. Durang esa «Bornmut»ni kuchli to‘rtlikka ko‘tarib yuborishi mumkin.

«Manchester Siti» ayniqsa, «Real»ga qarshi omadsiz o‘yindan keyin vaziyatni o‘nglashga urinishi tabiiy. Yil boshidagi g‘alabalardan so‘ng «Manchester Siti» nihoyat inqirozdan chiqib ketgandek tuyulgan bo‘lsa-da, bu ko‘proq osonroq taqvim tufayli bo‘lsa kerak, zero hozircha kuchliroq raqiblarga qarshi o‘yinlarda eski muammolar ko‘zga tashlanyapti. Ham «Arsenal», ham «Real»ga qarshi o‘yinda imkoniyat bor berildi, oldinda esa «Nyukasl»dan tashqari, «Real» bilan javob o‘yini, shuningdek, yana keyingi uch kun ichida «Liverpul» va «Tottenhem»ga qarshi uchrashuvlar kutib turibdi.

Mehmonlarning imkoniyatini oshiruvchi yana bir jihat shundaki, «Nyukasl» ushbu mavsumda umuman yevrokuboklarda qatnashmayapti, demak o‘yinlarga tayyorgarlik uchun ko‘proq vaqtga ega bo‘lmoqdaki, bu Eddi Hau uslubi uchun juda ahamiyatli faktor. «Manchester Siti» esa yuqorida aytilganidek, uch kun oldin «Real»ga qarshi qiyin o‘yinda ishtirok etdi. O‘yin futbolchilarning jismoniy kuchini olish bilan birgalikda, Grilish, Akanji kabi futbolchilar jarohat tufayli maydonni erta tark etishdi va «Real»ga qarshi o‘yinni ham o‘tkazib yuboradigan bo‘lishdi.

Darvoqe, Akanjining jarohati hamyurtimiz Abduqodir Husanovning asosiy tarkib uchun imkoniyatini oshirishi mumkin. Jamoada hammasi bo‘lib to‘rt nafar himoyachi bor xolos va Pep Gvardiola kelasi haftadagi Chempionlar Ligasini o‘ylashga majbur. Shu jihatdan Akanji «Real»ga qarshi o‘ynagan o‘ng qanotda Husanovni sinab ko‘rish ehtimoli ham bor. Zero Husanov «Lans»da bu pozitsiyada ham o‘zini ko‘rsata olgan. Shuningdek. Nunezni o‘ng qanotga qo‘ygan holda uch markaziy himoyachili variant ham sinab ko‘rilishi mumkin – u holda Husanovda o‘ng markaziy himoyachi sifatida katta tajriba bor.

«Nyukasl»ga kelsak, Eddi Hau tarkibida eng katta yo‘qotish Joalintonning maydonga tusha olmasligidir. Maydon markazida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan futbolchi kamida yana bir oy sheriklariga yordam bera olmaydi. Shuningdek, «Nyukasl»ning ushbu mavsumda o‘z maydonidan ko‘ra safarda yaxshiroq natija qayd etayotganini ham ta’kidlash kerak. Jamoa safardagi natijalari bo‘yicha faqat kuchli uchlikdan yomonroq natija ko‘rsatgan xolos. Qizig‘i, «Siti» uy o‘yinlarida yaxshiroq – Pep shogirdlari bu borada faqat o‘sha uchlikdan orqada bormoqda.

Birinchi davradagi o‘yinda 1:1 hisobida durang qayd etilgan. Ammo «Etihad»dagi o‘yinlarda mehmonlarning ahvoli juda chatoq – APL uchrashuvlarida «Nyukasl» oxirgi marta Manchesterning ko‘k tarafida 25 yil avval g‘alaba qozongan. «Siti» shayxlar qo‘liga o‘tmasidan oldin o‘rtamiyona jamoa ekanini inobatga olsak, juda qiziq. Durang esa 2006 yilda qayd etilgan. Oxirgi 16 uy uchrashuvida «Manchester Siti» faqat g‘alaba qozonib kelyapti, so‘nggi 6 o‘yinda esa mehmonlar birorta gol ham ura olishgani yo‘q.

LATsIO – NAPOLI (15 fevral, 22:00)

«Inter»ning qoldirilgan o‘yindagi mag‘lubiyati «Napoli»ga peshqadamlikni saqlab qolish imkonini taqdim etdi, ammo Konte shogirdlari ham so‘nggi ikki o‘yinda durang qayd etayotganini ta’kidlash joiz. Yevrokubok o‘yinlari avj pallaga kirayotgani ham endi neapolliklarga qo‘l keladi, zero jamoa A Seriyadan boshqa musobaqada qatnashmayapti. Tabiiyki, bu «Inter» va «Atalanta» bilan raqobatda ustunlik beruvchi asosiy faktor sifatida ishlaydi. Buning uchun albatta, avvalo «Napoli» o‘z o‘yinlarini foydasiga hal qilishi shart.

Bu oson bo‘lmasligi aniq, chunki «Latsio» so‘nggi yillarda «Napoli» uchun ancha noqulay raqibga aylanib qolgani bor gap. Oxirgi besh o‘zaro o‘yinning 4 tasida rimliklarning qo‘li baland kelgan va bir o‘yin durang bilan yakunlangan. Birinchi davradagi uchrashuvda Isaksenning goli evaziga «Latsio» mehmonda uch ochko egasiga aylangan bo‘lsa, ikki oy oldin mamlakat kubogi doirasidagi o‘yinda «Latsio» o‘z maydonida 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, raqibini musobaqadan chiqarib yuborgandi.

Jarohatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, maydon egalari tarkibida Evra va Vesino sheriklariga yordam bera olishmaydi. Shuningdek, bir paytlar besh yil «Napoli» tarkibida to‘p surgan Xyusay ham shu oy oxirigacha safdan chiqqan. Antonio Konte esa Leonardo Spinatssola, Matias Olivera va David Nereslarning yordamidan foydalana olmaydi. Uchala futbolchi ham katta ehtimol bilan kelasi oy boshida to‘liq tiklanishadi.

Agar uslublar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, bir-biriga biroz teskari jamoalar ekaniga amin bo‘lamiz. Masalan, «Napoli»ning hozirgi peshqadamligi ko‘proq ishonchli himoya bilan bog‘liq. Bu Antonio Kontening barcha boshqargan jamoalariga xos xususiyat. Jamoa ligada eng kam gol o‘tkazib yuborgan, shuningdek, gol o‘tkazmay yakunlagan uchrashuvlar soni ham eng ko‘p – 12 ta. Rimliklar esa aksincha, ko‘proq hujumdagi ko‘rsatkichlari bilan maqtanishi mumkin. «Latsio» yaratilgan imkoniyatlar, xavfli vaziyatlar bo‘yicha «A Seriya»da kuchli uchlikda bormoqda. Misol uchun darvozaga berilgan aniq zarbalar borasida «Latsio» faqat «Atalanta», «Inter» va «Milan»dan keyingi pog‘onada turgan bo‘lsa, «Napoli» bu jihatdan hatto kuchli o‘nlikda ham emas. Lukaku, Maktominey kabi futbolchilar asosan vaziyat

BAYYeR – BAVARIYa (15 fevral, 22:30)

O‘tgan yilning fevral oyida ham jamoalar Liverkuzenda to‘qnash kelgan va aynan o‘sha uchrashuv chempionlik masalasiga oydinlik kiritgandi. Faqat jamoalarning holati bugungiga nisbatan teskari edi. O‘shanda «Bayyer» katta farq bilan «Bavariya»ni ortda qoldirayotgan bo‘lib, 3:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng farq yanada oshgan va myunxenliklarda deyarli imkoniyat yo‘qligi ma’lum bo‘lgandi. Hozirda esa «Bavariya» 8 ochkolik farq bilan oldinda bormoqda va agar ushbu o‘yinda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, masofa 11 ochkoga yetadi va mezbonlarda keyin raqibiga yetib olish imkoniyati deyarli yo‘qqa chiqadi. Mabodo «Bayyer» g‘alaba qozonib, farqni 5 ochkoga qisqartiradigan bo‘lsa, hali butun intriga oldinda ekanini taxmin qilish mumkin.

«Bavariya» g‘alaba qozonsa, deyapmiz-u, «Bayyer»ni yutish Germaniyada deyarli imkonsiz holatga kelganini ta’kidlash kerak. Alonso shogirdlari o‘tgan mavsumni mag‘lubiyatsiz yakunlagan bo‘lsa, bu safargisida faqat bir marta «Leypsig»ga yutqazishdi xolos. Ayni paytda jamoaning mag‘lubiyatsiz seriyasi 19 uchrashuvni tashkil qilmoqda. To‘g‘ri, durang ham biroz ko‘p, yettita, aynan shu omil hozirda «Bavariya» bilan jiddiy farq yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. O‘zar o‘yinlarni olsak ham, Alonso davrida liverkuzenliklarda yaqqol ustunlikni ko‘rish mumkin – oxirgi besh o‘yinda uch g‘alaba va ikki durang. Birinchi davrada ham, o‘tgan mavsumda ham Myunxendagi o‘yinlar durang bilan yakunlangan. Shuningdek bu jamoalar dekabr oyida Germaniya kubogi uchun ham to‘qnash kelgandilar. Bu safar «Bayyer» safarda 1:0 hisobida ustun kelgan. O‘sha o‘yinni 17-daqiqadan boshlab mezbonlar bir kishi kam bo‘lib o‘tkazganini ham ta’kidlash kerak. Manuel Noyyer maydondan chetlatilgandi.

Yuqorida «Bayyer»ning seriyasi haqida aytdik, «Bavariya» ham so‘nggi o‘yinlarda yaxshi formada ekanini e’tirof qilish lozim. Jamoa barcha musobaqalarda oxirgi besh o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi, Bundesligada esa qatorasiga besh o‘yinni g‘alaba bilan yakunlagan. Faqat bu safar jismoniy tarafdan raqibiga nisbatan muammoga duch kelishi mumkinligini aytish mumkin. Chunki «Bayyer» Chempionlar Ligasida kuchli sakkizlikdan joy olgani uchun pley-offni chetlab o‘tdi, «Bavariya» esa «Seltik»ka qarshi o‘ynashiga to‘g‘ri keldi. Shotlandiyada nemislar g‘alaba qozongan bo‘lishsa-da, o‘yin mezbonlarning ustunligida o‘tib, Kompani shogirdlariga oson bo‘lmaganini ta’kidlash lozim.

TOTTeNHEM – MANCheSTeR YuNAYTeD (16 fevral, 21:30)

Angliyada top-klublar qatoriga kiradigan, ammo ayni paytda yevrokuboklar zonasidan ko‘ra, Chempionshipga tushirib yuboradigan o‘rinlarga yaqinroq bo‘lgan ikki jamoaning to‘qnashuvi. Ammo aytish kerakki, jamoalar bu holatga turli sabab va omillar tufayli kelishdi.

«Manchester Yunayted» mavsum o‘rtasida murabbiy almashtirgani, buning ustiga Amorim avvalgi hamkasbiga nisbatan butunlay teskari bo‘lgan uslubga ega ekani sababidan aziyat chekmoqda. Futbolchilarning yangi tizimga ko‘nikishlari juda og‘riqli natijalarga olib kelmoqda va bu hali mavsum oxirigacha davom etishi mumkin. «Tottenhem»ning muammolari esa ko‘proq jarohatlar bilan bog‘liq. Shunday davrlar bo‘ldiki, londonliklar safida darvozabondan boshlab butun himoya chizig‘i safda bo‘lmadi, «Tottenhem» mavsum o‘rtasida hatto darvozabon sotib olib, darhol uni maydonga tushirishga ham majbur bo‘ldi. Qaysidir jihatdan bu yilgi «Tottenhem»ning muammolari o‘tgan mavsumdagi «Manchester Yunayted»ni yodga soladi va katta ehtimol bilan londonliklar ham mavsum oxirigacha qiynalishsa kerak. Sababi, go‘yoki barcha muammo tarkibdagi yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi, rostan ham shunday, ammo qachonki, hamma tiklanib, tarkib optimal shaklga kelganida ham o‘yin yaxshilanib qolmaydi. Chunki mavsumning asosiy qismida almashtirishsiz maydonga tushgan va ba’zida o‘ziniki bo‘lmagan pozitsiyalarni ham yopgan boshqa futbolchilar mavsum oxiriga kelib charchab qoladilar va yana muammolarga duch kelinadi.

«Tottenhem» va «MYu» bu mavsum uchinchi marta to‘qnash keladilar. APL doirasida kechgan o‘yinda «Old Trafford»da mehmonlar yaqqol ustunlik qilib 3:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Noyabrda esa jamoalar Liga kubogi chorak finalida to‘qnash keldi. Londondagi o‘yin mezbonlarning 4:3 hisobidagi g‘alabasi bilan yakun topdi. Ammo qayd etish kerakki, bu safar manchesterliklar ancha munosib kurash taqdim etishdi, faqat har ikki tomon himoyachilari, ayniqsa darvozabonlarning qo‘pol xatolari tufayli hisob shu ko‘rinishga kelgandi. Umuman «MYu» o‘tgan mavsumda ham «Tottenhem»ni yuta olmagan – Londonda mezbonlar 2:0 hisobida yutgan bo‘lishsa, «Old Trafford»da durang qayd etilgandi.

Jarohatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Posteko‘g‘li Vikario, Meddison va Udoji kabi futbolchilarning safga qaytganini ma’lum qildi. Ammo bu futbolchilar ilk daqiqalardan maydonga tushishga qay darajada tayyor ekanliklari so‘roq ostida. Mehmonlardan esa Lisandro Martinesning jarohati og‘ir bo‘lib chiqdi va u endi hatto 2025 yilda umuman maydonga tusha olmasligi mumkin. Bundan tashqari, Ruben Amorim matbuot anjumanida hafta davomida ba’zi futbolchilar kichik jarohat olgani, yana kimdir kasal bo‘lib qolganini aytdi. Ammo aynan qaysi futbolchilar ekani ma’lum emas. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, 18 yoshli futbolchi Chido Obining ham asosiy tarkib bilan birga shug‘ullanganini e’tiborga olsak, hujumchilardan birida muammolar paydo bo‘lganini taxmin qilish mumkin.

Shuningdek, ushbu o‘yinda mezbonlar safida «Bavariya»dan ijaraga olingan Matyuz Telni kuzatish ham qiziq bo‘lsa kerak. Yosh hujumchi yanvar oyida «MYu»ga o‘tishi mumkinligi, hatto Telning o‘zi ham «Tottenhem»dan ko‘ra Manchesterni tanlagani haqida xabarlar chiqqandi. Ammo moliyaviy masalalarda tomonlar kelisha olmagach, futbolchi «Tottenhem» libosini kiygandi. U so‘nggi o‘yinlarda maydonga tushdi va «Aston Villa» darvozasiga gol urishga ham ulgurdi. Tel o‘zini «MYu» rahbarlariga qay tariqa namoyish qiladi, kuzatish qiziq jarayon.

YuVeNTUS – INTeR (17 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)

Ushbu mavsumda A Seriyaning eng esda qolarli va qiziqarli o‘yinlaridan biri aynan ushbu jamoalarning Milanda o‘tgan birinchi davra uchrashuvi edi, deb bemalol aytish mumkin. Hisobning o‘zi ham buni isbotlab turadi – 4:4. Har ikki jamoa ham hisobda oldinda borgan, har ikki jamoada irodali g‘alaba qozonish imkoni bo‘lgan, har ikki jamoa yanayam ko‘proq gollar urishi mumkin bo‘lgan jangovar to‘qnashuv yakunda durang bilan yakuniga yetgandi. Albatta, u paytda hali «Yuventus» duranglar epidemiyasiga uchramagan, «Inter» bilan o‘yindagi bu hisob qaysidir ma’noda muxlislarni qoniqtirgani shubhasiz.

Turinliklar shundan so‘ng ham mag‘lubiyatsiz o‘yinlarini davom ettirishdi, ayni damda Motta shogirdlarida atigi 1 mag‘lubiyat bor xolos, ammo ko‘pincha keraksiz bo‘lgan 13 durang ayni damda «Yuventus»ni nari borsa kuchli to‘rtlik uchun da’vogar kilib turibdi xolos. O‘zi umuman ushbu tur mana shu jihati bilan qiziq – chempionlikka da’vogarlik qilib o‘zaro raqobat qilayotgan ikki jamoa kuchli to‘rtlik uchun kurashayotgan ikki jamoa mehmoni bo‘ladi. Bu ikki o‘yinda Italiyaning to‘rt asosiy futbol shaharlari bo‘lmish Turin, Neapol, Rim va Milan o‘zaro to‘qnash keladi. Har tomondan olib qaraganda ham mavsumning eng qiziqarli turlardan biri.

Yuqoridagi durangdan oldingi o‘yinlarni qarasak ham, so‘nggi paytlarda «Inter»ning ustunligini ko‘ramiz – 5 o‘yinda 2 g‘alaba va 3 durang. Turinda o‘tgan oxirgi ikki uchrashuv bir xil – 1:1 hisobida yakuniga yetgan. Agar «Yuventus»ning ushbu mavsumdagi uy o‘yinlari statistikasiga qarasak, sezganingizdek, turinliklar biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan, «Inter» esa safar o‘yinlarida tengsiz – 12 o‘yindan 8 g‘alaba va bir mag‘lubiyat.

Jarohatlarga kelsak, mezbonlar tarkibida yo‘qotishlar ko‘proq. Duglas Luis va Piyer Kalulu deyarli bir xil vaqtda, mart oyining boshlarida safga qaytishadi. Kabai va Bremer esa mavsum oxirigacha safdan chiqishgan. Mehmonlar tarkibida umuman yo‘qotishlar yo‘q. Qo‘shimcha intrigalar ichida, bir paytlar «Inter» safida futbolchi sifatida Chempionlar Ligasida zafar quchgan Tiyago Mottaning murabbiy sifatida sobiq jamoasiga qarshi bo‘lishi va yana Kolo Muanini ham alohida kuzatish lozim. Fransiyalik hujumchi Parijda ijara asosida kelgach, A Seriyada uch o‘yinda maydonga tushib, 5 gol urishga ulgurdi.

Yana bir doim alohida e’tiborga olishimiz kerak bo‘lgan jihat, «Yuventus» hafta o‘rtasida PSVga qarshi YeChL pley-off o‘yinida maydonga tushdi va qiyin g‘alabaga erishdi, ancha kuch sarfladi. Bu paytda esa «Inter»da bemalol dam olish va Italiya Klasikosiga tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Darvoqe, mabodo «Yuventus» niderlandiyaliklarni ortda qoldirib, Chempionlar Ligasida nimchorak finalga chiqadigan bo‘lsa, o‘sha bosqichda «Inter»ning raqib bo‘lish ehtimoli ellik foizga teng. «Yuventus»ga yo «Inter» yoki «Arsenal»dan biri raqib bo‘lishi aniq.

BOShQA O‘YINLAR

15 fevral. Lester – ARSeNAL (17:30), ATALANTA – Kalyari (19:00), Boxum – BORUSSIYa D (19:30), ASTON VILLA – Ipsvich (20:00), Osasuna – ReAL (20:15), ATLeTIKO – Selta (22:30), MILAN – Verona (16 fevralga o‘tar kechasi, 00:45), Tuluza – PSJ (16 fevralga o‘tar kechasi, 01:05)

16 fevral. LIVeRPUL – Vulverhempton (19:00), Parma – ROMA (22:00)

17 fevral. BARSeLONA – Rayo Valekano (18 fevralga o‘tar kechasi, 01:00).

Mavzuga oid