Jahon | 16:46 / 25.01.2025
3201
2 daqiqa o‘qiladi

HAMAS garovga olingan yana to‘rt nafar isroillikni ozod qildi

Endi Isroil bunga javoban 200 nafar falastinlik mahbusni ozod qiladi.

Foto: Al Jazeera

HAMAS guruhi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi doirasida ozod qilishga rozi bo‘lgan garovga olingan to‘rt nafar isroillik ayolni Qizil Xoch jamiyatiga topshirdi. Translatsiyani Al Jazeera telekanali olib bordi.

Naami Levi, Karina Ariyev va 20 yoshli Daniel Gilboa va 19 yoshli Liri Albag ozodlikka chiqdi. Ularning barchasi harbiy xizmatchilar bo‘lib, 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS tomonidan Isroilga qilingan hujumda qo‘lga olingan.

Garovga olinganlarni topshirish G‘azo shahridagi Falastin maydonida bo‘lib o‘tdi.

Endi Isroil bunga javoban 200 nafar falastinlik mahbusni ozod qiladi. Ulardan 70 nafari G‘azo sektori va G‘arbiy Sohildan tashqariga deportatsiya qilinadi. Ularning bir qismi Misrga, yana bir qismi Jazoir, Qatar yoki Turkiyaga yuboriladi.

19 yanvar kuni isroillik garovga olinganlarni falastinlik mahbuslarga birinchi almashish bo‘lib o‘tdi. HAMAS isroillik uch nafar ayolni ozod qildi. Guruh G‘azo shahridagi Saraya maydonida garovga olinganlarni Qizil Xoch jamiyatiga topshirdi. Kelishuv doirasida Isroil 20 yanvarga o‘tar kechasi 90 nafar falastinlik mahbusni qamoqdan ozod qildi.

Umumiy hisobda HAMAS tomonidan ushlab turilgan 97 nafar isroillikdan 33 nafari 6 hafta ichida ozod etilishi kerak. Garovga olingan har bir fuqaro uchun Isroil 30 nafar falastinlikni, garovga olingan har bir harbiy uchun esa 50 nafar falastinlikni ozod qiladi.

Mavzuga oid