Dunyodagi eng yirik aysberg bir yilda o‘z maydonining qariyb 9 foizidan ayrildi
A23a aysbergi Antarktida sohillaridan 1986 yilda ajralib chiqqan. Maydoni 3672 kilometr kvadratga teng aysberg Janubiy Jorjiya orollari tomon harakatlanishi mumkin.

Foto: Shutterstock
Antarktida muzliklaridan ajralib chiqqan dunyodagi eng katta A23a aysbergi o‘tgan bir yil davomida o‘z maydonining 9 foizidan ayrildi. Bu haqda Arktika va Antarktika ilmiy-tadqitot instituti xabar berdi.
«Dunyodagi eng yirik A23a aysbergi Janubiy Jorjiya orollaridan taxminan 300 kilometr uzoqlikda suzishda davom etmoqda. So‘nggi vaqtlarda muzlar erishi oqibatida aysberg o‘lchami sezilarli darajada kamaydi, 2023 yil noyabrdan beri u o‘z maydonining qariyb 9 foizini yo‘qotdi. 2025 yilning dastlabki ikki haftasida aysberg haqiqatdan ham Janubiy Jorjiya orollari yo‘nalishida harakatlandi. Ammo oxirgi haftada A23a yo‘nalishini g‘arb tomon o‘zgartirdi. Uning keyingi trayektoriyasi shamol va okean oqimiga bog‘liq bo‘ladi, biroq u orollar yaqinida suzib o‘tishi mumkin», — deyiladi xabarda.
A23a aysbergi Antarktida sohillaridan 1986 yilda ajralib chiqqan, biroq ko‘p o‘tmay Veddell dengiziga «tiqilib qolgan». O‘ttiz yil davomida u statik «muz oroli» sifatida turgan, joyidan qimirlamagan. 2020 yilga kelib u yana harakatlanishni boshlagan. Aprel boshlarida A23a Antarktidaning sirkumpolyar oqimiga kirib qolgandi — bu Yer yuzidagi barcha daryolarda oqadigan suvdan yuz barobar ko‘proq suvni aylantiradigan ulkan kuch hisoblanadi. O‘tgan yilning dekabr o‘rtalarida A23a aysbergi Skotiya dengizidagi tuzoqdan chiqib, Janubiy okean tomon harakatlanishni boshlagani to‘g‘risida xabar berilgandi.
So‘nggi baholashlarga ko‘ra, aysberg maydoni 3672 kilometr kvadratni tashkil etmoqda, og‘irligi esa 1 trillion tonna.
Mavzuga oid

22:40 / 02.02.2025
Dunyodagi eng katta aysbergdan ulkan muz bo‘lagi ajralib tushdi

23:55 / 16.12.2024
Dunyodagi eng yirik aysberg yana harakatlanishni boshladi

23:24 / 27.11.2023
Antarktida yaqinida dunyodagi eng katta aysberg harakatlana boshladi

20:32 / 26.01.2023