1996 yilda suv ostiga sho‘ng‘ish bilan shug‘ullanuvchi ayol baliqlarga ozuqa berish uchun suv yuzasiga yeguliklar tashlaydi. Shunda uning oldiga akula keladi va yordam so‘raganday bo‘lib ovoz chiqaradi. Uning og‘zida qarmoq ilgagi bor edi. Ayol darhol suvga tushadi va akula og‘zidan ilgakni chiqarib oladi. O‘shandan buyon ayol akulalar bilan do‘st tutingan va ularga yordam berib keladi.
Bugun tom ma’noda inson tabiatni g‘orat qilmoqda. Havoga chiqarilayotgan zaharli tutunlar, plastik balosi, o‘rmonlarning ayovsiz kesilishi – bular insoniyat uchun ulkan kulfatlar keltirmoqda.
Iqlim keskin o‘zgarmoqda va bu baland tog‘lardagi, Arktika hamda Antarktikadagi muzliklarning shiddat bilan erishiga sabab bo‘lyapti. Zaharli gazlar havoni ifloslab, turli kasalliklar ko‘paymoqda.
Qisqasi, insoniyat tabiatga zarar yetkazish asnosida o‘zining oyog‘iga ham bolta urmoqda va ko‘proq o‘ziga zarar yetkazmoqda.
Kelajakda vaziyat qanday bo‘lishini o‘ylashga ham qo‘rqadi kishi. Biroq ana shunday vaziyatda tabiatni, undagi hayvonot va nabotot olamini asrab qolish uchun jon-jahdi bilan harakat qilayotgan insonlar ham bor.
Italiyalik Kristina Zenato ana shunday jonkuyar insonlardan biri hisoblanadi. U qariyb 20 yildan buyon suv ostidagi eng yirtqich jonzot – akulalarni qutqarish bilan shug‘ullanadi.
Bu ayol akulalarni qanday qutqaradi deysizmi? Ovchilar baliq ovlash uchun ishlatadigan turli o‘lchamli qamoq ilgagi akulalarning og‘ziga suqilib qoladi. Oqibatda jarohatlangan yirtqich ko‘p o‘tmay nobud bo‘ladi.
Kristina suv ostiga sho‘ng‘ib ularning og‘zidagi ilgakni olib tashlaydi. Qizig‘i, u bu ishni qo‘liga hech qanday maxsus qo‘lqop kiymasdan amalga oshiradi. Chunki o‘zaro ishonch tufayli akulalar unga hujum qilishmaydi.
Suv ostiga sho‘ng‘ishni tanlagan Kristina
1971 yilda Italiyada tug‘ilgan Kristina Zenatoning otasi harbiy edi. Qizi tug‘ilgandan so‘ng u Afrikadagi Kongo davlatiga xizmatga yuboriladi.
O‘shanda u Afrikaga oilasini ham olib ketadi va Kristina Kongoda 15 yil yashaydi. Qiz o‘sha yerda maktabda tahsil oladi va o‘qishni Italiyada tugatadi.
1993 yilda Kristina dam olish uchun Bagam orollariga borganda suv ostiga sho‘ng‘ishga qiziqib qoladi. So‘ng shu yerda yashab qoladi.
Oradan ikki yil o‘tgach u instruktordan suv ostiga sho‘ng‘ish va akulalar bilan muloqot qilishni o‘rgana boshlaydi. 1995 yilda Kristina Bagam orollaridagi suv ostiga sayohatni tashkillashtiruvchi firmada ishlay boshlaydi. Keyinchalik uning o‘zi suv ostiga sho‘ng‘uvchilarga murabbiylik qiladi.
Shuningdek, Kristina suvosti g‘orlariga sayohat qiluvchilarga yo‘lboshchilik qiladi. 2011 yilda u Bagam orollaridagi suv ostiga sho‘ng‘uvchilarning shon-sharaf zaliga kiritiladi.
Kristinaning hayotini o‘zgartirgan hodisa
1996 yilda sodir bo‘lgan bir hodisa Kristina Zenatoni juda hayratlantiradi va hayotini o‘zgartirib yuboradi. O‘shanda u Bagam orollarining eng shimolida joylashgan Katta Bagam oroli atrofida suv ostiga sho‘ng‘imoqchi bo‘lib turganida yoniga yirtqich akula keladi.
Akulaning og‘zida baliqchilar ishlatadigan yirik qarmoqning ilgagi sanchilib turardi. U Kristinaga najot ko‘zi bilan boqar va go‘yoki yordam so‘rardi.
Kristina hech narsani o‘ylamasdan suvga tushadi va akula og‘ziga sanchilib qolgan ilgakni chiqarib oladi. Bu paytda yirtqich indamay turadi va ilgakdan ozod bo‘lgach suv ostiga tushib ketadi.
Oradan bir necha kun o‘tgach Kristina suv ostiga sho‘ng‘iydi va akulalar galasiga duch keladi. Ular orasida o‘zi ilgakdan xalos qilgan akula ham bor edi.
Akulalar Kristinaning atrofidan aylana boshlaydi. Vaziyat ancha qaltis bo‘lib, bunday paytda yirtqichlar birdaniga hujumga o‘tishi va qizni g‘ajib tashlashi ham mumkin edi.
Shunda Kristina qutqargan akula qandaydir ovoz chiqaradi va akulalar uning atrofida aylanishni to‘xtatishadi. Kristinaning taxminicha o‘shanda akula boshqa akulalarga oldilarida turgan qizni “do‘st” deb tushuntirgan.
Ertasi kuni qiz suv ostiga tushganda o‘zi qutqargan akula uning oldiga boshqa bir akulani ergashtirib keladi. Uning og‘ziga ham qarmoq ilgagi suqilib qolgandi.
Kristina ikkinchi akulani ham ilgakdan xalos qiladi. Shundan so‘ng u akulalar to‘dasi bilan do‘stlashib qoladi. Suv ostiga tushganda ular bilan birga suzadi.
O‘sha hodisaga qariyb 20 yil bo‘ldi. O‘tgan yillar davomida Kristina juda ko‘p marta akulalarning og‘ziga sanchilib qolgan ilgaklarni olib tashlaydi. Ularni halok bo‘lishdan qutqaradi.
Akulalarga yordam kerak bo‘lib qolganda Kristina suvda bo‘lmasa, ular ovoz chiqarib ayolni chaqirishadi. U o‘sha ovozdan akulalarga yordam kerakligini darhol tushunadi.
Ayol so‘nggi 20 yilda u turli akulalar og‘zidan 300 dan ortiq qamoq ilgagini olib tashlagan va bu ishi bilan dunyoga mashhur bo‘lgan. Yovvoyi tabiat himoyachilari Kristinani “Akulalar onasi” deb atashadi.
Kristina akulalarning oldiga borish chog‘ida, ular bilan birga suzayotganida yoki yordam berayotganida umuman qo‘rquvni his qilmasligini aytadi.
Akulalar okean ekotizimi uchun muhim jonzot
Akulalar ko‘pincha odamlarda qo‘rquv uyg‘otadigan qonxo‘r yirtqichlar sifatida tasvirlanadi. Kristina bu stereotiplarni yo‘qotish uchun tinimsiz ishlaydi.
Uning ta’kidlashicha, odamlarning qo‘rquvi akulalarni yirtqichlar sifatida noto‘g‘ri tushunishlaridan kelib chiqadi. Akulalar haqidagi bilimlar va rahm-shafqatni targ‘ib qilish orqali u bu tushunchalarni o‘zgartirishga umid qiladi.
Kristina odamlarga akulalar haqida gapirib berish uchun ommaviy tadbirlarda chiqish qiladi. Hujjatli filmlar suratga oladi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lumot beradi. Akulalar bilan muloqot qilish uchun o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.
Uning hikoyalari va videolari okeanlarni sof saqlash uchun juda muhim. Ular boshqalarni suv dunyosini himoya qilish uchun kurashga qo‘shilishga undaydi.
Kristina o‘z ma’ruzalarida akulalarning ekologik ahamiyatini ko‘p ta’kidlaydi. Uning aytishicha, akulalarni himoya qilish Yerdagi hayot uchun muhim bo‘lgan dengiz ekotizimlarining barqarorligini ta’minlaydi.
Jumladan, akulalar yirtqichlar sifatida ma’lum turlarning haddan tashqari ko‘payishining oldini olish orqali oziq-ovqat zanjirida muvozanatni saqlaydi. Kristina akulalarni suv dunyosining sanitarlari deb biladi.
Tabiat himoyachisi va yoshlar uchun o‘rnak
Kristina Zaneto juda faol tabiat himoyachisi hisoblanadi. U suv dunyosidagi turli jonzotlarning ayovsiz ovlanayotganini aytib, bunga qarshi kurashish kerakligini ta’kidlaydi.
Jumladan, u dengizlar va okeanlarda baliq ovlash qoidalarini kuchaytirish va bu qoidalarga amal qilmaydiganlarga keskin choralar ko‘rish tarafdori hisoblanadi.
Kristinaning fidoyiligi butun dunyo bo‘ylab g‘avvoslar, olimlar va hayvonlarni sevuvchilarni ilhomlantiradi. U o‘z ishtiyoqi va bilimi bilan o‘rtoqlashar ekan, boshqalarni tabiatni muhofaza qiluvchi bo‘lishga undaydi.
Kristina Zenatoning jasorati va mehr-shafqati nafaqat akulalar hayotini saqlab qolmoqda, balki odamlarning bu mavjudotlar haqidagi fikrini ham o‘zgartirmoqda.
Kristinaning akulalar bilan o‘ziga xos munosabati tarixi shuni ko‘rsatadiki, bu jonzotlar mehribonlikni tan oladi va unga mehr bilan javob bera oladi.
Shu sababli ham ko‘p akulalar Kristina suv ostiga sho‘ng‘iganda uni iliq kutib olishadi, hatto uning e’tiborini tortishga urinishadi. Bu o‘zaro ishonch Kristinaning gaplarini tasdiqlaydi: akulalar aqlsiz qotillar emas, balki rishtalar yaratishga qodir murakkab mavjudotlardir.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.