FT: Kiyev G‘arbdagi ittifoqchilari Ukrainaga 50 ming harbiy yuborishiga umid qilmoqda

Jahon 17:31 / 23.01.2025 2729

Ukraina o‘t ochish to‘xtatilsa, G‘arbdagi sheriklari mamlakatga 40-50 ming tinchlikparvar kuchlarni yuborishiga umid qilmoqda. Bu haqda ukrainalik amaldorlarga tayanib, Financial Times xabar berdi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va NATO bosh kotibi Mark Ryutte ushbu masalani 3 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan «norasmiy sayyor yig‘ilishda» muhokama qilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, nashrning eslatishicha, hozircha tinchlikparvar kuchlarni joylashtirishni faqat Boltiqbo‘yi davlatlari qo‘llab-quvvatlagan. Polsha o‘z qo‘shinlarini yubormasligini bildirgan, Germaniya kansleri Olaf Shols esa ushbu g‘oyaga keskin qarshilik bildirmoqda.

NATO bosh kotibining mudofaa investitsiyalari bo‘yicha sobiq yordamchisi Kamil Grandning ta’kidlashicha, 40 ming harbiy Ukrainaga zarur himoyani ta’minlay oladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu orqali Kiyev «oson nishonga» aylanib qolmaydi va qo‘shimcha kuch talab qilmaydi. Grandning ta’kidlashicha, bunday kuchlar Britaniya, Fransiya va Niderlandiya boshchiligidagi koalitsiya doirasida shakllantirilishi mumkin.

Volodimir Zelenskiy Yevropa Rossiya bosqinini to‘xtatishni jiddiy xohlayotgan bo‘lsa, Ukrainaga kamida 200 ming harbiy xizmatchi joylashtirishi kerakligini aytgan. Nashr ushbu kutilmalar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, chunki bu Ikkinchi jahon urushidagi «D kuni»da ishtirok etgan qo‘shinlardan ham ko‘pligini ta’kidlagan.

Zelenskiyning o‘zi Bloombergʼga bergan intervyusida 200 ming tinchlikparvar kuchni joylashtirish haqidagi gaplari noto‘g‘ri tushunilganini bildirgan. Uning aytishicha, tinchlikparvar kuchlar soni Ukraina o‘z armiyasini qanchaga qisqartirishga bog‘liq bo‘lishi kerak.

«Agar biz armiyani 200 ming, 300 ming yoki 500 ming kishiga qisqartirsak, buning o‘rniga shuncha boshqa qo‘shinlar kerak bo‘ladi», — degan Zelenskiy.

Avvalroq Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron britan hamda fransuz askarlarini Ukrainaga yuborishni muhokama qilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: