Finlandiyada issiq suvni saqlovchi ulkan omborlarni qurish boshlandi

Jahon 20:45 / 23.01.2025 2542

Finlandiyada issiq suvni saqlash uchun ulkan suv minoralari ko‘rinishidagi omborlar qurilmoqda. Bu energetika kompaniyalariga elektr energiyasi narxi o‘zgarib turishidan foyda olish imkonini beradi.

Bunday inshootlardagi suv elektr energiyasi narxi tushganida isitiladi va elektr narxi qimmatlashganda markazlashtirilgan isitish tizimi tarmog‘iga qaytariladi.

Bu turdagi suv omborlaridan birining hajmi 10 ming metr kub bo‘lib, tez orada Lappeyenrantada foydalanishga topshiriladi. Balandligi 40 metrni tashkil etuvchi izolyatsiya qilingan po‘lat rezervuar xuddi ulkan termos kabi ishlaydi. Uning qiymati qariyb 5 million yevroni tashkil etadi.

Lappeenrannan Energia kompaniyasi bosh direktori Arto Nikkanenning aytishicha, bu kompaniyaga sezilarli darajada iqtisod qilish imkoniyatini beradi va ko‘mir narxining oshishi hamda boshqa omillar sabab qimmatlashgan elektr energiyasi narxiga bosimni kamaytirishga xizmat qiladi.

Finnish Energy ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda bu kabi tizimdan 30 ga yaqin energetika kompaniyasi foydalanmoqda.

Ta’kidlanishicha, issiq suv omborlariga investitsiya kiritish, shuningdek, Rossiya bilan chegaralar yopilganidan keyin qariyb ikki barobarga qimmatlashgan bioyonilg‘i narxini barqarorlashtirishga ham yordam beradi. Nikkanenning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning yillik iqtisodi 100 minglab yevroni tashkil etadi va bu xarajatlarni barqarorlashtirib, iste’molchilarni narx keskin oshishidan himoya qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: