Jahon | 16:57 / 22.01.2025
6682
8 daqiqa o‘qiladi

Yevropaning ham o‘z “Temir gumbaz”i bo‘lishi kerak - Zelenskiyning Davosdagi nutqi

“Urushlar paytida hamma “ishqilib AQSh men bilan qolarmikan”, deydi. Lekin AQShda kimdir bir kun kelib Yevropa bizni yolg‘iz tashlab qo‘ysa-ya, biz bilan ittifoqchi bo‘lmay qo‘ysa-ya, deb xavotirga tushadimi? Yo‘q”, – deya ta’kidladi Ukraina prezidenti.

Foto: Jahon iqtisodiy forumi / Ciaran McCrickard

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Shveytsariyaning Davos shahrida o‘tayotgan Jahon iqtisodiy forumida so‘zga chiqib, Yevropaning jahon sahnasidagi roli, energetik mustaqillik, texnologik yetakchilik va birdamlik masalalariga to‘xtaldi.

“Hozir hammaning e’tibori Vashingtonda. Yevropani kim kuzatyapti? Bu – Yevropa oldidagi katta savol”, – dedi u nutqi avvalida.

“20 soat oldin Vashingtonda prezident Trampning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. Va endi hamma uning nima qilishini kutmoqda. Uning ilk farmonlari allaqachon aniq yo‘nalishlarni ko‘rsatib turibdi.

Hozir dunyoda ko‘pchilik o‘ylayapti: ularning Amerika bilan munosabatlariga nima bo‘ladi? Ittifoqlarga nima bo‘ladi? Qo‘llab-quvvatlash-chi? Savdo aloqalari-chi? Prezident Trumpning urushlarni tugatish rejalari qanaqa?

Lekin hech kim Yevropa haqida bunday savollarni bermayapti. Buni tan olishimiz kerak”, – dedi Zelenskiy.

“Urushlar paytida hamma “ishqilib AQSh men bilan qolarmikan”, deydi. Lekin AQShda kimdir bir kun kelib Yevropa bizni yolg‘iz tashlab qo‘ysa-ya, biz bilan ittifoqchi bo‘lmay qo‘ysa-ya, deb xavotirga tushadimi? Yo‘q”, – deya ta’kidladi Ukraina prezidenti.

U o‘tgan yili Singapurda bo‘lib o‘tgan Osiyo xavfsizligi sammiti – Shangri-La dialogini yodga oldi. O‘shanda AQSh delegatsiyasi vakillari ochiqchasiga o‘zlarining xavfsizlik bo‘yicha asosiy ustuvor yo‘nalishlari Hind–Tinch okeani mintaqasi, ikkinchisi Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazi, va faqat uchinchi navbatdagina Yevropa ekanini ochiq aytgandi, deydi Zelenskiy.

“Bu avvalgi ma’muriyat davrida edi. Prezident Tramp-chi, u Yevropani nazarga iladimi? U NATOni zarur deb biladimi? U Yevropa Ittifoqi institutlarini hurmat qiladimi?

Xonimlar va janoblar, Yevropa o‘z ittifoqchilari uchun ikkinchi yoki uchinchi o‘rinda turishni o‘ziga ravo ko‘ra olmaydi. Agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, dunyo Yevropasiz o‘z yo‘lida yura boshlaydi”, – dedi Ukraina rahbari.

“Unutmaylik – Yevropa mamlakatlarini Rossiyadan ajratib turadigan okean yo‘q. Shimoliy Koreya askarlari ishtirokidagi janglar endi geografik jihatdan Pxenyandan ko‘ra Davosga yaqinroq joylarda sodir bo‘lmoqda – Yevropa yetakchilari buni yodda tutishlari kerak.

Rossiya ham inson hayoti hech narsani anglatmaydigan Shimoliy Koreyaga o‘xshab boryapti. Ularda yadroviy qurol va qo‘shnilarining hayotini barbod qilish istagi bor.

Garchi Rossiyaning umumiy iqtisodiy salohiyati Yevropanikidan ancha kichik bo‘lsa ham, butun Yevropadan bir necha baravar ko‘p o‘q-dorilar va harbiy texnika ishlab chiqaryapti”, – ta’kidladi Zelenskiy.

U Rossiya Eron bilan yangi strategik bitim imzolagani, avvalroq Shimoliy Koreya bilan ham keng qamrovli shartnoma tuzganini eslatdi.

“Bunday tahdidlarga faqat birgalikda qarshi turish mumkin. Hatto armiya hajmi haqida gap ketganda ham. Rossiya 1,3–1,5 millionga yaqin qo‘shin to‘play oladi. Bizning armiyamizda 800 mingdan ortiq askar bor. Bizdan keyin ikkinchi o‘rinda Fransiya, 200 mingdan ortiq; keyin Germaniya, Italiya va Buyuk Britaniya. Qolganlarda kamroq. Hozir bitta davlat o‘zini o‘zi himoya qila oladigan vaziyat emas”, – deya qayd etdi Ukraina yetakchisi.

Zelenskiyning fikricha, Eron rejimining ta’siri zaiflashib bormoqda. Bu esa Suriya va Livanga umid baxsh etadi. Bu mamlakatlar ham, Ukraina kabi, urushdan keyin hayot qanday tiklanishiga misol bo‘lishlari kerak.

“Ukraina yangi Suriyani qo‘llab-quvvatlash uchun allaqachon qadam tashlamoqda. Vazirlarimiz Damashqda bo‘ldi va biz Suriyaga "Ukrainadan oziq-ovqat" deb nomlangan oziq-ovqat yordami dasturini ishga tushirdik. Hamkorlarimizni ushbu yetkazib berish va oziq-ovqat ishlab chiqarish korxonalarini qurishga sarmoya kiritishga jalb qilmoqdamiz. Yevropa butunlay Suriya uchun xavfsizlik donoriga aylanishi mumkin – bu tomondan bosh og‘rig‘ini to‘xtatish vaqti keldi”, – dedi u.

Siyosatchi Xitoyning Rossiyaga ta’siri keskin ortib borayotganiga to‘xtalib, Tramp Ukrainadagi urushning yakunini muhokama qilishda Rossiya va Xitoy bilan muzokara o‘tkazib, Yevropani eshitib ham o‘tirmasligi mumkinligini aytdi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Evropa o‘ziga “g‘amxo‘rlik qilishni o‘rganishi kerak”, ya’ni mudofaaga xarajatlarini oshirish zarur.

“Bizga Yevropaning yagona xavfsizlik va mudofaa siyosati kerak va barcha Yevropa davlatlari xavfsizlikni ta’minlash uchun ko‘p yillar davomida o‘rganib qolgan darajasida emas, balki haqiqatan ham zarur bo‘lgan miqdorda mablag‘ sarflashga tayyor bo‘lishi zarur.

Agar mudofaa uchun YaIMning 5 foizi kerak bo‘lsa, unda shunday bo‘lsin. Bu masalada odamlarning his-tuyg‘ulari bilan o‘ynashishning hojati yo‘q: mudofaa xarajatlarini oshirish dori-darmon, pensiya yoki boshqa narsa hisobidan bo‘lishi adolatdan emas”, – dedi ukrainlar yetakchisi.

U Ukraina Yevropadagi hamkorlari bilan “dunyoda hech kimda yo‘q mutlaqo noyob” dronlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygani, hamkorlikda artilleriya ham ishlab chiqarayotgani, va bu harbiy sanoat komplekslari “dunyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda ancha arzon va tezroq” ishlayotganini qayd etdi.

“Ukraina dronlarini ishlab chiqarishga sarmoya kiritish nafaqat Yevropa xavfsizligiga, balki Yevropaning boshqa muhim mintaqalar uchun xavfsizlik kafolati bo‘lish qobiliyatiga ham sarmoya kiritish demakdir.

Endi biz birgalikda havo mudofaa tizimlarini – haqiqatan ham barcha turdagi qanotli va ballistik raketalarga bardosh bera oladigan tizimlarni qura boshlashimiz kerak. Yevropaga har qanday tahdidni bartaraf eta oladigan “Temir gumbaz”ning o‘ziga xos versiyasi kerak”, – dedi Ukraina prezidenti.

Volodimir Zelenskiy o‘z nutqida Yevropa Rossiya energoresurslariga qaramligidan to‘liq qutulishi kerakligini qayd etdi. Mintaqa sun’iy intellekt sohasida AQShdan ham, Xitoydan ham ortda qolayotgani, texnologik va iqtisodiy bu ortda qolish siyosiy zaiflikka aylanishini aytdi.

“Qurol ishlab chiqarishdan texnologiyani rivojlantirishgacha – Yevropa yetakchilik qilishi kerak.

Evropa dunyodagi eng jozibali bozorga aylanishi kerak – va bunga erishish mumkin.

Va nihoyat, Yevropa hamma uchun – ham o‘zi, ham o‘ziga muhim hamkorlari uchun – tinchlik va xavfsizlikni kafolatlay olishi kerak.

Evropa kuchli bo‘lishga munosib. Buning uchun esa Yevropaga Yevropa Ittifoqi va NATO kerak. Ukrainasiz va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini adolatli yakunlamasdan bunday bo‘lishi mumkinmi? Ishonchim komilki, yo‘q”, – ta’kidladi Zelenskiy.

Mavzuga oid