Tramp prezidentlik lavozimiga kirishgan kuniyoq sudga berildi

Jahon 20:33 / 21.01.2025 8624

Inson huquqlari tashkilotlari Nyu-Hempshir federal sudiga AQSh prezidenti Donald Tramp ustidan da’vo arizasi bilan murojaat qilishdi.

Arizada noqonuniy migrantlarning AQSh hududida tug‘ilgan bolalariga fuqarolik berishni rad qilish qarori Konstitutsiya va boshqa qonunlarga zid ekani ta’kidlangan. Ariza 20 yanvarda, Tramp prezidentlik lavozimiga kirishgan kuniyoq berilgan. Da’vo Tramp ma’muriyatini Konstitutsiya va boshqa qonunlarni buzganlikda ayblaydi.

«Tug‘ilish huquqi asosida fuqarolik berish Amerikaning eng asosiy va’dasini o‘zida mujassam etadi: bizning zaminimizda tug‘ilgan barcha bolalar ota-onalari kelib chiqishi, mavqei va sharoitlaridan qat’i nazar, jamiyatning to‘laqonli va teng huquqli a’zolari sifatida hayotni boshlaydi. 14-tuzatishni ishlab chiquvchilar Konstitutsiyada ushbu tamoyilni hech kim, hatto prezident ham Amerikada tug‘ilgan bolalarni fuqarolik huquqidan mahrum qila olmasligini ta’minlash uchun maxsus belgilab qo‘ygan. Ular buni immigrant bolalarni, shu jumladan kamsitish va ta’qibga duchor bo‘lganlarni himoya etishini bilgan holda qildilar», deyiladi hujjatda.

Da’voda javobgar sifatida Donald Tramp, Ichki xavfsizlik vazirligi, Davlat departamenti va boshqalar bor. Endi Tramp farmoni taqdiri katta ehtimol bilan Oliy sudda hal qilinadi.

Tug‘ilish huquqi asosida fuqarolik berish - bu Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilgan har bir bolaning ota-onasidan qat’i nazar, AQSh fuqarosi bo‘lishi (xorijiy diplomatlarning farzandlaridan tashqari) tamoyilidir. 14-tuzatish 1868 yilda ratifikatsiya qilingan. 30 yil o‘tib, 1898 yilda Oliy sud AQShda tug‘ilgan muhojirlarning farzandlari fuqarolik huquqiga ega ekanligini tasdiqladi. Shundan beri bu tamoyil hech qachon shubha ostiga olinmagan.

20 yanvarda lavozimga kirishgan Donald Tramp bir necha o‘nlab buyruqlarni, jumladan «Amerika fuqaroligining ahamiyati va qadrini himoya qilish» nomli hujjatni imzoladi. Buyruqda aytilishicha, 14-tuzatish Qo‘shma Shtatlarda tug‘ilgan, ammo «uning yurisdiksiyasiga bo‘ysunmagan» shaxslarga taalluqli emas.

Hujjatdan kelib chiqqan holda, tug‘ilish orqali avtomatik ravishda fuqarolikni olish huquqi quyidagilarga taalluqli emas:

- bolaning tug‘ilishi vaqtida onasi AQShda noqonuniy bo‘lgan va otasi mamlakat fuqarosi yoki qonuniy doimiy rezidenti bo‘lmagan;

- onasi Qo‘shma Shtatlarda qonuniy, lekin vaqtinchalik (turizm, talaba yoki ish vizasi bilan) bo‘lgan va otasi fuqaro yoki qonuniy doimiy rezident bo‘lmagan.

Farmon davlat idoralariga bunday kishilarning farzandlariga guvohnoma berishni taqiqlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: