Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha kiritish haqidagi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, sotuvchilarning fuqarolarga tovarlarni kelishilgan muddatda yetkazib bermayotgani bilan bog‘liq murojaatlar tobora ko‘paymoqda. Bunga amaldagi qonunlarda javobgarlik belgilanmagani ham sabab bo‘lmoqda.
Shunday holatlarning oldini olish maqsadida «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha kiritiladi. Ya’ni, sotuvchi iste’molchiga shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda tovarni topshirmagan taqdirda, majburiyatni bajarilmagan qismiga penya to‘lashi belgilanadi. Bunda penyaning umumiy summasi yetkazib berilmagan tovar bahosining 100 foizidan oshib ketmasligi, penyani to‘lash shartnoma majburiyatlarini buzgan tarafni tovarlarni yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborish, to‘liq yetkazib bermaslik oqibatida yetkazilgan zararni qoplashdan ozod etmasligi nazarda tutiladi.
Munozaralar davomida fraksiya a’zolari iste’molchilar manfaatlaridan kelib chiqib, qonun loyihasini yanada takomillashtirish va maromiga yetkazish bo‘yicha bir qator takliflar berdi. Deputatlar loyihaning qabul qilinishi aholining iste’molchi sifatida qonuniy manfaatlarini himoya qilish va oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotuvchi shartlashilgan muddatlarda tovarlarni iste’molchiga topshirmasligi kabi holatlarning oldini olishga xizmat qilishini qayd etib, qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng, uni ma’qulladilar.