Kun.uz JIB Chilonzor tuman sudi sudyasi Sarvar Mamadiyev, Inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov va advokat Abdumalik Abdullayev ishtirokida ma’muriy huquqbuzarlik uchun jazo tayinlash mavzusida intervyu tashkil qilgan edi. Suhbat davomida sudlarda advokat ishtiroki va himoya huquqi haqida ham so‘z yuritildi.
– Ma’muriy huquqbuzarlik ishlari ko‘riladigan sudlarda advokatlarning ishtiroki shart emas. Shu sababli, ko‘pincha o‘n besh sutkaga qamalayotganlarning ko‘pchiligi advokatsiz sud jarayonida qatnashadi. Unga chiqarilgan qaror keyinroq jamoatchilikka ma’lum bo‘lgach, shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Nega ma’muriy ishlarda advokatlarning ishtiroki shart emas?
Abdumalik Abdullayev, advokat:
– «Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi qonun bor. Shu yerda, kimlar davlat hisobidan yuridik yordam olishi mumkinligi aniq yozilgan. Ya’ni ma’muriy qamoq jazosi nazarda tutilgan huquqbuzarlik ishlari bo‘yicha javobgarlikka tortilayotgan shaxs, agar kam ta’minlangan bo‘lsa. Qonunga ko‘ra, advokat xizmatidan foydalanishni iltimos qilishi mumkin va belgilangan tartib reyestrdan advokat ajratiladi.
Bu yerda qonun normasida ma’muriy javobgarlikka tortilayotgan shaxsning iltimosiga ko‘ra advokat ajratiladi, deyilyapti. Lekin jalb qilish masalasida bo‘shliq mavjud. U advokatni iltimos qilishi uchun unga huquqlarini tushuntirish kerak. MJtKning 294-moddasiga ko‘ra, unga advokat xizmatidan foydalanish huquqi tushuntirilishi shart. Ma’muriy huquqbuzarlikka oid bayonnoma rasmiylashtirilganda ham, huquqlari va majburiyatlari to‘liq, har biri sinchiklab tushuntirilishi kerak. Lekin bayonnomaga e’tibor qilsangiz, unda fuqaroga huquqlari va tushuntirilganini ko‘rmaymiz. Shuning uchun ba’zi insonlar huquq va majburiyatlarini bilmay, advokat xizmatidan foydalanishini ham bilmay qolib ketmoqda.
Demak qonunga tayanilsa, ma’muriy ishlarda davlat advokatlarining ishtiroki shart bo‘lishi uchun o‘sha shaxsning iltimosi, kam ta’minlangan bo‘lishi va huquqbuzarlik sanksiyasida ma’muriy qamoq nazarda tutilgan bo‘lishi kerak. Bu yerda eng muhim nuqta davlat hokimiyat vakili bilan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan inson o‘rtasidagi munosabatda uning huquqlari tushuntirilishi kerak. Agar huquqlar tushuntirilgan bo‘lsa, advokatni yollash masalasi uning ixtiyorida qoladi.
Sarvar Mamadiyev, JIB Chilonzor tumani sudi sudyasi:
– Ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar kelib tushib, ma’muriy qamoq qo‘llanayotgan holatlarda har doim ham davlat bir taraf bo‘lmaydi. Ikkinchi tomonda arizachi – fuqaro ham bo‘lishi mumkin. Agar o‘sha shaxsga huquqiy himoya olmoqchi bo‘lsa, men o‘sha ishni to‘xtataman. Himoyachi kelib, material bilan tanishib, shaxsga huquqiy yordam berishga tayyorligini aytgandan so‘ng ishni ko‘rib chiqamiz.
Qonunchilikka ko‘ra, ma’muriy qamoq qo‘llanishi mumkin bo‘lgan ishlar bir sutkada ko‘rib chiqilishi kerak. Chunki u ushlanib turilibdi, uni o‘n kunlab ko‘rolmaymiz. Agar uning aybi bo‘lmasa, qo‘yib yuborilishi kerak, jamiyatdan ajratib turish eng og‘ir chora hisoblanadi.
Ikkinchisi, advokat ishtiroki shartmi, degan savolga javobni Jinoyat protsessual kodeksida topamiz. JPKda aniq sanalgan 9 ta holatda advokat ishtiroki shart, deb belgilangan. Ulardan to‘rtta holatda himoyachidan voz kechilsa ham, sudya yoki prokuror himoyachi qatnashadi, deyishi mumkin. Qonunchiligimiz, xususan JPKda shaxsga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanayotgan hollarda advokat ishtiroki shartligi belgilab qo‘yilgan. Bu ma’muriy javobgarlik kodeksiga ham tatbiq etilishi kerak. Agar ma’muriy huquqbuzarlikka doir ishlarda jazo qamoq bilan bog‘liq bo‘lsa, professional himoyachining ishtiroki shart, deb belgilab qo‘yishimiz kerak. Sudya sifatida aytaman, advokat ishtirok etadigan ishlarni ko‘rish osonroq bo‘ladi. U sud jarayonida har ikki tomonning vajlarini taroziga qo‘yib ko‘rish va adolatli qaror qabul qilishga yordam beradi.
Abdumalik Abdullayev:
– 2025 yil 1 yanvardan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlar reyestri shakllantirildi va hozir 1 mingdan ortiq advokatlar reyestrga kirdi. Endi mana shu reyestrdagi advokatlargina davlat hisobidan ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Bu shuni anglatadiki, sud yoki tergov jarayonlarida doimiy qatnashadigan advokatlar avvaldan davlat tomonidan tanlangan bo‘ladi. Agar sudya yoki tergovchi o‘zining «navbatchi» advokatlarini jalb qiladigan bo‘lsa, o‘sha advokatlar davlat hisobidan pul ololmaydi. Bundan tashqari, tergov harakatlarida bu qonun talabi buzilgani uchun «dalillarni to‘plash jarayonidagi qonun talablari buzilgani» vaji bilan «dalillarni nomaqbul» deb topish masalasi ham ko‘rilishi mumkin.
– Umuman olganda, ma’muriy sud ishlarini ko‘rishda sudning ish vaqti ham hisobga olinadimi? Bundan tashqari, huquqbuzar deb topilgan shaxsning yaqinlariga yoki qonuniy vakiliga xabar berish majburiyatlari bormi?
Sarvar Mamadiyev, sudya:
– Ma’muriy huquqbuzarlik ishiga doir material kelib tushganda, agar uning sanksiyasida qamoq jazosi bo‘ladigan bo‘lsa, bu materialni 24 soat ichida ko‘rib chiqishimiz shart. Endi bu tahlil qilinyaptimi desak, ha. Masalan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab prezident farmoniga asosan ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘radigan sudyalar alohida ajratildi. Ilgari jinoyat ishlarini ko‘rayotgan sudyalar ham ma’muriy ishlarni ko‘rar edi, ham qamoqqa olish sanksiyasini yoki shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini cheklovchi masalalardagi prokurorning iltimosini ko‘rib chiqardi. Hozir alohida shunga yondashuv bo‘ldi. Tergov sudyalari joriy qilindi.
Buni qanday tushuntirish mumkin. Tasavvur qiling, qo‘lingizda bir nechta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat ishlarini muhokama qilib chiqqaningizda sizga ma’muriy material keladi. O‘zingizni qanday his qilasiz? Misol uchun, Alisher Navoiyning «Xamsa»sini o‘qib turib, keyin bir yangi yozuvchining o‘n besh varaqli hikoyasini o‘qiyotgan odam qanday e’tibor berishi mumkin? Bu narsalar ham rahbariyat tomonidan e’tiborga olingan, menimcha.
Ma’muriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rish vaqti borasida. Sudyaning ish vaqti tugaganidan so‘ng, agar bir shaxs 24 soatdan ortiq ushlab tura olmasa, sudya bu holatni 24 soat ichida ko‘rib chiqishi lozim. Sudya bu holatda chaqirtiriladi, agar uni ushlab turish muddati 24 soatdan oshib ketsa, men ertaga ko‘raman, demaydi. O‘sha vaqtning o‘zida ko‘rib chiqadi. Material kelib tushganidan keyin darhol ko‘riladi. O‘n besh kunlik qamoq tayinlash to‘g‘risida qaror – shunga asos bo‘lsa, shaxs o‘sha qilmishini jamiyatdagi xavfligiga qarab, qonunda belgilangan jazo talablariga to‘g‘ri kelsa qaror qabul qilinadi. Bu «olib keldi, 15 sutkaga tiqvordi», degani emas.
Vazifamiz faqat jazolash emas, jamiyatning huquqiy ongini va madaniyatini ko‘tarish hamdir. Miranda qonuni bor (O‘zbekiston Konstitutsiyasining 28-moddasi) – jim turish huquqi, agar o‘zi shu huquqini bilmasa, hammasini gapirib qo‘ysa, eng zo‘r advokat kelganda ham hech nima qilolmaydi. Advokat olish huquqini esa o‘zi jarimasi 375 ming so‘mlik ishga – katta pul to‘lab, shartnoma qilib advokat olib yuraman, deb o‘ylashi mumkin. Lekin o‘ng yuzingizga urganda, chap yuzingni tutib bermaslik kerak. Siz ham o‘zingizni himoya qilishingiz kerak. Haddini joyiga qo‘yib qo‘yish kerak, huquqshunoslikda «xo‘p» deb qo‘yaveradigan gap bo‘lmaydi.
Sudlarda ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha qaror chiqarilgandan so‘ng yaqinlariga xabar berish majburiyati bor. Xabarnoma yuboriladi yoki telefon orqali xabarnoma berilishi shart, chunki u shaxs qayerdaligini yaqinlari bilishi shart. Ichki ishlar organlari xabar bermaydi, lekin fuqaro ushlangan vaqtda unga telefon orqali o‘z yaqinlarini ogohlantirishga imkon berishi kerak.
To‘liq intervyu bilan yuqoridagi video orqali tanishib chiqishingiz mumkin.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.