Amerika OAVning yozishicha, Rubio AQSh prezidenti Donald Tramp administratsiyasining barcha zarur jarayonlardan o‘tgan birinchi vakiliga aylangan va endi u mamlakat tashqi siyosiy idorasi rahbari sifatida faoliyatini boshlashi mumkin.
Rubio 21 yanvarning o‘zida bir qator uchrashuvlarni o‘tkazadi. Xususan, u Hind-Tinch okeani guruhi QUAD tashqi ishlar vazirlari — Subramanyam Jayshankar (Hindiston), Penni Vong (Avstraliya) va Takesi Ivaya (Yaponiya) bilan muzokaralar olib boradi.
Rubio AQSh davlat kotibligi lavozimi uchun o‘z nomzodi muhokama qilingan Senatdagi eshituvda tashqi siyosatda milliy manfaatlarni himoya qilish va boshqa davlatlar bilan kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal etish usullariga ustuvorlik berishini, ammo kuch pozitsiyadan kelib chiqishini ma’lum qildi. Rubio Ukrainadagi mojaroni tartibga solish jarayonida AQShning ishtirokini yoqladi.
Shuningdek, u prezident Donald Tramp davrida AQSh strategiyasi Xitoy bilan geosiyosiy muvozanatni saqlab qolishga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Rubio 2020 yilda Hongkongdagi demokratiya tarafdorlari namoyishlari bostirilgani uchun Xitoyni jazolashni taklif qilgani ortidan Pekindagi hukumat tomonidan sanksiyalarga yo‘liqqandi.
Rubio Rossiya banklarini SWIFT tizimidan uzishni talab qilgan
Marko Rubio 2014 yilda, Rossiya Qrimni qo‘shib olganidan so‘ng, Rossiya banklarini xalqaro SWIFT to‘lov xizmatlari tizimidan uzishga chaqirgan. 2022 yil yanvar oyida, Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli tajovuzi boshlanishidan oldin, respublikachi o‘z chaqirig‘ini takrorlagandi.
Bundan tashqari, u Rossiyaning Ukrainaga hujumi sodir bo‘lgan taqdirda Vladimir Putin va Rossiya rahbariyatining bir qator boshqa asosiy vakillariga nisbatan shaxsiy sanksiyalarni joriy etishga chaqirgan. 2022 yil mart oyi boshida Rubio boshqa respublikachi senator Chas Gresli bilan birgalikda Rossiyaning barcha davlat korxonalariga qarshi keng qamrovli sanksiyalar joriy etishni taklif qilgan edi.