Jahon | 17:53 / 21.01.2025
2014
2 daqiqa o‘qiladi

Hakerlar «Rostelekom»ni buzib kirdi. Kompaniya foydalanuvchilarga parollarni o‘zgartirishni tavsiya qildi

«Rostelekom» kompaniyasi foydalanuvchilarning ma’lumotlari sizib ketganini tasdiqladi. Bu Silent Crow hakerlik guruhi tomonidan amalga oshirilgan.

Foto: RBK

Silent Crow hakerlik guruhi «Rostelekom» foydalanuvchilarining ma’lumotlarini qo‘lga kiritganini ma’lum qildi. Bu haqda Telegramʼdagi «Utechki informatsii» kanalida so‘z boradi.

«Rostelekom» bu — aholi va boshqa tashkilotlarga aloqa hamda raqamli xizmatlarni ko‘rsatadigan Rossiya telekommunikatsiya kompaniyasi.

Guruh vakillarining so‘zlariga ko‘ra, hakerlar company.rt.ru va zakupki.rostelecom.ru saytlarining ma’lumotlar bazasini yuklab olishga muvaffaq bo‘lgan. So‘zlarining isboti sifatida ular 154 ming elektron pochta manzili va 101 ming telefon raqam bo‘lgan bazadagi ayrim ma’lumotlarni e’lon qilgan.

«Rostelekom» ma’lumotlar sizib ketganini tasdiqladi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bu pudratchilardan birining infratuzilmasi sabab yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Kompaniya yozda aniqlangan tahdidlarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘rayotganini ma’lum qildi.

«Ayni vaqtda biz ma’lumotlarning qaysi qismi qo‘lga kiritilganini va uning kompaniyaga aloqasi bor yoki yo‘qligini o‘rganmoqdamiz», — deyiladi «Rostelekom» matbuot xizmati bayonotida.

Kompaniyadagilar foydalanuvchilarga parollarni yangilash va ikki faktorli identifikatsiyani yoqishni tavsiya qildi.

Silent Crow guruhi avvalroq «Rosreyestr», shuningdek, «Alfa-bank» servislarini buzib kirganini ma’lum qilgandi. 2024 yil noyabrda «Rostelekom» prezidenti Mixail Oseyevskiy barcha rossiyaliklarning shaxsiy ma’lumotlari tarmoqda tarqalib ketganini aytgan edi.

Mavzuga oid