Vazirlar Mahkamasining «Muomalaga chiqarilayotgan qishloq va o‘rmon xo‘jaligi transport vositalari va mashinalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi texnik reglamentni tasdiqlash haqida»gi qarori qabul qilindi.
Texnik reglament:
- muomalaga chiqarilayotgan qishloq va o‘rmon xo‘jaligi transport vositalari va mashinalariga (texnika vositalari) qo‘yiladigan xavfsizlik talablari;
- texnika vositalarini identifikatsiya qilish qoidalari;
- texnika vositalarini muomalaga chiqarish qoidalari hamda muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alash;
- texnik reglament talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini o‘rnatish tartibini belgilaydi;
Texnika vositalarini loyihalash, ishlab chiqarish va montaj qilish jarayonida atrof-muhitga va odamlarga xavfli ta’sir ko‘rsatilishini istisno qilish kerak.
Ishlab chiqaruvchilar texnika vositalari, tizimlari, komponentlari va alohida texnik qismlarining texnik reglament talablariga muvofiqligi, shuningdek, quyidagilarni ta’minlashi kerak:
- texnika vositasining konstruktiv butunligi;
- texnika vositasini boshqarishni yengillashtiradigan tizimlar, xususan, boshqaruv ruli va tormozlash tizimi, shuningdek, takomillashtirilgan tormoz va barqarorlik nazoratining elektron tizimlari;
- haydovchiga ko‘ruvchanlik darajasi, texnik holat hamda atrof muhit to‘g‘risida axborot berish tizimlari, shu jumladan, oyna, ko‘zgu va ogohlantirish tizimlari;
- texnika vositasining yoritish tizimlari;
- texnika vositasining unda ishlovchilar xavfsizligini ta’minlaydigan ichki jihozlanishi;
- tovushli ishora (signal) qurilmalari;
- isitish va sovitish tizimlari;
- ruxsatsiz foydalanishning oldini olish uchun qurilmalar;
- texnika vositasini identifikatsiyalash tizimlari;
- vazni va gabaritlarining texnik tavsiflarga mosligi;
- yuk ortish-tushirish platformalari;
- orqaga yurish uzatmasi va boshqalar.