Hindiston sohillaridan 500 dan ortiq o‘lik toshbaqalar topildi

Jahon 20:06 / 18.01.2025 6231

Hindiston janubidagi Chennai sohilidan 500 dan ortiq yo‘qolib borayotgan turga kiruvchi dengiz toshbaqalari o‘lik holda topildi. Bu haqda The Times of India xabar berdi.

Qayd etilishicha, jonivorlarning ko‘zlari bo‘rtib, bo‘yinlari shishib ketgan. Taxminlarga ko‘ra, ularning aksariyati cho‘kish oqibatida nobud bo‘lgan.

Dengiz toshbaqalari muhofazasi bo‘yicha mutaxassis Supraja Dxarini mazkur holatni nazorat qilinmaydigan tijoriy baliqchilik va kalmarlarni tutishda to‘rlardan foydalanish bilan bog‘lagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, toshbaqalar tez-tez shu kabi to‘rlarga tushib qoladi va suv ostiga tortilib ketadi — ular yashashi uchun har 40-45 daqiqada suv yuzasiga chiqib turishi kerak.

Shuningdek, ta’kidlanishicha, ayrim toshbaqalar sohildan uzoqdagi hududda nobud bo‘lgan va sohilga bir necha kundan keyin tashlab ketilgan.

Butunjahon yovvoyi tabiat fondiga ko‘ra, dengiz toshbaqalarining yettita turi yo‘qolib ketish xavfi ostida. Har yili bunday toshbaqalarning 250 mingtasi baliqchilar to‘riga tushib qoladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning noyabrida Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatida so‘nggi uch haftada Kaspiy dengizi qirg‘og‘idan mingdan ortiq tyulenlarning jasadi topilgandi. Kaspiy tyuleni Qozog‘iston Qizil kitobiga kiritilgan. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Kaspiy dengizining Qozog‘iston sektori akvatoriyasida 240 mingdan ortiq individ yashaydi.

Ko‘proq yangiliklar: