Xitoyning Chjyetszyan universiteti qoshidagi Humanoid robotlar innovatsiyalari ilmiy-tadqiqot instituti va Jingshi kompaniyasi o‘zaro hamkorlikda to‘rt oyoqli robotni ishlab chiqdi. Unga “Qora pantera” nomi berildi. Dunyodagi eng tez robot it sifatida taqdim etilgan qurilma sekundiga 10 metr yoki soatiga 36 kilometr tezlikda yugura oladi.
“Qora Pantera 2.0” versiyasi 38 kilogramm og‘irlikka, 0,63 metr tana uzunligiga ega bo‘lib, “jangga moslashgan zirh” bilan jihozlangan.
Institut tadqiqotchisi Jin Yunbin robot itning yuqori tezlikda harakatlanishiga erishish uchun Gyuygens mayatnigi nomli fizik tamoyildan foydalanganini ta’kidladi —bunda robotning to‘rtala oyog‘i harakatlari muvofiqlashtiriladi. Robotning “tizza bo‘g‘imlari”ga o‘rnatilgan prujinalar harakat paytida energiya sarfini kamaytirish uchun amortizator vazifasini bajaradi.
“Qora pantera”ning “boldir mushaklari” uglerod tolali konstruksiyalar bilan mustahkamlangan. Natijada, mushaklarning qattiqlik darajasi 135 foizga oshgan, ammo konstruksiyaning umumiy og‘irligi atigi 16 foizga ko‘paygan.
Robot it uchun gepard tirnoqlariga o‘xshash maxsus “krossovkalar” ishlab chiqildi, bu esa uning yo‘lga moslashishini 200 foizga yaxshilaydi.
Kelgusida olimlar robotlarda biologik mobillikka erishish yo‘llarini o‘rganishda davom etmoqchi.
Avvalroq xitoylik olimlar fikrlarni o‘qiy oladigan “miya-kompyuter” interfeysini sinovdan o‘tkazgan edi. Sinovlarda 21 yoshli bemor ushbu interfeys yordamida fikr kuchi bilan stol tennisi o‘ynagan va nogironlar aravachasini boshqargan.