AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp XXR raisi Si Jinping bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda «Sinxua» agentligi va Trampning o‘zi xabar berdi.
Xitoy agentligi suhbat tafsilotlari haqida ma’lumot bermagan. Tramp o‘zining TruthSocial ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali ushbu qo‘ng‘iroqni «Xitoy uchun ham, AQSh uchun ham juda yaxshi», deb atagan.
«Men ko‘plab muammolarni birgalikda hal qilishimizni va zudlik bilan boshlashimizni kutyapman. Biz savdo balansi, fentatil, TikTok va boshqa ko‘plab mavzularni muhokama qildik. Rais Si hamda men dunyoni yanada xavfsiz va tinch qilish uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz», — deb yozadi Tramp.
AQSh Kongressi milliy xavfsizlikka tahdid uyg‘otishi mumkinligi sabab TikTokʼni bloklashga oid qonun loyihasini 2024 yil aprelda qabul qilgandi. O‘sha oyning o‘zida Jo Bayden qonunni imzolagan. Servisga egalik qiluvchi ByteDance kompaniyasiga uni amerikaliklarga sotishi uchun 270 kun muhlat berilgan. Ushbu muddat 19 yanvarda — Donald Trampning inauguratsiyasidan bir kun oldin tugaydi.
Bloombergʼning yozishicha, Xitoy hukumati TikTok ijtimoiy tarmog‘ining AQShdagi boshqaruvini biznesmen Ilon Maskka berish niyatida. Ammo TikTokʼning o‘zi buni rad etgan. Associated Press ma’lumotlariga ko‘ra, Bayden administratsiyasi ijtimoiy tarmoqni blokirovga qilish qarorini Trampning bo‘lajak administratsiyasiga qoldiradi.
Shu bilan birga, 17 yanvar kuni AQSh Oliy sudi TikTok qisqa videolar platformasini ByteDance kompaniyasi tomonidan sotilishi yoki milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan AQSh hududida taqiqlanishini talab qiladigan qonunni kuchda qoldirdi.