Jahon | 12:48 / 17.01.2025
2494
4 daqiqa o‘qiladi

London va Parij Ukrainaga tinchlikparvarlarni yuborishni muhokama qilmoqda

Britaniya va Fransiya Ukrainadagi urush tugasa, tinchlikparvarlar kontingentini yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Britaniya bosh vaziri Starmer hozircha yakuniy qarorga kelgani yo‘q, deb yozadi The Telegraph.

Foto: AFP

Buyuk Britaniya va Fransiya yetakchilari Kir Starmer va Emmanuel Makron Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilsa, Britaniya va Fransiya askarlarini tinchlikparvarlar kontingent sifatida Ukrainaga yuborish imkoniyatini muhokama qilmoqda, deb xabar berdi Londonning The Telegraph gazetasi 15 yanvar, chorshanba kuni kechqurun manbalarga tayanib.

Nashr manbalariga ko‘ra, Makron bu g‘oyani faol targ‘ib qilmoqda va uni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy, Polsha bosh vaziri Donald Tusk bilan muhokama qilgan. Dauning-strit va Yelisey saroyi vakillari Starmer va Makron o‘tgan hafta Buyuk Britaniya bosh vazirining Chekers qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda bu masalani muhokama qilgani haqidagi xabarlarni rad etmadi.

Muzokaralar tafsilotlari maxfiyligicha qolmoqda, biroq Britaniya hukumatidagi bir qancha yuqori martabali manbalar Starmer hali bu rejani to‘liq qo‘llab-quvvatlamaganini aytdi. «Biz nimani qo‘llab-quvvatlashimiz mumkinligi, nimani qo‘llab-quvvatlashni xohlashimiz va qo‘shinlarga qanday tahdidlar paydo bo‘lishi mumkinligi, bu keskinlashuv sifatida qabul qilinadimi yoki yo‘qmi, degan kengroq savollar haqida juda ko‘p masalalar bor», dedi The Telegraph nashriga manbalardan biri.

Buyuk Britaniya pozitsiyasi

Buyuk Britaniya hukumatining barchaga ma’lum pozitsiyasi shundaki, G‘arb ittifoqchilari Zelenskiyga maksimal darajada yordam berishlari kerak, shu bilan birga, Ukraina tinchlik muzokaralarini qachon va qanday sharoitda boshlashni o‘zi hal qilishi lozim. Vazirlar va rasmiylar AQShning saylangan prezidenti Donald Trampdan Ukraina va Rossiya o‘rtasida muzokaralar o‘tkazishga intilishni kutmoqda va ehtimoliy ssenariylarni baholashga harakat qilmoqda.

Muhokama qilinayotgan g‘oyalardan biri shundaki, G‘arb qo‘shinlari tinchlik bitimi shartlarini bajarishi mumkin. Rossiya urush paytida bosib olingan hududlarning bir qismini saqlab qolishi varianti ham ko‘rib chiqilmoqda, ammo bu masala bo‘yicha katta noaniqlik saqlanib qolmoqda.

Fransiya Ukrainaga qo‘shin kiritish bo‘yicha yashirin mashqlar o‘tkazdi

Fransiya Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini kiritish ehtimoli bo‘yicha yashirin harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. Bu haqda 15 yanvar kuni Intelligence Online nashri xabar berdi. "Persey" (Persée) mashqlari 2024 yilning kuzida Fransiyadagi poligonda 10 kun davom etdi va maxsus operatsiyalar kuchlarining (CAST) 3200 ga yaqin askarini jalb qildi. Nashrning ta’kidlashicha, ular mashqlar davomida Rossiya qo‘shinlarining Belarus hududidan Ukrainaga ehtimoliy zarbasini qaytarishni mashq qilishgan.

Mashqlar uchun tanlangan hudud o‘z xususiyatlariga ko‘ra Kiyev shimolidagi Dnipro daryosining burilishiga o‘xshaydi. Intelligence Online ma’lumotlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarning asosiy maqsadlari dron va elektron urush tizimlaridan foydalanishni mashq qilish edi. Shu bilan birga, "Persey"ning ba’zi ishtirokchilari FPV dronlarining yetishmasligidan norozi bo‘lishdi va fransuz ishlab chiqaruvchilarining ushbu turdagi dronni ishlab chiqishda ortda qolayotganidan xavotir bildirdilar, deya qayd etadi Intelligence Online.

Mavzuga oid