Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso yaqin orada Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashishini aytdi, deb yozadi Chexiyaning Irozhlas nashri 16 yanvar, payshanba kuni. «Biz yaqin kunlarda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan uchrashuvning boshqa sanasini qidirmoqdamiz», — dedi Fitso jurnalistlarga. U uchrashuv o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan joyni aniqlashtirmadi.
Fitso va Zelenskiy so‘nggi bir necha hafta davomida ochiq qarama-qarshilikka bordi, bu, birinchi navbatda, Ukraina 1 yanvar kuni Rossiya gazining G‘arbga tranzitini to‘xtatgani tufayli yuz berdi. Slovakiya bundan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlatlardan biriga aylandi. Dekabr oyi oxirida Fitso Moskvaga tashrif buyurdi va u yerda Vladimir Putin bilan uchrashib, gaz ta’minoti taqdiriga oydinlik kiritishga urinib ko‘rdi. Shu munosabat bilan Zelenskiy Fitsoni «davlat manfaatlari bilan savdo qilishda» aybladi, shundan so‘ng Slovakiya bosh vaziri Ukrainaga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qildi. Keyinchalik siyosatchilar bir qator haqoratli bayonotlar bilan almashdi.
13 yanvar kuni Robert Fitso Volodimir Zelenskiyni Rossiya gazining tranziti bo‘yicha muzokaralarga taklif qildi. «Sizning Ukraina orqali Slovakiya va boshqa iste’molchilarga gaz tranzitini to‘xtatish haqidagi qaroringiz Ukrainaning o‘ziga, xususan, Slovakiya va Yevropa Ittifoqiga katta zarar keltiradi. Bu noaniq reaksiyaga sabab bo‘ladi, bu na ikki tomonlama, na ko‘p tomonlama munosabatlarga hissa qo‘shmaydi», — deya yozdi Slovakiya bosh vaziri Facebook ijtimoiy tarmog‘ida. Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv Slovakiya hududida, Ukraina bilan chegaraga yaqin joyda bo‘lib o‘tishi mumkin. «Yaxshi. Juma kuni Kiyevga keling», deb yozgan Ukraina prezidenti X ijtimoiy tarmog‘ida bunga javoban.