Slovakiya muxolifat kuchlari yaqin kelajakda Robert Fitso hukumatiga ishonchsizlik votumini bildirishni boshlash niyatida. Bu haqda 14 yanvar, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida «Progressiv Slovakiya», «Ozodlik va birdamlik», «Xristian-demokratlar», «Slovakiya», «Xalq uchun» va «Xristian ittifoqi» partiyalari vakillari ma’lum qildi.
«Robert Fitso Slovakiyani ikkinchi o‘ringa qo‘ymoqda. Uyda bo‘lib, odamlarni tashvishga solayotgan muammolarni hal qilish o‘rniga, u dunyo bo‘ylab sayohat qilyapti, diktatorlarga ta’zim qilyapti, Vetnamda dabdabadan zavqlanyapti. U qo‘shnilarimiz va hamkorlarimizni haqorat qilyapti. Biz buni aniq qilamiz. Fitsoning Slovakiyani sharqqa burishiga yo‘l qo‘ymaymiz», deb yozadi «Progressiv Slovakiya» rahbari Mixal Shimechka. «Robert Fitso Slovakiyada hokimiyat tepasida bo‘lgan 14 yil davomida u shunchalik katta zarar yetkazdiki, ularni sanab chiqishga 10 soat yetmaydi», — dedi Shimechka.
Fitso kabinetiga ishonch masalasi parlamentda aniq qachon ovozga qo‘yilishi hozircha ma’lum emas, deb xabar beradi Reuters. Hukumatga impichment e’lon qilish uchun muxolifat parlamentda ko‘pchilik ovozga ega bo‘lishi kerak. Hozirda Slovakiya parlamentidagi hukmron koalitsiyani 150 deputatdan 76 nafari qo‘llab-quvvatlamoqda.
Fitso, gaz, Putin va Ukraina
2024 yil dekabr oyining oxirida Robert Fitso Moskvaga tashrif buyurdi va u yerda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Buning ortidan Fitso Ukrainaga elektr energiyasi yetkazib berishni cheklash bilan tahdid qildi — qishki sharoit va Rossiyaning energetika infratuzilmasiga davom etayotgan hujumlari fonida. Bunga javoban Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Putin Fitsoga «Slovakiya xalqi manfaatlari evaziga Ukrainaga qarshi ikkinchi energetika frontini ochishga ko‘rsatma berganini» taxmin qildi. Zelenskiyning eslatishicha, Fitso 1 yanvardan boshlab Rossiyadan gaz tranziti to‘xtatilgani uchun Kiyev taklif qilgan tovon pulidan bosh tortgan. Endi u «Slovakiya xalqini Ukrainaga import qilinadigan elektr energiyasi uchun yiliga kamida 200 million dollarsiz qoldirishi mumkin», deb yozgan Ukraina prezidenti dekabr oyi oxirida ijtimoiy tarmoqda.
11 yanvar kuni Slovakiya bosh vaziri «Yevropa bo‘ylab yurib, faqat tilanchilik va shantaj qilib, boshqalardan pul so‘raydigan» Ukraina prezidentidan «to‘yib ketganini» aytdi. «Bu shunchaki to‘xtatilishi kerak», dedi Robert Fitso muxolifat tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan parlament qo‘mitasi yig‘ilishida. Muxolifatchilar Fitsodan Moskvaga safari, shuningdek, Rossiya gazining Ukraina orqali tranziti to‘xtatilishi munosabati bilan Slovakiyaning keyingi qadamlarini tushuntirishni talab qildi.
13 yanvar kuni Robert Fitso Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Ukraina rahbariga murojaat qilib, unga «Zelenskiyning ish kuni tartibining jiddiyligini to‘liq anglashi» tufayli «Slovakiya Respublikasi hududida, Slovakiya-Ukraina davlat chegarasi yaqinida» uchrashishni taklif qildi. «Yaxshi. Juma kuni Kiyevga keling», deb javob berdi Zelenskiy ijtimoiy tarmoqdagi postida.