“Yashil” taraqqiyot O‘zbekistonda umummilliy harakat darajasiga ko‘tarildi – Mirziyoyev

O‘zbekiston 16:52 / 14.01.2025 911

Sammitda BAA prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim, Finlyandiya bosh vaziri Petteri Orpo hamda boshqa mamlakatlarning davlat va hukumat, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Mirziyoyev o‘z nutqida bugungi kunda energetika manbalarini diversifikatsiya qilish, ulardagi uglevodorod ulushini keskin kamaytirish – iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni ta’minlashning asosiy sharti ekanini ta’kidladi.

Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadi – ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga o‘tishdir.

– Shu bois 2025 yilni O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qildik, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident O‘zbekistonda Kam uglerodli rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya va “yashil” moliyalashtirish milliy dasturi ishlab chiqilgani, investitsiya loyihalarida “yashil” komponentlar kelgusi besh yilda 50 foizgacha ko‘paytirilishini qayd etdi.

Issiqxona gazlarini monitoring qilish va emissiya uchun kvotalar savdosi bo‘yicha milliy tizimlarni joriy etish ishlari davom etmoqda. 2030 yilga borib issiqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga qisqartirish va bu majburiyatni bosqichma-bosqich oshirib borish reja qilingan. “Yashil makon” dasturi doirasida shaharlar hududlarining kamida 30 foizi ko‘kalamzor maydonlarga aylantiriladi. Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni 100 foiz tatbiq etish tizimli choralari ko‘rilmoqda.

Mirziyoyev tez sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotning energetikaga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish uchun “yashil” quvvatlar jadal rivojlantirilayotganiga e’tibor qaratdi.

– O‘tgan 5 yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 9,6 gigavatt zamonaviy energiya quvvatlari ishga tushirildi. Jumladan, 3,5 givattli 14 ta quyosh, shamol elektr stansiyalari va 300 megavattli 2 ta saqlash tizimlari ishga tushirildi, – dedi davlat rahbari.

Hozir xorijiy hamkorlar bilan qiymati 26 milliard dollardan ziyod va umumiy quvvati 24 gigavatt bo‘lgan 50 dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. 2030 yilga qadar mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

– Bugungi kunda “yashil” taraqqiyot O‘zbekistonda umummilliy harakat darajasiga ko‘tarildi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari mazkur yo‘nalishda mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirib, Markaziy Osiyoni “yashil” iqtisodiy rivojlanish va “toza energiya” markazlaridan biriga aylantirish muhimligini qayd etdi.

Qadimgi Buyuk ipak yo‘lini o‘zaro energetik bog‘liqlik orqali tiklash yo‘lida ham ilk qadamlar tashlandi. Yaqinda COP-29 sammiti doirasida Qozog‘iston va Ozarboyjon bilan imzolangan ko‘p tomonlama bitim Yevropaga “yashil” energiyani eksport qilish imkoniyatini beradi.

– Shuni alohida qayd etmoqchimanki, “yashil” energiya sohasida Birlashgan Arab Amirliklari bizning ishonchli va strategik hamkorimizdir, dedi O‘zbekiston yetakchisi.

So‘nggi yillarda Amirliklar bilan investitsiyalar portfeli 26 milliard dollardan oshdi. Ular orasida qayta tiklanuvchi energetika loyihalari asosiy lokomotiv bo‘lmoqda.

“Masdar” kompaniyasi bilan umumiy quvvati 1,5 gigavatt bo‘lgan 5 ta elektr energiya obekti ishga tushirildi. Yana 1,6 gigavattga teng 3 ta generatsiya loyihasi va qariyb 520 megavatt soat energiya saqlash tizimlari barpo etiladi. Bu kabi loyihalar Amirliklarning boshqa yetakchi kompaniyalari hamda Saudiya Arabistoni, Qatar, Turkiya, Xitoylik sheriklar bilan ham amalga oshirilmoqda.

Mirziyoyev mamlakatimiz Markaziy Osiyoning quyosh, suv, shamol energiyasi hamda “yashil” vodorodni ishlab chiqarish bo‘yicha ulkan salohiyatini birgalikda rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, faqat O‘zbekistonning o‘zida 500 gigavatt quyosh, 100 gigavatt shamol va 10 gigavatt gidroenergetika ishlab chiqarish salohiyati mavjud. Mintaqamiz uran va o‘ta muhim strategik xomashyo zaxiralariga boy.

– Bu yo‘nalishda har bir xorijiy hamkorimizga barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz, dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Prezident anjumanda ishtirok etayotgan nufuzli ilmiy markazlar, ekspert va olimlarni Toshkentda ochilgan “Yashil” universitet bilan tadqiqotlar va innovatsiya dasturlarini amalga oshirishda faol hamkorlikka chaqirdi. Mazkur universitet negizida Yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro ilmiy tadqiqot tarmog‘ini yaratish taklif etildi.

Dubay va Bokuda bo‘lib o‘tgan “COP-28” va “COP-29” sammitlari hamda boshqa xalqaro forumlarda O‘zbekiston global iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun qator tashabbuslarni ilgari surgan edi.

Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markazni ta’sis etish, daryo ekotizimlari xavfsizligini ta’minlash, Suv tejovchi texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil qilish, O‘simliklar genetik resurslari bankini yaratish shular jumlasidan.

– Bu borada barcha hamkorlarimiz bilan amaliy ishlarni boshlashga tayyormiz, – dedi O‘zbekiston prezidenti.

Mirziyoyev joriy yil O‘zbekistonda o‘tishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyoning global iqlim muammolariga bag‘ishlangan konferensiyada umummintaqaviy Yashil taraqqiyot konsepsiyasi taqdim etilishini aytdi.

Shuningdek, sammitda ishtirok etayotgan mamlakatlar vakillari 15 may – Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yi mintaqasida bo‘ladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global yoshlar festivaliga taklif etildi.

So‘zining yakunida Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston barqaror rivojlanish va “yashil” taraqqiyot yo‘lidagi keng hamkorlikka butun dunyoga ochiqligini qayd etdi.

Ko‘proq yangiliklar: