General Kirillovga suiqasd ishi bo‘yicha yangi ayblanuvchilar paydo bo‘ldi

Jahon 21:57 / 14.01.2025 5767

Rossiya qurolli kuchlarining radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i, general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisiga suiqasd bo‘yicha ochilgan jinoiy ishda ikki yangi ayblanuvchi paydo bo‘ldi. Bu haqda «Kommersant» xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Ukraina maxsus xizmatlari (SBU) buyrug‘i bilan harbiy qo‘mondonni portlatgan O‘zbekiston fuqarosi Ahmad Qurbonovning sheriklari Shimoliy Kavkazdagi taqiqlangan tashkilot a’zolari bo‘lishi mumkin. Ular ijrochini Moskva viloyatida uy-joy bilan ta’minlagan. Kvartirani esa o‘z hujjatlaridan foydalangan holda ijaraga olishgan.

Poytaxtda kichik biznes bilan shug‘ullangan ingushetiyalik ikki shaxs Sibirda qo‘lga olindi. Ular hozircha terrorchilikda ayblanmagan; ikkalasi ham politsiya xodimlariga bo‘ysunmagani va mayda bezorilik uchun o‘n besh sutkaga ma’muriy qamoqqa olingan. Bir necha kundan keyin qamoq muddati tugaydi va aybdor deb taxmin qilinayotgan shaxslar Moskvaga jo‘natiladi. U yerda ularni Rossiya Tergov qo‘mitasi qotillik, portlovchi qurilma ishlab chiqarish va terrorchilik harakati bo‘yicha ochilgan jinoiy ish bo‘yicha tergov qiladi.

Shov-shuvli jinoyat 17 dekabr kuni sodir etilgan edi. Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston fuqarosi Ahmad Qurbonov SBU ko‘rsatmasi bo‘yicha harakat qilib, general Kirillov yashayotgan uyning kirish qismida bomba o‘rnatilgan elektr skuterni qoldirib ketgan. Harbiy qo‘mondon va unga hamroh bo‘lgan yordamchisi mayor Ilya Polikarpov skuter yonidan o‘tganida, ijaraga olingan mashina ichidan ularni kuzatib turgan Qurbonov tugmani bosib, portlovchi moslamani ishga tushirgan. Har ikki ofitser hodisa joyida halok bo‘lgan. Qurbonov mashinani tashlab, g‘oyib bo‘lgan.

Bir kun o‘tmay u Moskva viloyatining Elektrougli shahridagi ijaraga olingan xonadonda ushlandi. Ayblanuvchining aytishicha, u SBU tomonidan yollangan va 100 ming dollar va Yevropa Ittifoqi davlatlaridan birida yashash uchun ruxsatnoma olishni kutgan holda generalni portlatib yuborgan.

Ko‘proq yangiliklar: