O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Energetika vazirligi hamda BAAning “Tadweer Group” yirik kompaniyasi bilan loyihani amalga oshirish borasida kelishuvlarga erishildi.
Ta’kidlash joizki, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishgan va loyihalar ijtimoiy jihatdan juda katta ahamiyatiga ega ekanligini ta’kidlagandi.
Ma’lumot uchun, “Tadweer Group” kompaniyasi loyihasiga ko‘ra, Buxoro viloyatida 10 gektar yer maydonida qiymati 200 mln AQSh dollariga teng chiqindi yoqish zavodi quriladi va kuniga 1 500 tonna chiqindi yoqiladi. Qurilish jarayonlari 2025-yildan boshlanib, 2027-yilda Buxoroda Navoiy viloyati uchun ham qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan zavod ishga tushishi rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha orqali yiliga 547,5 ming tonna chiqindi termik usulda utilizatsiya qilinib, atrof-muhitga ta’siri kamayadi va 363 mln kVt/soat elektr energiya ishlab chiqariladi, chiqindi poligonlari 50 foizga qisqartiriladi, 21 ming xonadon elektr energiya bilan ta’minlanadi. Shuningdek, 150 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi va yiliga 350 nafar malakali mutaxassis tayyorlanadi.