14 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekiston 20:48 / 14.01.2025 1585

Mukofotlangan vatan himoyachilari, xalqaro mukofotga sazovor bo‘lgan Prezident maktabi, Toshkent uchun 1000 ta yangi avtobus va Samarqandda spirtdan zaharlanganlar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Harbiylar va huquq organlari xodimlari mukofotlandi

Bugun O‘zbekistonda Vatan himoyachilari kuni keng nishonlanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qurolli Kuchlar tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga tabrik yo‘lladi.

Shuningdek, ulardan bir guruhini davlat mukofotlari bilan taqdirladi. Mukofotlanganlar qatorida Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlari prokurorlari, Majburiy ijro byurosi direktori va Oliy sud sudyasi ham bor.

Ular tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, chegaralar daxlsizligini muhofaza qilish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari uchun taqdirlandi.

Prezident maktabi xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi

Toshkentdagi Prezident maktabi «Global o‘rta maktablar» nominatsiyasida Shayx Zoid Ol Nahayon nomidagi nufuzli mukofotni qo‘lga kiritdi. Mukofotni Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon shaxsan topshirdi.

Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, maktab o‘quvchilarini g‘alaba bilan tabrikladi.

Mahalla raislari vakolat muddati uzaytiriladi

Mahalla raislarining vakolat muddati 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi. Bu haqdagi qonun 14 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.

Qonunga ko‘ra, vakolati muddatidan ilgari tugagan hollarda yangi saylangan rais ham 5 yil muddatga tayinlanadi.

Shuningdek, mahalla raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazish vakolatlari Oliy Majlis Senati Kengashidan hududiy kengashlarga o‘tkazildi.

Samarqandda 17 kishi spirtdan zaharlandi

Samarqand shahrining Kimyogarlar qo‘rg‘onida to‘rt kun ichida 17 kishi qo‘lbola spirt iste’mol qilib, vafot etgani taxmin qilinmoqda. Yakuniy xulosa ekspertizadan so‘ng chiqadi.

Shaharning beshta mahallasi va unga yondosh bo‘lgan Past Darg‘om tumanining Nayman mahallasida payshanba-yakshanba kunlari vafot etgan jami 17 kishi metil spirtdan zaharlangani taxmin qilinmoqda.

Mahalla raisining aytishicha, birgina Nurafshon mahallasida so‘nggi 4 kun ichida 7 kishi o‘lgan. Guvohlar ular mahalladagi do‘konlarlardan birida yashirincha sotilgan spirtni baklashkada xarid qilishganini aytmoqda.

O‘lganlarning barchasi 45-65 yosh orasidagi va spirtli ichimliklarga ruju qo‘ygan odamlar bo‘lgan. Ularning faqat bir nafari ayol kishi va qolgan barchasi erkak.

Ayni paytda viloyat huquq-tartibot organlari tomonidan ekspertiza va tergov tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Toshkent uchun 1000 ta yangi avtobus

2025 yilda Toshkent shahri jamoat transporti tizimi 1000 ta yangi avtobus bilan boyitiladi. Transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lumotiga ko‘ra, ushbu avtobuslar bilan birga avtobus bekatlariga QR-kodli bir martalik qog‘oz chiptalar xarid qilish imkonini beruvchi 675 ta infokiosk o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 1 fevraliga qadar jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha yangi qaror va dastur qabul qilinishi rejalashtirilmoqda. Hozirda shahardagi umumiy infokiosklar soni 5100 tani tashkil etsa, shulardan 769 tasi avtobus bekatlarida o‘rnatilgan.

1 yanvardan naqd pulda to‘lov to‘xtatilganidan so‘ng, 10 kun davomida kunlik yo‘lovchi tashish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 43,5 foizga oshib, 1,19 million kishiga yetdi. Shuningdek, tushum 36 foizga o‘sib, 11,5 milliard so‘mga yetgan.

Xorijdagi vatandoshlar uchun yangi dastur

Xorijdagi katta yoshdagi vatandoshlar uchun O‘zbekistonda «Chinor» dasturi tashkil etiladi.

Loyihaga jalb etiladigan katta yoshdagi vatandoshlarni tanlab olishga qaratilgan nizom ishlab chiqiladi. Ishtirokchilar ro‘yxati nizom asosida shakllantiriladi va kelishiladi.

Shuningdek, vatandoshlar butunjahon qurultoyiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida xorijda hududiy vatandoshlar forumi o‘tkaziladi. Buning uchun hududiy forum konsepsiyasi ishlab chiqiladi, forum o‘tkazish joyi belgilanadi va davlatlar kesimida ishtirokchilar ro‘yxati shakllantiriladi. 

Ko‘proq yangiliklar: