Polshaning to‘rt nafar askariga 2024 yil iyun oyida tankka qarshi 240 ta minani «yo‘qotganlik» uchun qurol va o‘q-dorilarni noto‘g‘ri nazorat qilish aybi qo‘yildi. Bu haqda Poznan tumani prokuraturasi vakili Lukash Vavrinyak Reuters agentligiga ma’lumot berdi. Keyinchalik minalar IKEA omboridan topilgan.
«Ish o‘q-dorilarni tushirishdagi ehtiyotsizlik bilan bog‘liq bo‘lib, askarlar 5 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Gumonlanuvchilarning hech biri o‘z aybiga iqror bo‘lmadi», dedi Vavrinyak.
2024 yil yozida Polshaning shimoli-g‘arbiy qismidagi Shetsin shahri yaqinida askarlar harbiy texnika olib ketayotgan poyezd yukini tushirayotgan edi. Biroq, bir nechta qutilarda saqlanayotgan yuzlab minalar vagonda qolib ketdi. Keyinchalik, 16 iyul kuni ular IKEA kompaniyasiga tegishli ombordan topildi. Shu kuni qutilarni harbiy politsiya olib ketdi.
Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish hodisadan so‘ng, «barcha zarur choralar ko‘rilgani», jumladan, «xavfsizlik tartib-qoidalari» tushuntirilganini ma’lum qildi.
9 yanvar kuni Milliy mudofaa vazirligi Qurolli Kuchlarni ta’minlash inspeksiyasi boshlig‘i, general-mayor Artur Kepchinski ishdan bo‘shatildi. Ommaviy axborot vositalari buni tankka qarshi minalarning yo‘qolishi bilan bog‘ladi.