Ukraina xavfsizlik xizmati tergovchilari Kiyevda Shimoliy Koreyadan kelgan va ukrainlarga asir tushgan ikki harbiyni so‘roq qilishdi. Ukraina qurolli kuchlari harbiylari KXDR harbiylarini asir olgani haqida bir kun oldin prezident Volodimir Zelenskiy xabar bergandi.
Janubiy Koreya milliy razvedka xizmati KXDRdan ikki harbiy ukrainlarga asir tushganini tasdiqlagan, deb xabar berdi Yonhap agentligi 12 yanvar kuni. Harbiy asirlardan biri shimoliy koreyalik askarlar Rossiyada «sezilarli» yo‘qotishlarga uchraganini aytishgan, deb xabar bergan razvedkadagilar. «Biz shimoliy koreyalik asirlar bo‘yicha ma’lumot almashishda Ukraina razvedka organlari bilan yaqindan hamkorlik qilyapmiz», — degan Janubiy Koreya razvedkasi.
Ukraina xavfsizlik xizmatidagilar 2005 va 1999 yillarda tug‘ilgan ikki shimoliy koreyalik asir tushganini ma’lum qilgan. Ulardan birining yonidan Tuvada ro‘yxatdan o‘tgan boshqa bir kishi nomiga berilgan harbiy guvohnoma chiqqan, ikkinchisida esa hech qanday hujjat bo‘lmagan.
Ukraina xavfsizlik xizmati ikki harbiy asirning ko‘rsatmalarini keltirgan. Ukrainalik tergovchilar ular bilan Janubiy Koreya razvedkasi hamkorligida, koreys tili tarjimonlari orqali muloqot qilgan, chunki asirlar ukrain, rus yoki ingliz tillarini bilishmagan.
Rossiyalik harbiy guvohnomasi topilgan shimoliy koreyalik 2021 yildan buyon KXDR armiyasida o‘qchi sifatida xizmat o‘taganini aytgan. O‘zining aytishicha, u Rossiyaga Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish uchun emas, balki mashg‘ulotga kelgandi. U rossiyalik harbiy guvohnomasini 2024 yil kuzida, KXDR jangovar bo‘linmasi tarkibida Rossiya kuchlari bilan jangovar tayyorgarlikdan o‘tayotganida olgan.
KXDRdan bo‘lgan boshqa harbiy jag‘idagi jarohati tufayli yozma ko‘rsatma bergan. U KXDR armiyasida 2016 yildan buyon xizmat qilishi va razvedkachi mergan sifatida faoliyat ko‘rsatganini aytgan.
Ukraina hukumati shimoliy koreyalik harbiylar Kursk oblastidagi janglarda asir olinganini ma’lum qilgan. Ulardan birini Ukraina qurolli kuchlari maxsus amaliyotlar kuchlari harbiylari, boshqarsini — ukrain desantchilari asir olishgan. «Jyeneva konvensiyasida nazarda tutilganidek, asirga olinishi bilan xorijliklarga barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi», — deyilgan Ukraina xavfsizlik xizmati xabarida. Idora asirlar «xalqaro qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lgan zarur shart-sharoitlarda saqlanishi»ni qo‘shimcha qilgan.
Ukraina xavfsizlik xizmati KXDRdan bo‘lgan ikki harbiy asir so‘roq qilinishi aks etgan videoyozuvni namoyish etgan.
Ukraina, Janubiy Koreya va AQSh baholariga ko‘ra, Shimoliy Koreya hukumati Rossiyaga yordam uchun 10-12 ming harbiysini yuborgan. 2024 yil dekabrida Janubiy Koreya razvedkasidagilar harbiy harakatlar vaqtida kamida 100 nafar shimoliy koreyalik halok bo‘lgani, mingga yaqini jarohatlanganini xabar qildi. Volodimir Zelenskiy yanvar oyida ukrain harbiylari Kursk oblastida KXDRdan kelgan to‘rt mingga yaqin harbiyni «zararsizlantirgani»ni ma’lum qildi.