Xitoy va Buyuk Britaniya olti yillik tanaffusdan keyin moliyaviy-iqtisodiy munosabatlar bo‘yicha yuqori darajadagi muzokaralarni qayta boshladi.
Qayd etilishicha, muzokaralarda ishtirok etish uchun Pekinga Britaniya moliya vaziri Reychel Rivz tashrif buyurgan. «Bugun Britaniya va Xitoy munosabatlarining muhim bosqichi — ikki mamlakat qariyb olti yil ichida ilk bor iqtisodiy va moliyaviy muloqot o‘tkazadi», — deydi Rivz.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Britaniya hukumati XXR bilan moliyaviy, kapital bozori savdo va investitsiyalarda subsidiyalar mavzusida hamkorlikni kuchaytirish niyatida.
O‘z navbatida XXR Davlat kengashi bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifen Pekinning London bilan nafaqat savdo va investitsiyalar sohasidagi, balki yashil iqtisodiyot, qayta tiklanuvchi energiya, biologiya va tibbiyot, sun’iy intellekt borasida ham munosabatlarini yaxshilashga qiziqish bildirmoqda.
Associated Press’ning eslatishicha, ikki mamlakat o‘rtasida har yili o‘tkazib kelingan moliyaviy-iqtisodiy muzokaralar 2019 yilda COVID-19 pandemiyasi va munosabatlarning yomonlashuvi tufayli to‘xtab qolgandi.
Ammo o‘tgan yilning iyulida Britaniya bosh vaziri lavozimi egallagan Kir Starmer Xitoy bilan munosabatlarni mustahkamlashga kirishgan. Britaniya TIV rahbari Devid Lemmi oktyabrda Xitoyga tashrif buyurgan, Starmer va XXR raisi Si Jinping noyabr oyida Braziliyada o‘tkazilgan G20 sammitida uchrashgan.
Ammo muxolif Konservativ partiya Starmerning bu kabi siyosiy yo‘nalishini tanqid qilib, iqtisodiy munosabatlar xavfsizlik va inson huquqlari masalalari hisobiga rivojlana olmasligini ta’kidlamoqda. O‘z navbatida Britaniya hukumatining ma’lum qilishicha, Starmer Xitoy bilan munosabatlarga pragmatik yondashib, global barqarorlik, iqlim o‘zgarishi va qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish mavzularida ishlayotganini bildirdi.